Kontent qismiga oʻtish

Bachadon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bachadon yoki matka (bacha — „bola“ + -don; lotincha: uterus, grekcha: ὑστέρα) — ayollarda va urgʻochi sut emizuvchi hayvonlarda homila oʻsib rivojlanadigan ichki organ.

Ayol bachadonining homiladorlik paytida kattalashishi

Ayollarda bachadon siydik pufagi orqasida, toʻgʻri ichak oldida joylashgan boʻladi. Bola koʻrish yoshidagi ayolda bachadon oʻrtacha 7.5 sm uzun, 5 sm keng va 2.5 sm chuqur boʻladi.[1] Sogʻlom bachadon toʻnkarilgan nok shaklida boʻladi, ichi boʻsh va atrofi qalin muskullar bilan oʻralgan boʻladi. Har biri tuxum bilan toʻldirilgan tuxumdonlarga tutashgan ikkita trubka matkaga yuqori ikki tomondan ulanib turadi.

Bachadonning tanasi, tubi va boʻyni boʻladi. Bachadon tanasi va tubi qovuq yuzasi bilan qovuq ustida oldinga bir oz bukilib joylashgan, orqa yuzasi toʻgʻri ichakka yuzma-yuz turadi. Bachadon boʻynining bir qismi qin ichiga kirgan boʻlib, shu yerda bachadon teshigi qinga ochiladi.

Bachadon devori ichki — shilliq qavat (endometriy), oʻrta — muskul qavat (miometriy) va tashqi — seroz qavat (qorin pardasi)dan iborat. Shilliq qavat bachadon naylari shilliq qavatining davomidir. Bachadon ichida shilliq qavat burmalari yoʻq, asosan mayda bezlar uchraydi. Shilliq qavat bachadon boʻynida qalinlashib, burmalari va shilliq bezlari boʻladi, u har oyda hayzga tayyorlanadi; bunda bachadonning yuza joylashgan shilliq qavati markaziy nerv sistemasi hamda gipofiz va tuxumdondan ajralgan gormonlar (follikulin, progesteron) taʼsirida qalinlashadi, har oyda bir marta koʻchib, qon bilan ajraladi.

Muskul qavat yaxshi rivojlangan, qon tomirlarga boy silliq muskul uch qavat boʻlib joylashgan. Seroz qavat bachadon oldi va orqa yuzalarini qoplab, ikki yonboshida keng boylam hosil qiladi; shu boylam oraligʻida biriktiruvchi toʻqima qatlami (parametriy) boʻladi.

Bachadon boʻshligʻi uchburchak shaklda boʻlib, uni katta-kichik bir necha boylam va chanoq tubining muskullari oʻz oʻrnida ushlab turadi. Bachadon boʻynining ichki yuzasi shilliq qavat burmalaridan iborat boʻlib, silindrsimon epiteliy bilan qoplangan; boʻyin devoridagi bezlar sekret chiqaradi; u ishqoriy reaksiyaga, bakteritsid xususiyatga ega. Uning bu xususiyati bachadonga infeksiya tushishiga yoʻl qoʻymaydi; bundan tashqari, spermatozoidning harakatchanligini oshirib, uning bachadonga kirishini taʼminlaydi.

Bachadon ancha harakatchan boʻlib, qovuq hamda toʻgʻri ichak toʻlganda, homiladorlikda va boshqa fiziologik holatlarda oʻz shaklini oson oʻzgartira oladi. Homiladorlikda muskul tolalarining yoʻgʻon tortishi va yangi tolalar paydo boʻlishi hisobiga bachadon kattalashadi. Homila tugʻilgach bachadon qisqaradi va yangi tolalar yoʻqolib ketadi.

Tugʻruqdan keyin tezda jismoniy ish qilganda chanoq tubining muskullari va boshqa boylamlari boʻshashib, bachadon tushishi mumkin.[2]

Urgʻochi hayvonlarda bachadon naylari kengaygan boʻlib, homilani saqlay oladi; shu sababli ular koʻp bolalaydilar. Ayrim chuvalchanglar, boʻgʻimoyoqlilar, molluskalar va boshqalarda bachadonga oʻxshash tuzilmalar bor, shuningdek suvda va quruqda yashovchilar, baʼzi sudralib yuruvchilar va barcha sut emizuvchilarda bachadon oʻziga xos tuzilishga ega. Bachadonda tuxum yoki pusht rivojlanadi. Tuxum qoʻyadigan hayvonlarning yetilgan tuxum hujayrasi bachadonda vaqtincha joylashadi.[3]

  1. „What Is Considered a Small Uterus?“. WiseGEEK. Qaraldi: 21-yanvar 2013-yil.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  3. "Bachadon" OʻzME. B-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Ahmedov N. K., Shomirzayev N. H., „Normal va topografik anatomiya“, T., 1991