Baqoxon Abdullaxoʻjayev
Baqoxon Abdullaxoʻjayev | |
---|---|
Tavalludi |
1871-yil |
Fuqaroligi | Buxoro amirligi |
Kasbi | Qozi |
Faoliyat yillari | 1903—1929 |
Baqoxon Abdullaxoʻjayev (1871-yil, Samarqand — ?) — qozikalon, Samarqand viloyati Diniy nazorat bo‘limi rahbari.
Yoshligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Baqoxon qozi Abdullaxoʻjayev 1871-yilda Samarqandning Qalandarxona mavzeyi, Dari Zanjir guzarida tugʻilgan. Baqoxon ikki yoshga kirganda otasidan ayriladi. Dastlab Samarqandning taniqli mudarrislaridan qori Ziyoda, keyin „Shayboniyxon“ va „Dari Zanjir“ madrasalarida mudarris Ulug‘xon Nosirxonov qo‘lida taʼlim olgan. Shundan keyin Samarqand shahridagi Orifjonboy madrasasiga oʻqishga kirib, mashhur mudarris, To‘raxon Mo‘minxonov rahbarligi ostida tahsilni davom ettiradi. 1895-yilda Buxoroga borib, „Devonbegi“ va „Mir Arab“ madrasalarida Abduroziqcha domla, G‘iyos mahdumlar domlalar qoʻlida madrasa taʼlimini yakunlaydi. Baqoxon qozi Abdullaxo‘jaev 1900-yilda Buxorodagi madrasalarni eng yaxshi baho bilan bitirgan sanoqli talabalar ichida shaxsan Buxoro amiri Abdulahadxon qo‘lidan mudarrislik yorlig‘i va pul mukofoti oladi.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Samarqandga qaytgan Baqoxon 1903-yili Mahdumi Xorazm masjidi imomi etib tayinlanadi. 1905-yilda o‘zi tahsil olgan Dari Zanjir masjidiga imom bo‘lib, shu nomdagi madrasada mudarrislik ham qiladi. 1912-yilda Samarqand viloyatining qozikaloni boʻlgan. Baqoxon Abdullaxo‘jaev sovetlar hokimiyat tepasiga kelgunicha shu lavozimni egallab turgan. Qozikalonlik davrida Buxoro madrasasida birga o‘qigan do‘sti Mahmudxo‘ja Behbudiy va u boshchiligidagi jadid maʼrifatparvarlari uchun yaxshi sharoit yaratib berishga harakat qilgan. 1916-yilda aholini mardikorlikka olishga qarshi mintinglarga qozikalon sifatida barcha qozilarni safarbar qilgan[1].
1917-yilda yuz bergan fevral voqealaridan so‘ng qozi Baqoxon Abdullaxo‘jaev jadid taraqqiyparvarlari safida bo‘ldi. Jadid maʼrifatparvarlari maxfiy „Milliy ittihod“ tashkilotini tuzib, barcha ishonchli ziyolilarni unga jalb etishga harakat qiladi. Tashkilotning qasamyodini tayyorlab, Toshkentdagi Portsova nashriyot uyida ko‘p ming nusxada nashrdan chiqaradilar. Aʼzolar varaqa oxiriga imzo qoʻyib, Qurʼoni karim va qurol bilan o‘zlarining sadoqatlarini maʼlum qilishi kerak edi. Mahmudxo‘ja Behbudiy va shogirdi Mardonqul birinchilardan bo‘lib qozi Baqoxonni yo‘qlaydilar. Baqoxon do‘stining so‘zini yerda qoldirmay varaqani imzolaydi. Behbudiy ko‘p o‘tmay amir buyrug'i bilan qatl ettirilgach, Qozi Baqoxon Abdullaxo‘jayev uning o‘rnida Samarqand taraqqiyparvarlariga ko‘makchi bo‘lgan[2].
1921-yili qozi Baqoxon Abdullaxo‘jayev va qozi Haydar Abdusaidovlar O‘ratepaga istiqlolchilar qurultoyiga borib, ularni qoʻllashini maʼlum qiladi. 1922-yilda Baqoxon o‘z hovlisida Hamroqulbekni ishonchli yigitlari bilan mehmon qilgan. Shunda istiqlolchilik kurashining hech qanday kelajagi yoʻqligi, qoʻrboshilarga urushdan chekinib boshqa yurtlarga koʻchib ketish tavsiya qiladi. Baqoxon qozi Abdullaxo‘jaev 1923-yilda Munavvarqori tashabbuskorligida ochilgan „Nashri maorif“ jamiyatiga yordam berib turgan. 1924—1928-yillarda Samarqand viloyati Diniy nazorat bo‘limini boshqargan. Shu bilan birga xalq sudida shaʼriy masalalarga oid ishlarni ham ko‘rgan. 1929-yilda sovetlar hukumati diniy ulamolarni sinf sifatida tugatishga bel bogʻlaydi. Mol mulkidan ayrilgan qozi Baqoxon Abdullaxo‘jaev shundan so‘ng farzandlari bilan kichik yerida dehqonchilik qiladi.
Qatagʻon qilinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Baqoxon Abdullaxo‘jayev 1941-yil 26-martda qamoqqa olinadi[3]. 1941-yil 8-oktyabrda kuni dindor, sobiq imom, qozi degan ayblovlar bilan O‘zSSR Jinoyat Kodeksining 58-, 66-, 67-moddalariga koʻra 10 yilga qamoqqa hukm etiladi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Baqoxon Аbdullaxo‘jaev“. 2023-yil 22-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 22-iyul 2023-yil.
- ↑ „90 йил муқаддам қатағон қурбони бўлган 173 нафар шахс оқланди“. yuz.uz. Qaraldi: 22-iyul 2023-yil.
- ↑ „Oliy sud 173 nafar qatag‘on qurbonlarini oqladi. Ular orasida Eron fuqarosi ham bor“. kun.uz (2022-yil 20-dekabr). Qaraldi: 22-iyul 2023-yil.