Kontent qismiga oʻtish

Bakteriyalar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bakteriyalar (yunoncha soʻzdan olingan boʻlib bakterion tayoqcha degan maʼnoni bildiradi) – bir hujayrali mikroorganizmlarning katta guruhi; yadroga ega boʻlmagan mikroskopik organizmlar hisoblanib ular 2 xil guruhga boʻlinadi eukariot va prokariotlar. Bakteriyada hujayra pardasi, koʻp miqdorda dezoksiribonuklein kislota (DNK) va sodda yadro mavjud. Mitoxondriy va xloroplastlar odatda, boʻlmaydi, yadroning xromosomalari va qobigʻi koʻzga koʻrinmaydi. Bakteriyalar koʻndalangiga boʻlinish (baʼzan choʻzilish yoki kurtaklanish) yoʻli bilan koʻpayadi. Bakteriyalarning koʻp turi tayoqcha shaklida boʻladi. Biroq sharsimon, ipsimon yoki buralgan shaklli mikroorganizmlar uchraydi. Bakteriyaningning fiziologik xususiyatlari nihoyatda xilma-xil, ular biokimyoviy jihatdan juda faol. Bakteriyalar tuproqda, suvda, suv havzalari zaminida va boshqa joylarda tarqalgan. Ular yagona bir guruh boʻlmay, har xil yoʻllar bilan vujudga kelgan organizmlardir. Baʼzi bakteriyalar (masalan, ipsimon, azotobakter va boshqalar) koʻk-yashil suvoʻtlarga yaqin, ayrim bakteriyalar esa nursimon zamburugʻlar yoki aktinomitsetlar bilan urugʻdosh; spiroxetalar va boshqa baʼzi bakteriyalar bir hujayrali sodda hayvonlarga oʻxshaydi. Bakteriyalarning katta kichikligi, shakli, tuzilishi, harakatchanligi har xil. Sharsimon bakteriyalarning diametri, odatda, 1-2 mkm, tayoqcha shaklidagilarining yoʻgʻonligi 0,4 dan 0,8 mkm gacha, uzunligi 2-5 mkm boʻladi. Baʼzan juda yirik bakteriyalar ham uchraydi. Masalan Thiophysa macrophusaHHHr diametri 20 mkm, juda mayda bakteriyalar ham bor. Ayrim bakteriyalar shu qadar maydaki, hatto bakterial filtrdan ham oʻtib ketadi. Sharsimon bakteriyalar kokklar deb ataladi. Agar kokklar koʻndalangiga boʻlinish yoʻli bilan koʻpaysa va boʻlingandan keyin bir-biriga qoʻshilganligicha qolib zanjir hosil qilsa, streptokokklar deyiladi. Hujayralar uchta oʻzaro tik yoʻnalishda boʻlinsa, hujayralar xaltachasi (paketi)ni hosil qiladi, bunday shakl sarsinalar uchun xos. Kokklar har xil yoʻnalishda boʻlinsa, hujayralarning uzum boshining gʻujumi shaklidagi toʻplami hosil boʻladi, bunday shakl stafilokokklarga taalluqli. Sporalar hosil qiladigan tayoqchasimon turlari batsillalar deyiladi. Tayoqchasimon bakteriyaning uchlari tekis „qirqilgan“ yoki doʻngroq boʻlishi mumkin. Bular alohida yoki, baʼzan, zanjir shaklida joylashadi. Uzun ip hosil qiladigan ipsimon bakteriyalar, asosan, suvda yashaydi. Vergul shaklidagi bakteriyalar vibrionlar, yoʻgʻon spiralsimon buralganlari spirallar, bir nechta bir xildagi ingichka buramalilari spiroxetalar deyiladi. Elektron mikroskopda qaralganda bakteriyaning hujayra pardasi bir necha (odatda, uch) qavat ekanligi koʻrinadi. Uning tarkibiga muramin kislota, aminokislotalar, lipidlar, glyukozamin va boshqa birikmalar kiradi. Hujayra pardasi ostida sitoplazmatik membrana bor, shu membrana moddalar almashinuvida muhim rol oʻynaydi. Sitoplazmada ribosomalar boʻlib, ular tarkibiga RNK kiradi. Bakteriya hujayrasida DNK iplari bor, ular qobiqsiz yadro, yaʼni nukletoid hosil qiladi. Bakteriya yuqori temperaturaga, odatda, chidamsiz, quritish, oftob, har xil kimyoviy moddalar bakteriyani oʻldiradi (dezinfeksiya, sterillash). Bakteriya sovuqqa juda chidamli, shu tufayli tuproqda qishlab chiqa oladi. Bakteriyaning koʻpi oval yoki yumaloq shaklli sporalar hosil qiladi. Bakteriya sporalari yuqori temperatura va zaharli moddalar taʼsiriga juda bardoshli. Sporalar qulay muhitga tushganda ulardan tayoqchasimon yoki vegetativ hujayralar paydo boʻladi. Bakteriyaning rivojlanish sikli har xil. Masalan: mikobakteriyalar boʻlinish yoʻli bilan ham, kurtaklanish yoʻli bilan ham koʻpayadi. Miksobakteriyalarning vegetativ hujayralari qisqaradi va kichrayib, yumaloq yoki oval shaklli mikrotsistalar hosil qiladi. Koʻpchilik bakteriyalar organik moddalarni, baʼzilari anorganik moddalarni oksidlash yoʻli bilan energiya oladi. Faqat kislorodli muhitda yashay oladigan bakteriyalar aeroblar, kislorodsiz muhitda yashaydigan bakteriyalar anaeroblar deyiladi. Aerob nafas olish vaqtida organik birikmalar oksidlanib, karbonat angidrid ajralib chiqadi. Anaerob sharoitda organik birikmalarning parchalanishi va bunda energiya ajralib chiqishi bijgʻish deyiladi.

Tabiatda va xalq xoʻjaligida bakteriyalarning ahamiyati juda katta. Bakteriyalar tirik xujayralar tarkibiga kiradigan hamma kimyoviy elementlarning tabiatda aniqlanishida ishtirok etadi. Oʻsimlik va hayvon qoldiqlari sellyuloza, pentozalar, kraxmal, pektin moddalar va boshqalarni oʻzlashtira oladigan mikroorganizmlar ishtirokida parchalanib, pirovardida karbonat angidrid bilan suvga aylanadi. Tabiatda azot aylanishida ham mikroorganizmlarning roli katta. Hayvonlar oʻziga zarur azotli birikmalarni oʻsimlik oqsillaridan hosil qiladi. Hayvon va oʻsimlik oqsillari Bakteriya taʼsirida minerallashib, avval ammiakka, keyin nitrit va nitratlarga aylanadi. Ammoniyli tuzlar ham, nitratlar ham yuksak oʻsimliklar uchun oziq boʻladi, ular shu tuzlardan foydalanib, oʻz tanasida oqsil hosil qiladi. Bakteriyalar boshqa biogen elementlarni ham minerallashtiradi. Ular organik fosfor birikmalarini parchalab, suv havzalari va tuproqda fosforning mineral birikmalarini koʻpaytiradi. Bakteriya taʼsirida oltingugurtning organik birikmalari ham minerallarga aylanadi. Bakteriya genetika, biofizika, kosmik biologiya va boshqa sohalarga oid umumiy masalalarni hal qilish uchun eng yaxshi obʼyektdir. Bakteriyalar kulturasidan aminokislotalar, vitaminlar va antibiotiklarni miqdor jihatidan aniqlashda foydalaniladi. Tuproq unumdorligi bakteriyaning hayot faoliyatiga bogʻliq. Pektin moddalarni bijgʻitadigan Bakteriya yordamida zigʻir, kanop va boshqa tolali oʻsimliklar ivitiladi. Sutdan qatiq, sariyogʻ, pishloq va boshqa mahsulotlar tayyorlashda ham bakteriyaning har xil turlaridan foydalaniladi.

Sanoatda bakteriyaning tegishli turlari yordamida kraxmalli yoki boshqacha xom ashyodan sut (laktat) kislota, atseton, etil spirt, butil spirt va boshqa spirtlar, dekstrin, diatsetil, antibiotiklar, vitaminlar, aminokislota va boshqa olinadi.

Bakteriyadan ferment preparatlari tayyorlashda ayniqsa koʻp foydalaniladi. Shu bilan birga, bakteriyaning koʻpgina turlariga qarshi kurash olib borishga ham toʻgʻri keladi, chunki ular don-dun va boshqa masalliqlarni, har xil xom ashyo, material va buyumlarni buzadi. Odam va hayvonlarda uchraydigan koʻpgina kasalliklar (masalan, ich terlama, vabo, sil, kuydirgi va boshqalar)ni bakteriya keltirib chiqaradi.

Odam va hayvonlarda kasallik qoʻzgʻatadigan bakteriya patogen bakteriya deb ataladi. Fitopatogen bakteriya yovvoyi oʻsimliklarda ham, ekinlarda ham koʻpgina kasalliklarni vujudga keltiradi. Kasallik qoʻzgʻatadigan bakteriyaga qarshi aseptika va antiseptika choralari koʻriladi, shuningdek, bakteriostatik va bakteritsid moddalar ishlatiladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil