Alpinizm
Alpinizm (Alp togʻi nomidan) , sport turi, turli murakkab toʻsiqlardan oʻtib togʻ choʻqqilariga koʻtarilish. Alpinizm uch sinfdan — traverslar (dovon oshish, togʻ tizmalari va etaklaridan oʻtish), murakkab chiqish (tik togʻlarga chiqish) va baland togʻlarga koʻtarilishdan iborat. Alpinizm sport turi boʻlibgina qolmay, kam oʻrganilgan togʻlarni ilmiy tadqiq etishga ham xizmat qiladi. Alpinizm tarixi 1786-yildan boshlanadi: oʻshanda Shveysariyalik J. Balma va M. Pakkar Alp togʻining Monblan choʻqqisiga koʻtarilgan edilar. Alpinizm Markaziy Yevropadan boshqa oʻlkalarga, shu jumladan Osiyoga tarqaldi. Alpinistlar birin-ketin Kavkaz, Tyaninan, Pomir, Oltoy togʻlarini zabt etdilar. XIX asrning oxirida Turkiston harbiy topograflari Chimyon togʻiga — 3309 m balandlikka koʻtarildilar. 20-yillarda Oʻrta Osiyo davlat untida, Toshkent telegrafi, aloqa texnikumi va boshqa joylarda alpinizm seksiyalari tashkil qilindi. 1938-yil Oʻzbekistonda alpiniada oʻtkazildi, uning 60 qatnashchisi Pskom togʻining 8 ta choʻqqisini zabt etdi. 1970-1980-yillarda Oʻzbekistonda 1,500 ga yaqin kishi alpinizm bilan shugʻullandi. Alpinizmning ommalashuvi va sportchilarning shuhrat qozonishida V. Abalakov, V. Rasek, V. Elchibekovlarning xizmati katta. Keyingi paytda Toshkent shahri, Toshkent, Fargʻona, Namangan, Samarqand, Navoiy viloyatlarida alpinizmga eʼtibor kuchaydi. Birgina Chimyonda oʻtkazilgan alpiniadada 1,000 dan ortiq sportchi qatnashdi. Dunyodagi eng baland Everest (Jomolungma) choʻqqisi (Himolay togʻida balandligi 8848 m)ni zabt etish alpinistlarning ezgu orzusi hisoblanadi. Yangi Zelandiyalik Edmund Hillary va sherp Norgey Tensing 1953-yil unga birinchi marta koʻtarilganlar. Oʻzbekistonda Everestni zabt etuvchi alpinistlar guruhi tuzildi. Bu guruh 1998-yil mayda choʻqqiga chiqdi. 22-may kuni Rustam Rajabov birinchi boʻlib Everestni zabt etdi va u yerga Oʻzbekiston davlat bayrogʻini qadadi. Uning ketidan Oleg Grigorev, Sergey Sokolov, Xanif Balmagambetov, Svetlana Baskakova, Ilyos Tuxvatullin, Andrey Fyodorov, Marat Usayev, Roman Mats, Andrey Zaikin, Aleksey Dokukin choʻqqiga koʻtarildilar (ekspeditsiya rahbari Anatoliy Shabanov). 1977-yil alpinistlarimiz Markaziy Tyanshanning „Xontangri“ (7010 m) va „Gʻalaba“ (7439 m) choʻqqisini zabt etgandilar.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |