Arxitekturada gotika uslubi
XII asrning ikkinchi yarmidan boshlab Yevropa davlatlari shaharlarida savdo va hunarmandchilik tez rivojlanadi. Shaharlar iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayot markazlariga aylanadi. Buning natijasida arxitektura sohasida yangi uslub— gotika uslubi shakllanadi va rivojlanadi. Rim uslubining asosiy xususiyati ogʻir tosh konstruksiyalaridan iborat edi. Gotika uslubi esa yengil karkas konstruksiyalariga asoslangan. Yevropa davlatlarida shaharlar asosan savdo yoʻllari kesishgan joylarda shakllanadi. Savdo yoʻllari kesishgan joyda bozor maydoni hosil boʻladi. Bozor maydoniga yaqin joyda shahar asosiy ibodatxonasi va shahar hokimiyati binosi-ratusha quriladi. Devorlar bilan oʻralgan shahar hududining yeri juda qimmat va qadrli edi. Shuning uchun arxitektor va quruvchilar shaharda quriladigan imoratlarning tejamli va yengil qilib qurilishi usullari ustida ish оlib borishadi va natijada gotika karkas uslubi shakllanadi. Gotika uslubi shakllanishi sharqiy mamlakatlar arxitekturasi taʻsiri ostida amalga oshdi. Gotika uslubini yaratgan arxitektorlarning texnik yutuqlari, birinchi navbatda, bazilika turidagi ibodatxonalar qurilishida qoʻllandi. Gotika karkas sistemasi nervyura, arkbutan va kontrforslardan iborat. Nervyura - bu bino yopilmasi qobiqlaridagi toshdan terilgan ravoq shaklidagi qovurgʻalar. Nervyuralar — yopilma qobiqlaridagi asosiy yuk koʻtaruvchi konstruktiv qism. Nervyuralarning ishlatilishi yopilma ogʻirligini kamaytirishga imkon yaratdi, chunki yopilma qobiqlarida avval nervyuralar ravoq shaklida terib chiqiladi va keyin havzalar yordamida qobiqning qolgan qismlari teriladi. Bino yopilmasi ogʻirligi nervyuralardan arkbutanlarga uzatiladi.
Arkbutan — ogʻma turgan yarim ravoq shaklli konstruktiv element boʻlib, kuchlanishini nervyuralardan kontrforslarga uzatish uchun xizmat qiladi. Kontrforslar bino yopilmalaridan barcha kuchlanishni qabul qiluvchi ustunlardir. Kontrforslar qalinligi pastga qarab oʻsib boradi. Shunday qilib, gotika uslubida qurilgan binolarda nervyura, arkbutan va kontrforslardan tashkil topgan karkas bino mustahkamligi va turgʻunligini taʻminlaydi. Gotika uslubidagi binolar yopilmasini bajarishda yogʻoch fermalardan keng foydalanilgan. Gotika uslubining nazariy asoslari dominikanlik rohib Vinsent de Bovening "Buyuk oyna" deb nomlangan asarida oʻz aksini topgan. Muallifning 83 ta kitobi 3 jildlik asarlar toʻplamida jamlangan boʻlib, arxitekturaviy va qurilish faoliyatining barcha sohalari yoritilgan. Gotika arxitekturasida bino va inshootlar qurilishi uchun oldindan loyiha tayyorlangan va barcha konstruktiv qisimlarning hisob-kitoblari bajarilgan boʻladi. Gotika arxitekturasida turar-joy imoratlari qurilishida yogʻoch karkasdan iborat faxverk uylari keng tarqaladi. Faxverk uylarida ustunlar va boshqa yuk koʻtaruvchi qismlar yogʻochdan tayyorlanib, ularning oraligʻi gʻisht va toshlar bilan toʻldirilgan boʻladi. Gotika arxitekturasidagi karkas sistemasi oʻzining vertikal yoʻnalishida rivojlangan kompozitsion tuzilishi bilan ajralib turadi va bu konstruktiv badiiy ifodalanish vositasiga aylanadi. Gotikadagi bazilika turidagi ibodatxonalar konstruktiv tuzilishiga mos ravishda binoning ichki fazoviy tuzilishi va bezatilishida ham oʻziga xos xususiyatlar hosil boʻladi. Masalan, markaziy nervyura uch qavatli ravoqli arkadadan, ikkinchi qavat triforiy boʻlimidan va uchinchi qavat markaziy neryuraga yorugʻlik beradigan derazalardan tashkil topgan. Asosiy ustunlardan ingichkaroq ustunchalar ajraladi va ular yopilma qobiqning nervyuralariga oʻxshab ketadi.Karkas sistemasidan foydalanish devorlarni yengil qilib ishlash va ulardagi derazalar sonini koʻpaytirishga imkon yaratadi. Natijada ibodatxonalar ichki fazosi yaxshi yoritiladi. Derazalar baland ravoqli shaklda bajarilib, vitrajlar bilan toʻldiriladi. Turli ranglarda bajarilgan vitrajlardan oʻtadigan yorugʻlik nurlari bino interyerlarida sirli muhit yaratishga xizmat qiladi. Binolarning tashqi koʻrinishlarida ham ularning konstruktiv qismlari (nervyuralar, transept, arkbutan, kontrfors ravoqli qobiqlar) kompozitsion elementlar sifatida badiiy ifodalanish vositalariga aylanadi.[1]
GOTIKA uslubidagi bino va arxitekturaviy ansambllar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Gotika uslubidagi eng birinchi bino — bu Angliyaning Derxem shahrida (1093—1140)-yillarda qurilgan ibodatxona. Uch qavatdan iborat bu binoda birinchi marta gotika karkasi elementlari sifatida — uchli qobiqlardagi nervyuralar va ulardan kuchlanishni qabul qiluvchi arkbutan va kontforslar ishlatilgan. Ammo, gotika uslubining gullab-yashnashi birinchi navbatda Fransiya arxitekturasi bilan bogʻliq. Gotika uslubidagi eng mashhur binolardan biri - bu Parij shahridagi Notr-Dam ibodatxonasidir. Bu bino qurilishi 1163-yilda boshlanib, XIV asrning oʻrtalarida tugallangan. Beshta minoradan iborat ibodatxona uzunligi 129 metr, markaziy qisimdagi minora balandligi 69 metrni tashkil qiladli. Gotika uslubining xususiyatlari binoning tashqi koʻrinishi va ichki tuzilishida yaqqol namoyon boʻladi. Binoning asosiy gʻarbiy tarzi(fasadi) uch qavatli boʻlinishga ega boʻlib; birinchi qavatda perspektiv turʻda ishlangan uchinchi minoraga kiruvchi uch kirish peshtoqi; ikkinchi qavatda ravoqli shaklda ishlangan derazalar va markaziy minoraning aylana derazasi va uchinchi qavat ravoqli tokchalardan tashkil topgan. Undan yuqorida esa ikki simmetrik prizmashakl minoralar joylashgan. Binoning yon tarzida arkbutan va kontrforslar asosiy kompozitsion vosita sifatida ishlatilgan. Notr-Dam ibodatxonasi nafaqat Parijda, balki butun Fransiyada eng katta ibodatxona boʻlib, 9 ming kishiga moʻljallangan edi. Fransiyaning Lana shahrida 1174 — 1226-yillarda qurilgan ibodatxona ham gotika uslubidagi birinchi binolardan edi. Ayniqsa, bu bino qurilishida qoʻllangan minoralar boshqa ibodatxonalar kompozitsion tuzilishiga katta taʻsir koʻrsatdi. Shunday qilib XIIl asr Fransiyada gotika uslubining eng rivojlangan davri hisoblanadi. Bu davrda Reyms, Amen, Sharpr, Bove va boshqa shaharlarda ulkan ibodatxonalar quriladi. Reyms shahridagi ibodatxona 1212 - 1311-yillar orasida qurilgan boʻlib, uzunligi 124 metr, markaziy minora balandligi 38 metrni tashkil qiladi. Ibodatxona kompozitsion tuzilishi gotika uslubining eng yaqqol namunasidir. Reymsdagi sobor Parijdagi Notr-Dam ibodatxonasiga nisbatan yanada yengil va yuqoriga yoʻnaltirilgan boʻlib, tashqi bezaklarining boyligi va turli haykalchalar bilan bezatilganligi bilan alohida ajralib turadi. Amen shahrida 1218-1268-yillarda qurilgan ibodatxona oʻz oʻlchamlari bilan Fransiyadagi eng yirik va baland bino hisoblanadi. Bu binoning uzunligi 145 metr boʻlib, markaziy minora balandligi esa 42,5 metrni tashkil qiladi. Fransiyada gotika uslubidagi monastir komplekslaridan Bretan viloyatidagi MonSen-Mishel abbatligi oʻziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Dengiz boʻyida baland qoyalar ustida qurilgan kompleks - ibodatxona va boshqa binolardan tashkil topgan va XIII - XV asrlar davomida shakllangan. Feodal kyoshklaridan 1220-1230-yillarda qurilgan boʻlib, u "Kuzi-kyoshki" gotika uslubida qurilgan. Bu kyoshk markazida balandligi 60 metr va diametri 30 metrni tashkil qiluvchi don-jon qurilgan. Bu inshoot devorlarining qalinligi 7 metrni tashkil qiladi. Fransiyada XIV asrdan boshlab qirol hokimiyati kuchayishi bilan kyoshklar qurilishi toʻxtatiladi. Bu davrdan boshlab kyoshklar faqatgina qirol ruxsati bilan qurilgan. Germaniyada gotika uslubi asosan XIII asrdan boshlab rivojlanadi. Gotika uslubida Germaniyada qurilgan ibodatxonalar tarh tuzilishining oddiyligi, bosh tarz koʻrinishida ikki minora oʻrniga bitta oʻtkir uchlik minora joylashtirilishi bilan ajralib turadi. Germaniyadagi eng yirik gotika uslubidagi ibodatxona - Kyoln sobori qurilishi 1248-yildan boshlab, toʻliq tugallanishi XIX asrga toʻgʻri keladi. Germaniyada gotika uslubidagi ibodatxonalar asosan pishiq gʻishtdan qurilgan boʻlib, "Gʻishtli gotika" nomini olgan. Praga shahrida qurilgan Avliyo Vita ibodatxonasi ham oʻz tuzilishi bilan Germaniya ibodatxonalariga oʻxshaydi. Bu ibodatxona qurilishi XIV asrda tugallangan. Angliyada gotika arxitekturasining rivojlanishi asosan XII - XV asrlarga toʻgʻri keladi. Angliyada gotika uslubida qurilgan ibodatxonalar boʻylama oʻq boʻyicha uzun oʻlchamlari va bosh fasadning kengligi bilan ajralib turadi. Linkoln shahrida XI - XIII asrlarda qurilgan ibodatxona toʻliq gotika uslubi qonuniyatlari asosida shakllangan. Italiyada gotika uslubi alohida xususiyatlarga ega. Bu yerda asosiy qurilish materiali sifatida gʻishtdan foydalanish natijasida gotika karkas tuzilishi keng ishlatilmagan. Karkas sistemasi ishlatilmaganligi sababli derazalar oʻlchamlari katta qilib olinmagan va vitrajlardan foydalanilgan. Italiyada ibodatxonalarning ichi ustunlari nafis va yengil qilib ishlanganligi sababli minoralarga boʻlinishi sezilmaydi va ichki muhit katta zalga oʻxshab koʻrinadi. Florensiyada 1245—1278-yillarda qurilgan Santa Mariya Novella ibodatxonasi va Orviyeto shahrida 1290—1330-yillarda qurilgan ibodatxonalar shunday tuzilishga ega. Venetsiya shahrida 1246-yilda qurilishi boshlangan San Djovanni E-Paolo ibodatxonasi roman uslubida boshlanib, gotika uslubida 1430-yilda tugallangan.[2]Florensiya shahrida arxitektorlar Kambio va Talenti loyihasi asosida Santa Maria Del Fore ibodatxonasi qurilishi boshlangan, bu bino oʻsha davrning eng yirik ibodatxonasi edi. Bazilika turidagi bu binoning loyiha asosidagi diametri 42 metrni tashkil qiluvchi gumbaz bilan yopilishi kerak edi. Gumbaz qurilishi 1471 -yilda arxitektor Bruanaleski rahbarligida tugatildi. Gumbaz bilan birga binoning umumiy balandligi 114,7 metrni tashkil qiladi. Kompozitsion jihatdan gumbaz binoning asosiy elementiga aylanadi. Italiya shaharlarida gotika uslubida shakllangan asosiy maydonlar ansambllari alohida eʻtiborga molik. Masalan, Florensiyadagi Sinoriya maydoni, Venetsiyadagi SanMarko maydoni ansambllari. Maydon ansambllari kompozitsion jihatdan turli imoratlar, haykallar va ochiq favvorali hovuzlardan tashkil topgan. Ayniqsa, Venetsiyadagi San-Marko ansambli uygʻunlashgan kompozitsiyasi va gotika uslubining yorqin namunasi boʻlgan Dojlar saroyi tuzilishi bilan ajralib turadi. Bu binoning tashqi tuzilishida Vizantiya arxitekturasi va Sharq arxitekturasi elementlaridan keng foydalanilgan. Binoning tashqi koʻrinishi bezatilishida turli rangdagi marmar toshlari va rangli koshinlardan keng foydalanilgan. Boltiqboʻyi davlatlarida ham gotika uslubi keng tarqaladi va rivojlanadi. Bu davlatlarda gotika uslubi asosan binolarning kompozitsion tuzilishida vertikal yoʻnaltirilgan uchlik minoralar qoʻllanishi va gotika karkas elementlaridan ustalik bilan foydalanishda namoyon boʻladi. Masalan, Riga shahrida XIV - XVI asrlarda qurilgan Avliyo Ioann cherkovi, XIII - XV asrlarda qurilgan Avliyo Yakov cherkovi va ХIII - XVI asrlarda qurilgan Domskiy sobori. Vilnyus shahrida qurilishi 1584-yilda tugallangan. Avliyo Anna kosteli oʻzining nafis qilib ishlangan bosh fasadidagi minoralari bilan ajralib turadi. Tallin shahrida XIII - XV asrlarda qurilgan Avliyo Olay ibodatxonasi Boltiq boʻyi davlatlarida gotika uslubidagi eng baland bino boʻlib, uning balandligi 123,7 metrni tashkil qiladi.[3]
Galareya
[tahrir | manbasini tahrirlash]-
Lady_Chapel,Buyuk Britaniya
-
Gothic_architecture
-
ingliz gotika arxitekturasi
-
Gotika arxitektura elementlari
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Barokko uslubi
- Klassitsizm
- Modern
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Asqarov.Sh.J. Arxitektura tarixi. — Тoshkent: 2009-yil
- ↑ Всеобщая история архитектуры: книга I и II. под. ред. Михайлова Б.П. М., 1978
- ↑ San'at, arxitеktura va shaharsozlik tarixi. Oʻquv qoʻllanma. Mualif: S.A.Masharipova. Toshkеnt Arxitеktura-qurilish instituti, 2013-yil
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Gotika arxitekturasi
- Toshkent Arxitektura-qurilish instituti sayti (Wayback Machine saytida 2022-06-21 sanasida arxivlangan)