Bank
Bank deb, pul mablag‘larini yig‘uvchi, saqlab beruvchi, kredit- hisob va boshqa har xil vositachilik operatsiyalarini bajaruvchi muassasaga aytiladi. Banklar paydo bo'lishining asosi tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi hisoblanadi. Tovar-pul munosabatlarining yuzaga kelishi va ularning rivojlanib borishi barcha ijtimoiy-iqtisodiy tu- zumlarda banklarning mavjud bo‘lishini taqozo qiladi.Bank» italyancha «banca» so‘zidan olingan bo‘lib, «stol», aniqrog‘i, «pulli stol» ma’nosini anglatadi. 0‘rta asrlarda italiyalik puldorlar hamyonlaridagi, idishlardagi monetalarni stol ustiga qo‘yib hisob-kitob qilishgan. XII asrlarda Genuyada pul almashtiruvchilar «bancherii», deb atalgan. Agar puldorlardan birortasi ishonchni oqlamasa va o‘z ishiga mas’uliyatsizlik qilsa, u o‘tirgan stolni sindirib tashlashgan va uni «banco rotto», ya’ni bankrot, deb atashgan. Demak, bizga ma’lum bo‘lgan «bankrot» ham italyancha «banca» so‘zidan olingan. Banklar paydo bo‘lishining boshlang‘ich bosqichi XVI as- rda Florensiya va Venetsiyada tashkil qilingan kichik jirobanklar hisoblanadi. Keyinchalik shunday banklar Amsterdamda (1605), Gam-burgda (1618), Milanda, Nyurnbergda, Genuyada vujudga kelgan. Bu banklar, asosan, o‘z mijozlari — savdogar- larga xizmat qilgan.
Vazifasi va turlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bank ishining asosiy yoʻnalishlari depozit (omonat) qabul qilish, kreditlar berish va mijozlarga kredit-hisob xizmati koʻrsatishni amalga oshirish hisoblanadi. Bank qimmatbaho qogʻozlarni saqlash, saqlashga oʻtkazilgan qimmatbaho qogʻozlarni joriy boshqarish, birja topshiriqlarini bajarish, seyflarni ijaraga berish kabi pulli xizmatlar ham koʻrsatadi. Turli iqtisodiy xizmatlarni amalga oshiruviga koʻra hozirgi vaqtda bankning quyidagi asosiy turlari faoliyat koʻrsatadi: markaziy (emissiya) banki va tijorat banki.
Markaziy bank
[tahrir | manbasini tahrirlash]Markaziy bank („banklarning banki“) (Milliy bank va AQShda Federal rezerv tizimi) mamlakatning jami kredit tizimini nazorat qiladi, davlat pul-kredit siyosatini amalga oshiradi va kredit stavkasini nazorat qiladi, naqd pul va qimmatbaho qogʻozlar emissiyasi bilan shugʻullanadi, mamlakatning oltin-valuta zahiralarini saqlaydi, davlat va tijorat bankiga kreditlar beradi.
Tijorat banki
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tijorat banki oʻz navbatida universal va ixtisoslashgan banklarga boʻlinadi. Ixtisoslashgan bank investitsiya banki, jamgʻarma (omonat) banki, maxsus bank, kooperativ bank va boshqalardan iborat. Tijorat banki universal bank boʻlib jismoniy va yuridik shaxslarga xilma-xil bank xizmatlari koʻrsatadi (depozitlarni jalb etish, veksel hisobi, kredit berish, qimmatbaho qogʻozlarni sotish va sotib olish). Bu bank bank va kredit tizimining oʻzagini tashkil etadi. Universal bank hamma turdagi asosiy bank harakatlarini amalga oshiradi. Ixtisoslashgan bank biron-bir faoliyatga, sohaga va tarmoqqa xizmat koʻrsatadi. Investitsiya banki, asosan, emissiyataʼsischilik operatsiyalar bilan shugʻullanadi va qimmatbaho qogʻozlar savdosini oʻtkazadi. Maxsus bank muayyan mijozlar guruhiga xizmat koʻrsatadi yoki ayrim sohalarda ixtisoslashadi (jamgʻarma, savdo, tashqi savdo, ipoteka va boshqalar). Kooperativ bank tovar ishlab chiqaruvchilar tomonidan pay asosida barpo etiladi, taʼsischilarning kredit va bank xizmatlariga boʻlgan ehtiyojlarini qondiradi. Tarmoq va hududiy prinsiplar boʻyicha tashkil topadi, tijorat bankining bir koʻrinishi hisoblanadi.
Investitsiya banki
[tahrir | manbasini tahrirlash]Investitsiya banki korxonalarning qimmatli qogʻozlari va bondlarni chiqaradi, sarmoya boshqaruvi xizmatlari, kapital bozorda firmalarga maslahat berib boradi, birja bozorlarini yaratadi va yuritadi.
Islom banki
[tahrir | manbasini tahrirlash]Islom banklarining faoliyati Islomiy qoida va qonunlarga asoslanib olib boriladi. Bunday banklarning eng muhim jihati sarmoya yoki qarzlar uchun foiz hisobida xizmat haqi undirilmaydi, chunki bunday faoliyat Islom dinida taqiqlangan. Banklar mijozlarga moʻljallangan binolarni moliyalashtirishdan tushgan foydalar hisobiga yuritiladi.
Tashqi banklar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tashqi banklar yoki ingliz tilida 'offshoreʼ banklar past soliqli va kam cheklovli xorijiy davlatlarda joylashgan banklardir. Ularning aksariyati xususiy banklardan iborat.
Mulk shakliga koʻra turlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mulk shakliga koʻra banklarning quyidagi turlari bor: davlat banki, davlat ishtirokidagi aralash bank, davlatlararo bank, xalqaro bank, chet el sarmoyasi ishtirokidagi bank, aksiyadorlik banki, bankirlar uyi, koorperativ bank, mahalliy oʻz-oʻzini boshqarish banki, kommunal bank, xususiy bank va boshqalar.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bank ishining dastlabki belgilari quldorlik jamiyatida paydo boʻlgan. Ular asosan, savdogarlarning pul bilan bogʻliq hisob-kitob ishlarini bajargan ijro-banklar (mijozlar Oʻrtasida hisob-kitoblarni naqd pulsiz olib boradigan banklar) shaklida vujudga keldi. Shu bilan bir qatorda maxsus sarrofxonalarda sarroflar pul almashtirish va yirik pullarni maydasiga almashtirib berish ishlari bilan shugʻullangan. Bankning ayrim belgilariga ega boʻlgan muassasalar oʻrta asrlarda shimoliy Italiya shaharlarida, soʻngra Gollandiya va Germaniyaning savdo markazlarida yuzaga keldi.
Kapitalizmning vujudga kelishi va rivojlanishi bilan bankning ahamiyati ortib ketdi. Bank ishining hozirgi tamoyillari birinchi boʻlib 17-asrdan boshlab Angliyada, soʻngra boshqa mamlakatlarda yuzaga kela boshladi. Shu davrdan boshlab bank kapital va tadbirkorlikni ishga solishning maxsus bir sohasiga aylandi. bankning koʻpayishi bilan ssuda kapitali kapitalning asosiy shakllaridan biri boʻlib qoldi. Asta-sekin bank yiriklashib, ular bajaradigan operatsiyalar doirasi kengayib bordi. bank muomalaga xususiy veksellar oʻrnida ishlatiladigan kredit pullari — banknotlar (bank biletlari) chiqara boshladi. Koʻpgina mamlakatlarda cheklar bilan amalga oshiriladigan naqd pulsiz hisob-kitoblar paydo boʻldi. Kapitalizmning rivojlanishi bilan kredit va toʻlovlarda vositachilik vazifasini bajaradigan muassasalarga talab ortib bordi. bank boʻsh pul vositalarini yigʻib, ularni turli muddatlarga ssudaga berdi, ular korxonalarning joriy hisob varagʻini yuritib, korxonalar oʻrtasida oʻzaro hisobkitoblarni olib bordi. Asta-sekin bank oʻrtasida eng yiriklari paydo boʻldi. Ayniqsa, 19-asr oxiriga kelib bank ishlab chiqarishning konsentratsiyalanishi oqibatida bankning yiriklashuvi bank sonini qisqarishiga va bank monopoliyalarining vujudga kelishiga, ular oʻrtasida oʻzaro raqobat kurashining kuchayishiga sabab boʻldi. bank toʻlov va kredit operatsiyalarida vositachilik qilish bilan kifoyalanmay, sanoat korxonalari aksiyalarini sotib ola boshladi yaʼni korxonalarga egalik xuquqini rasmiylashtirishni yoʻlga qoʻydi va ularning xoʻjaliklari yoki muassislaridan biriga aylandi, yangi korxonalar taʼsis etishda hamkorlik qildi. Yirik bank va sanoat kapitalining birga qoʻshilib ketishi natijasida moliya kapitali va moliya oligarxiyasi vujudga keldi, bu oligarxiya mamlakatlarning iqtisodiy va siyosiy hayotida katta mavqeni egalladi.
Hozirgi davrda koʻpgina mamlakatlarda koʻplab (masalan, 90-yillar boshida AQShda 14,5 mingdan ortiq bank boʻlgan) bank boʻlishiga qaramay, ulardan 3—4 tasigina yetakchi oʻrinda turadi. Turli mamlakatlardagi yirik bank nihoyatda sertarmoq boʻlib, oʻz mamlakati doirasidagina emas, shu bilan birga jahonning juda koʻp mamlakatlarida boʻlim va filiallariga ega. Rivojlangan mamlakatlarda bank iqtisodiyotni boshqarish va ragʻbatlantirish muassasasi vazifalarini bajaradi. bank pul kapitalini iqtisodiyotning sohalari va tarmoqlari boʻyicha taqsimlanishida qatnashib, foyda normasining tenglashuvini taʼminlaydi.
Oʻzbekistondagi bank tizimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekistonda birinchi bank muassasasi 1875-yil Toshkentda ochilgan Rossiya imperiyasi davlat bankning filiali boʻlgan. 19-asrning oxirida Turkistonda rus kapitali ishtirokidagi Oʻrta Osiyo aksiyadorlik banki (1881), Volgakama banki (1893), Rus-Xitoy (Rus-Osiyo) banki (1903), Azov-Don savdo banki (1910), Nijniy Novgorod-Samara banki (1899), Poltava Yer banki (1901)ning filial, boʻlim va agentliklari faoliyat olib bordi.
Oktabr toʻntarishidan soʻng barcha bank sovet hokimiyati tomonidan natsionalizatsiya qilindi. Oʻzbekistonda bank tizimi 1924-yildan boshlab sobiq SSSR bank tizimining tarkibiy qismi sifatida tashkil qilindi. 1992-yilga qadar SSSR Davlat banki (1923; 1921 — 23-yillarda RSFSR Davlat banki), SSSR Qurilish banki (1959; 1922 — 59-yillarda SSSR Savdo banki), SSSR Tashqi savdo banki (1924)ning Oʻzbekiston idora (kontora)lari respublikadagi bank muassasalari ishiga rahbarlik qildi. SSSRning parchalanishiga qadar Oʻzbekistonda mustaqil bank tizimini yaratish maqsadlarida 1991-yil 15-fevralda Respublika Oliy Kengashi sessiyasida respublika hududidagi bank Faoliyatining huquqiy asoslari belgilab berilgan Oʻzbekiston Respublikasining „Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida“gi Qonuni qabul qilindi va shu vaqtdan boshlab respublikaning haqiqiy, mustaqil bank tizimi shakllana boshladi. Sobiq SSSR bankining respublika idoralari mustaqil bank sifatida OʻzR Markaziy banki tomonidan roʻyxatga olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimini shakllantirish va rivojlantirish strategiyasi iqtisodiyotni xoʻjalik yuritishning bozor sharoitlariga bosqichmabosqich oʻtkazish dasturiga mos keladi. Oʻtgan davrda bank islohotlari davomida milliy bank tizimining 2 bosqichli strukturasi (yuqori bosqichda — Markaziy bank, quyi bosqichda — tijorat banklari) huquqiy jihatdan mustahkamlandi; bankning soni va ular koʻrsatadigan xizmat turlari koʻpaydi.
1995 — 96-yillarda bank qonunchiligi yanada takomillashdi. OʻzRning „Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida“gi (1995-yil 21-dekabr) Qonuni bank tizimining huquqiy asoslarini toʻldiribgina qolmasdan, Oʻzbekiston Respublikasi markaziy bankining alohida maqomi, maqsadlari, vazifalari hamda vakolatlarini ham aniq belgilab berdi. OʻzRning „Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida“ 1996-yil 25-apreldagi yangi Qonuni esa tijorat banki faoliyatining barcha huquqiy asoslarini xalqaro standartlar darajasida belgilab berdi. Tarkibida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, 12 viloyat va Toshkent shahar boshqarmalari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki OʻzRning bosh banki hisoblanadi (1992-yil sentabrgacha sobiq SSSR Davlat bankining Oʻzbekiston boʻlimi).
Respublikada bank tizimining quyi bosqichini paychilik, aksiyadorlik asosida, shuningdek chet el kapitali ishtirokida tashkil etilgan bank, ularning filial va vakolatxonalari, kooperativ va xususiy bank tashkil etadi.
Bank sohasini monopoliyadan chiqarish bank islohotlarining eng muhim yoʻnalishlaridan biridir. Dastlabki bosqichda bu asosan iqtisodiyotning ayrim sohalariga xizmat koʻrsatuvchi ixtisoslashtirilgan bankni tuzish yoʻli bilan amalga oshirildi. Ixtisoslashtirilgan bankning tashkil etilishi bozorga yoʻnaltirilgan bank tizimini yaratish yoʻlidagi zaruriy va tabiiy bosqich boʻldi.
1995 — 96-yillarda „Asaka“ ixtisoslashtirilgan davlat-aksiyadorlik tijorat banki, „Aloqabank“ aksiyadorlik tijorat banki, „Toshkentijtimoiyuyjoy-bank“ aksiyadorlik tijorat banki, „Uzsayohatinvestbank“ Oʻzbekiston aksiyadorlik tijorat investitsiya banki va „Zamin“ ixtisoslashtirilgan davlat-aksiyadorlik ipoteka banklari tashkil etildi. „Oʻzdehqonsanoatbank“ aksiyadorlik tijorat banki „Paxtabank“ ixtisoslashtirilgan aksiyadorlik tijorat bankiga, „Oʻzjamgʻarmabank“ Xalq bankiga aylantirildi.
Tijorat banki xalq xoʻjaligining turli sohalaridagi korxonatashkilotlarini kreditlash, moliyalash va ularga hisobkitob xizmati koʻrsatishni amalga oshiradi. Bu bank toʻla mustaqildir. Ularning aksiyalari turli mulk shakllariga mansub boʻlgan korxonalar, shuningdek jismoniy shaxslar oʻrtasida taqsimlangan. Tijorat bankining xususiy zaxiralari yetishmay qolganda ular kredit resurslari bozoridan zarur pul mablagʻlarini sotib olishlari mumkin.
OʻzRning barcha mintaqalarida 800 ga yaqin filiallarga ega boʻlgan 35 Tijorat banki faoliyat koʻrsatadi, ulardan 5 tasi chet el kapitali ishtirokida, 11 tasi xususiy banklardir (2000).
Xususiy bankning huquqiy bazasini rivojlantirishda Respublika Prezidentining 1997-yil 24-apreldagi „Xususiy tijorat banklarini tashkil qilishni ragʻbatlantirish choratadbirlar toʻgʻrisida“ Farmoni muhim ahamiyatga ega boʻldi. Farmonga koʻra, respublika hududida faoliyat koʻrsatayotgan tijorat banki bilan bir qatorda xususiy bank ham tashkil etila boshladi (muassis jismoniy shaxslar hissasi bank ustav kapitalining kamida 50 % ni tashkil etishi lozim). 1998-yilda 5 ta xususiy („Alp Jamol“, „Turkiston“, „Istiqbol“, „XIFbank“ va „Oʻktambank“) bankga bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun dastlabki ruxsatnoma berildi.
1995-yil 24-oktabrda Oʻzbekiston Tijorat banki uyushmasi tashkil topdi (uning tarkibiga xususiy banklar ham kirgan).
Respublikada 1992-yildan „Oʻzbank-audit“ — banklararo aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilgan auditorlik firmasi ish olib boradi. 1996-yildan buyon „Oʻzbankaudit“ bilan bir qatorda „Deloyt end Tush“ va „Ernst end Yang“ kabi 5 ta xalqaro auditorlik konsalting firmalariga hamda „Xolis“ guruhi va „Odil audit“ mahalliy audit firmalariga OʻzR Markaziy banki tomonidan bank auditi oʻtkazish huquqini beruvchi tegishli sertifikatlar berildi. Ular banklar, kredit muassasalari, sugʻurta kompaniyalari, tashkilot va korxonalarning buyurtmasi bilan ularning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini tekshiradi (taftish qiladi), xolisona xulosalar beradi, ekspertizalar oʻtkazadi.
Hozirgi davrda Oʻzbekistonda chet el bank va xalqaro moliya muassasalari kapitali ishtirokida qoʻshma bank faoliyat koʻrsatadi. Ular jumlasiga Oʻzbekiston — Gollandiya „Oʻzprivatbank“ va „ABN Amrobank— Oʻzbekiston Milliy banki aksiyadorlik jamiyati“, Oʻzbekiston — Turkiya „OʻTbank“, Oʻzbekiston — Jan. Koreya „OʻzDEUbank“ kiradi. 13 ta chet el banki Toshkentda oʻz vakolatxonasini ochgan. Bular katorida Doyche bank, Berliner Bank, Meybank (Malayziya), Kredit Sviss (Shveysariya), „Kredi Kommersial de Frans“, „Sosyete Jeneral“ (Fransiya), Pokiston Milliy banki, Cheyz Manxetten (AQSH), „Rossiyskiy kredit“ va „Sakura bank LTD“ (Yaponiya) banklari bor.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Xalqaro valyuta fondi va Jahon bankning doimiy maslahatchilari xizmatidan foydalanadi.
2000-yil 1-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi banklari tomonidan mijozlarga 529 mlrd. soʻmlik kredit qoʻyilmalari ajratilib, shundan 237 mlrd. soʻmi qisqa muddatli, 292 mlrd. soʻmi oʻrta va uzoq muddatli kreditlarni tashkil etdi. Oʻrtacha foiz stavkasi qisqa muddatli kreditlar boʻyicha 33,7 %, oʻrta muddatli kreditlar boʻyicha 23 %, uzoq muddatli kreditlar boʻyicha 13 % dan iborat boʻldi.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |