Ayn al-Varda jangi
Ayn al-Varda jangi | |||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|
Ikkinchi fitnaning bir qismi | |||||||
| |||||||
Qoʻmondonlar | |||||||
Ubaydulloh ibn Ziyod Husayn ibn Numayr al-Sakuniy Shurahbil ibn Ziʼl Kalaʼ al-Himyariy |
Sulaymon ibn Surod † Rifoʼa ibn Shaddod | ||||||
Kuchlar | |||||||
20,000 | 3,000 |
Ayn al-Varda jangi (arabcha: مَعْرَكَة عَيْن ٱلْوَرْدَة) 685-yilning yanvar oyi boshida Umaviylar qoʻshini bilan Tavvabinlar oʻrtasida kechgan jang[lower-alpha 1]. Tavvabinlar paygʻambar Muhammadning sahobasi Sulaymon ibn Surod boshchiligidagi kufalik Alilar tarafdorlari boʻlib, Husayn ibn Aliga 680-yilda Umaviylarga qarshi muvaffaqiyatsiz qoʻzgʻolonda yordam bera olmagani uchun kafforat qilmoqchi boʻlishgan. Alilar tarafdorlari boʻlmish kufaliklar Husaynni Umaviylar xalifasi Yazid I ga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarishga undashgan, biroq 680-yilda Karbalo jangida unga yordam berishmagan va aynan oʻsha jangda Husayn oʻldirilgan. Dastlab kichik guruh boʻlgan Tavvabinlar, keyinchalik, 683-yilda Yazid I ning vafotidan keyin Iroqda koʻpchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlangan. Tarafdorlarning aksariyati Ubaydulloh ibn Ziyod qoʻmondonligi ostidagi Umaviylarning koʻp sonli qoʻshini Iroqqa hujum qilishga tayyorgarlik koʻrayotgan bir vaqtda Tavvabinlarni tashlab, shimoliy Suriyaga qochib ketishgan. Ras al-Aynda boʻlib oʻtgan uch kunlik jangda Tavvabinlarning kichik qoʻshinlari yoʻq qilingan, uning yuqori martabali rahbarlari, jumladan, Ibn Surod oʻldirilgan. Shunga qaramay, bu jang Muxtor at-Saqafiyning keyingi muvaffaqiyatli harakati uchun asos boʻlgan.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Birinchi Umaviy xalifasi Muoviya I 676-yilda oʻgʻli Yazidni merosxoʻr etib tayinlaganida koʻpchilik bunga qarshilik bildirgan, chunki irsiy vorislik arab odatlariga begona edi. Islom dini tamoyillariga koʻra, musulmon jamiyati ustidan oliy hokimiyat hech kimga tegishli emas edi. Muxolifatni bir nechta taniqli sahobalarining oʻgʻillari boshqargan[4]. Ular hokimiyatga Yazidning tayinlanishini tan olishdan va buning uchun pora olishdan bosh tortishgan[5].
Koʻpchilik Yazidga qarshilar Madinada yashar edi. 680-yilning aprel oyida Muoviya I ning vafotidan keyin Yazid I Madina hokimiga oʻzining xalifa etib tayinlanishi uchun barcha raqiblarining roziligini olishni buyurdi. Ulardan Husayn ibn Ali va Abdulloh ibn Zubayr hokimdan qochib, Makkaga ketishdi[4]. U yerda Husaynga Iroqning Kufa shahridan turib maktublar yuborishdi va uni Yazidga qarshi harakat boshlash hamda otasi Aliga (h. 656–661) tegishli boʻlgan hokimiyatni qaytarib olishga undashdi. Husayn amakivachchasi Muslim ibn Oqilni uning kelishiga hozirlik koʻrish maqsadida Kufaga yubordi. Ibn Oqil Husaynga Kufada ahvol yaxshiligini bildirib, uni bu yerga kelishga undadi. Oradan koʻp oʻtmay, Ibn Oqil Umaviylar hokimi Ubaydulloh ibn Ziyod tomonidan qoʻlga olinib, qatl etildi va uning tarafdorlari tomonidan uyushtirilgan harakatlar bostirildi. Vaziyatdan bexabar qolgan Husayn Kufaga joʻnab ketdi. Uni Yazidga qarshi undagan va bu ishda yordam berishga vaʼda qilgan kuchlar Husaynning qoʻlga olinishi chogʻida yordam berish uchun yetib kelishmadi. Natijada, Husayn shahar tashqarisida qoʻlga olinib oʻldirildi[6].
Tomonlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tavvabinlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Husaynning Kufadagi tarafdorlaridan baʼzilari oʻzlarini tavvabinlar deb atadilar va uning oʻldirilishida oʻzlarini aybdor deb bildilar. Rahbarlariga yordam berolmagani va bu vaziyatda uni tark etganliklari uchun kafforat qilishni maqsad qilishdi. Islom dinida oʻz joniga qasd qilish harom ekanini hisobga olib, qirgʻinchilarga qarshi kurashda najot va shahidlikka erishish uchun oʻzlarini qurbon qilishga qaror qildilar. Harakat rahbari etib Muhammadning sahobasi va Alining eski ittifoqchisi Sulaymon ibn Surod saylandi[7]. Bu orada Yazid 683-yilda vafot etdi va Umaviylar hokimiyati zaiflashdi. Natijada, bu narsa Ikkinchi fitna deb nomlanuvchi fuqarolar urushiga sabab boʻldi. Ibn Ziyod Iroqdan quvildi va Suriyaga qochib ketdi. Bu esa tavvabinlarga harakat qilish imkoniyatini berdi. Umaviylarga qarshi keng koʻlamli qarshi harakat boshlandi. Dastlab ushbu harakat katta muvaffaqiyatga erishdi va 16 000 kishini oʻziga qoʻshib oldi. Biroq urush boshlash uchun yoʻlga hozirlik koʻrish chogʻida atigi 4000 nafar kishi Tavvabinlar safiga kelib qoʻshildi, ulardan 1000 nafari safar chogʻidayoq Tavvabinlarni tashlab ketdi[8]. Qolgan Tavvabinlar Furot daryosi boʻylab Jazira (Yuqori Mesopotamiya) tomon harakatlanishdi. Qoʻshindagilarning barchasi yaxshi tayyorgarlik va qurol-aslahaga ega edi[9].
Umaviylar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yazidning vorisi Muoviya II ning qisqa muddat davom etgan hukmronligi bir necha haftadan soʻng uning vafoti bilan oʻz yakuniga yetdi. Sufyoniy[lower-alpha 2] Muoviyaning oʻrniga hokimiyat uchun munosib nomzod boʻlmaganligi uchun Suriyadagi Umaviylarga sodiq kishilar Muoviya I ning amakivachchasi Marvon ibn al-Hakamni xalifa etib sayladilar. Marvonning tayinlanishiga esa Banu Qays boshchiligidagi bir necha shimoliy Suriya qabilalari qarshi chiqdi, ular Makkada Abdulloh ibn az-Zubayrni qoʻllab-quvvatlashdi[10]. Marvon Marj Rahit jangida (684) 6000 kishilik kichik qoʻshin bilan ularni magʻlub etdi. Gʻalabadan keyin esa Ibn Ziyodni Iroqqa qaytarib yubordi. Viloyatni qayta egallashga oʻz qoʻshinlarining kuchi yetarli emasligini anglagan Ibn Ziyod turli Suriya arab qabilalari, jumladan, Marj Rahit jangida Marvonga qarshi chiqqan qabilalarni jalb qilib, Umaviylar qoʻshinini kuchaytirishga kirishdi. Ibn Ziyod tavvabinlar bilan toʻqnash kelgan vaqtda suriyaliklardan iborat ulkan qoʻshin tuzgan edi[11].
Jang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tavbachilar Suriya tomon yurishlarida al-Qarqisiyada qisqa vaqt toʻxtashdi. Oʻtgan yilgi boʻlib oʻtgan Marj Rahit jangidan boʻlgan qaysiy qochqinlari oʻsha yerga oʻrnashib, Tavvabinlarga moddiy yordam berishdi. Qaysiylar boshligʻi Zufar ibn al-Horis al-Kilobiy Ibn Surodga Umaviylar qoʻshinlarining joylashuvi toʻgʻrisida xabar berib, unga Ayn al-Vardaga (zamonaviy Ras al-Aynga tegishli) yurishni va u yerga Umaviylardan oldin yetib borishni maslahat berdi. Oradagi koʻp sonli tafovutni hisobga olgan holda Zufar Surodni jangovor toʻqnashuvlardan qochishga, oʻz otliqlarini kichik boʻlinmalarga boʻlib, dushmanning qanotlariga qarshi doimiy toʻqnashuvlar olib borishga, ularga qarshi oʻqlar otib, ochiq maydonda zarba berishga undadi. Chunki raqib qoʻshinlarining soni ularnikidan ancha koʻpligini, dushmanning ularni qurshab olmasligiga ishonch hosil qilgan holda harakat qilishini taʼkidladi[11]. Tavvabinlar qoʻshinida piyoda askarlar yoʻqligini payqagan Zufar zarur vaqtda har ikki askardan biri otliq, ikkinchisi piyoda jang qilishi uchun otryadlarni juftlashtirishni maslahat berdi. Zufar tavvabinlarning harakatlaridan umid koʻrmay, toʻgʻridan-toʻgʻri ularning safiga qoʻshilishdan oʻzini tiydi[11]. Shunga qaramay, Ibn Surodga al-Qarqisiyada qolib, u bilan birga Umaviylarga qarshi jang qilishni taklif qildi, lekin Ibn Surod ushbu taklifni rad etdi[8].
Zufarning maslahatiga binoan Tavvabinlar Ayn al-Varda tashqarisida qarorgoh qurishdi. Umaviylar qoʻshini yetib kelgunga qadar besh kun dam oldilar. Askarlarning umumiy soni 20 000 nafarni tashkil etgan edi, biroq ikki dala qoʻmondoni oʻrtasidagi kelishmovchiliklar tufayli qoʻshin ikki qismga boʻlinib ketdi[11]. 8000 ga yaqin lashkar Shurahbil ibn Zil-Kalo, qolganlari Husayn ibn Numayr qoʻmondonligi ostida qoldi. Shurahbil Ibn Numayrdan oldinroq kelib, qarorgoh tuzdi[12]. Tavvabinlar Shurahbilga qarshi hujum qilishdi va natijada, uning askarlari qochib ketdi[11]. Ertasi kuni Ibn Numayr askarlari bilan yetib keldi. U tavbachilarni taslim boʻlishga chaqirdi, ular oʻz navbatida Umaviylar qoʻshinini taslim qilishni va Husaynning oʻlimiga aloqadorligi uchun Umaviylar qoʻshinlarining oliy qoʻmondoni Ibn Ziyodning oʻldirilishini talab qildilar. Jang 4-yanvar, chorshanba kuni boshlandi[lower-alpha 3]. Ibn Surod Tavvabinlarni uch guruhga boʻlib, ulardan ikkitasini Umaviylar qanotlariga hujum qilish uchun yubordi, oʻzi esa markazda qoldi. Birinchi kuni tavvabinlar Ummaviylarni qaytarishga muvaffaq boʻldi, ammo ertasi kuni Ibn Ziyod Shurahbilni Ibn Numayr qoʻmondonligida jangga qaytardi va Umaviylar qoʻshinining son jihatdan koʻpligi ularning ustunlikni oʻz qoʻllariga ola boshlashiga sabab boʻldi. Tavvabinlar katta talofatlarga uchradilar[12]. Jangning uchinchi kuni Tavvabinlar butunlay qurshab olindi. Ibn Surod oʻz odamlariga otdan tushib, yakkama-yakka jang qilish uchun piyoda yurishni buyurdi. Umaviylar qoʻshini ularning ustiga oʻqlar yogʻdira boshladi va natijada, Tavvabinlar deyarli yoʻq qilindi. Ibn Surod oʻqdan yaralandi, qolgan toʻrt qoʻmondondan uchtasi ketma-ket halok boʻldi. Nihoyat, Tavvabinlarning bayrogʻi oxirgi qoʻmondon Rifoʻa ibn Shaddodga oʻtdi[11]. Bu vaqtda Tavvabinlar al-Madoin va oʻzlarining basralik tarafdorlari ularga qoʻshilish uchun yoʻlda kelayotganligi haqidagi xabarni[12] oldilar, ammo Tavvabinlarning oʻzi bu vaqtda allaqachon magʻlubiyatga uchrab boʻlgan edi. Shuning uchun qoʻshimcha kuchlarni kutish oʻrniga Rifaʼa bir necha omon qolganlari bilan birga orqaga chekindi va tunda al-Qarqisiyaga qochib ketdi[11].
Urush oqibati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Omon qolgan oz sonli Tavvabinlar qurbonlik vaʼdalarini bajarmaganliklari uchun pushaymon boʻlishdi[9]. Ular Karbalo jangida Husaynga yordam berishdan oldin Umaviylar qoʻmondoni tomonidan toʻsqinlik qilgan yana bir Alilar tarafdori yetakchisi Muxtor as-Saqafiyga qoʻshilish uchun borishdi. Muxtor Tavvabinlar harakatini tashkilotchilik va siyosiy dasturning yoʻqligi uchun tanqid qilgan edi. Ibn Surod ketishi bilan Muxtor Alilar tarafdorlari boʻlgan kufaliklarning soʻzsiz yetakchisiga aylandi. Uning uzoq vaqtdan buyon tuzib kelayotgan rejalari va yanada uyushgan harakati mavjud edi. Muxtor Tavvabinlarning „Husayn uchun qasos“ shiorini oʻzlashtirib oldi, shuningdek, Alining oʻgʻli Muhammad ibn al-Hanafiyya nomiga Alilar xalifaligini ham barpo etishga qaror qildi[10]. Muxtor sof arab harakati boʻlgan „Tavvabinlar“ harakatidan farqli oʻlaroq, mahalliy arab boʻlmagan, biroq islom dinini qabul qiluvchilarga (mavoliylar) ham murojaat qilgan. Bundan tashqari, u nufuzli harbiy qoʻmondon va Naxa qabilasi boshligʻi Ibrohim ibn Molik al-Ashtarni ham oʻziga jalb qila oldi[6]. U oʻzining birlashgan qoʻshinlari bilan 685-yilning oktyabr oyida Kufaning sharqiy va shimoliy qaramliklarini egallab oldi. Keyinchalik, Umaviylarga qarshi jang qilish uchun Ibn al-Ashtar boshchiligida, asosan, piyoda askarlardan iborat boʻlgan 13 000 kishilik katta va professional qoʻshin yubordi. Ibn al-Ashtar Xazir jangida Umaviylar qoʻshinini yoʻq qilib, Ibn Ziyod, Ibn Numayr va Shurahbilni oʻldiradi[9]. Muxtor Iroqning koʻp qismini, shuningdek, Jaziraning bir qismini, Arminiyani hamda gʻarbiy va shimoliy Eronning bir qismini (Eron Ozarbayjoni va Jibal)[10] oʻlimiga qadar nazorat qildi. 687-yil aprel oyida esa Basraning Zubayrid hokimi Musʼab ibn az-Zubayr tomonidan oʻldirildi[10].
Izohlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Tavvabinlar harakatiga asosiy manba sifatida iroqlik tarixchi Abu Mixnaf (774 yilda vafot etgan) asari olingan[1][2]. Tarixchi Gernot Rotterning fikricha, odatda, ishonchli hisoblangan Abu Mixnaf tomonidan berilgan maʼlumotlar bu borada toʻliq ishonchli emas[3]
- ↑ Abu Sufyonning avlodlari, Muoviya va Yazidning urugʻidan.
- ↑ Rotterning soʻzlariga koʻra, bu sana soxta boʻlib, jang 685-yilning yozida boʻlgan boʻlishi mumkin. .[3]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Wellhausen 1901, s. 74.
- ↑ Rotter 1982, s. 93.
- ↑ 3,0 3,1 Rotter 1982, s. 98.
- ↑ 4,0 4,1 Hawting 2000.
- ↑ Wellhausen 1927.
- ↑ 6,0 6,1 Daftary 1990.
- ↑ Halm 1997.
- ↑ 8,0 8,1 Jafri 2000.
- ↑ 9,0 9,1 9,2 Wellhausen 1901.
- ↑ 10,0 10,1 10,2 10,3 Donner 2010.
- ↑ 11,0 11,1 11,2 11,3 11,4 11,5 11,6 Kennedy 2001.
- ↑ 12,0 12,1 12,2 Hawting 1989.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Donner, Fred M.. Muhammad and the Believers, at the Origins of Islam. Cambridge, Massachusetts: Harvard University Press, 2010. ISBN 978-0-674-05097-6.
- The History of al-Ṭabarī (40 vols), SUNY Series in Near Eastern Studies.. Albany, New York: State University of New York Press, 1985–2007. ISBN 978-0-7914-7249-1.
- Halm, Heinz. Shia Islam: From Religion to Revolution. Princeton: Markus Wiener Publishers, 1997. ISBN 1-55876-134-9.
- Jafri, S. M.. The Origins and Early Development of Shi'a Islam. Oxford: Oxford University Press, 2000. ISBN 0195793870.
- Kennedy, Hugh. The Armies of the Caliphs: Military and Society in the Early Islamic State. London and New York: Routledge, 2001. ISBN 0-415-25093-5.
- Rotter, Gernot. Die Umayyaden und der zweite Bürgerkrieg (680-692) (German). Wiesbaden: Deutsche Morgenländische Gesellschaft, 1982. ISBN 9783515029131.
- Wellhausen, Julius. Die religiös-politischen Oppositionsparteien im alten Islam (German). Berlin: Weidmann'sche Buchhandlung, 1901. OCLC 453206240.