Andante
Andante (italyancha: „andante“, „andare“ — odimlash; bormoq, yurmoq) — 1) musiqada oʻrtacha tezlikdagi surʼat koʻrsatkichi. Shoshmasdan va osoyishta ijro etiladigan surʼat[1][2];
2) mazkur surʼatda ijro etiladigan musiqa asari (masalan, L. Betxoven — Fa major „Andante favori“si) yoki uning qismi. Simfoniya, kvartet, sonata va hokazolarning odatda ikkinchi yoki uchinchi qismlari koʻpincha andante surʼatida boʻladi. Masalan, Mirsodiq Tojiyevning uchinchi simfoniyasi (3-qismi), toʻrtinchi simfoniyasi (2-qismi), Mirhalil Mahmudovning „Navo“ simfoniyasi (1-qismi), Ikrom Akbarovning „Samarqand hikoyalari“ (1- qismi), birinchi kvarteti (2-qismi) va boshqalar. Bularning barchasida andante atrof qismlar bilan surʼat jihatdan va mazmunan keskin farq hosil qiladi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ I. A. Akbarov. Музика луғати. Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1987.
- ↑ I. A. Akbarov. Мусиқа луғати. Toshkent: Oʻqituvchi nashriyoti, 1997 — 384-bet. ISBN 5-645-02422-2.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |