Kontent qismiga oʻtish

Adajio

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Adajio (italyancha: „adagio“ – sekin, vazmin) yoki adadjo — 1) asarni ogʻir, vazmin va sekin sur’atda ijro etish belgisi[1][2]. Andantedan sekin, lekin largo, lentolardan jonli ijro etiladi;

2) shu ijro uslubida yaratilgan musiqiy asar yoki turkumli shakl qismi. Baʼzi mumtoz simfoniyalar muqaddimasi adajio sur’atida yozilgan (I. Gaydn, V. Motsart, L. Betxoven va boshqalar) Oʻzbekiston kompozitorlari ijodida adajio koʻp uchraydi. M. Tojiyevning kamer orkestri uchun „Adajio“ 3-simfoniyasidagi 1-qismining boshlangʻich boʻlagi, 4-simfoniyasining 4-qismi adajio sur’atida;

3) baletda ohangdor, mayin taraluvchi musiqa joʻrligida, koʻpincha, ohista harakatlardan tuzilgan, bir yoki ikki kishilik nafis lirik raqs[1][2]. Baʼzan mustaqil raqs parchasi (pa-de-dyo, pa-de-trua, pa dak-son, gran pa); Ikrom Akbarovning „Orzu“ baletida katta adajio, Muxtor Ashrafiyning „Sevgi tumori“ baletida adajio qismlari mavjud;

4) asosan muvozanatni saqlashga yordam beradigan ohista, sekinlashtirilgan mashqlardan iborat yevropacha mumtoz raqs mashgʻulotining bir qismi[3].

  1. 1,0 1,1 I. A. Akbarov. Музика луғати. Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1987. 
  2. 2,0 2,1 I. A. Akbarov. Мусиқа луғати. Toshkent: Oʻqituvchi nashriyoti, 1997 — 384-bet. ISBN 5-645-02422-2. 
  3. "Adajio" OʻzME. A-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil