Kontent qismiga oʻtish

Imomi Aʼzam

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Abu Hanifa Noʻmon ibn Sobitdan yoʻnaltirildi)

Imomi Aʼzam, Abu Hanifa Noʻʼmon ibn Sobit al-Koʻfiy (699, Koʻfa — 767, Bagʻdod) — hanafiylik mazhabi asoschisi. Ilohiyotchi, faqih, muhaddis. "Abu Hanifa" uning kunyasi, "Imomi Aʼzam" ("Ulugʻ imom") ulugʻligining eʼtirofi oʻlaroq berilgan unvon.

Asli fors boʻlib, oʻziga toʻq, zodagon oiladan. Olim va fozil insonlar orasida voyaga yetdi. Otasidan qolgan katta boylikni ilm yoʻlida sarf etdi. Yoshlikdan Qurʼonni yod oldi. Kalom ilmi va mantiqni oʻrgandi. 22 yoshida iroqlik ilohiyotchi Hammod ibn Abu Sulaymonga shogird tushib uning taʼlimini oldi. Keyin Kufa va Basraning eng obroʻli faqihi boʻlib yetishdi va oʻzi shogirdlar tarbiyaladi. Kamtar, mehribon, taqvodor inson sifatida hurmat qozondi. Uning 55 marta haj qilganligi haqida rivoyat bor.


I. A. 747—48 y.larda Iroq hokimi ibn Hubayra taʼqibidan qochib Makkaga ketadi. Abbosiylar hokimiyat tepasiga kelgach, Iroqqa qaytib, ulamolik faoliyatini davom ettiradi. Xalifa almansur (754—775) unga yangi poytaxt Bagʻdodda qozilik yoki boshqa istagan yuksak lavozimini egallashni taklif qiladi. Biroq I. A. bu taklifni rad etadi. Shunda Mansur uni qamab turli qiynoqlarga solgan, kaltaklatgan. Mansur I. A.ga zahar ichirgan va u zot shu sababdan shahid boʻlgan, degan rivoyat ham bor.

I. A. islom ulamolari orasida eng yetuk olimlardan edi. U odamlarga qulay, toliblarga yengil boʻladigan yoʻlni topishga muvaffaq boʻldi: sharʼiy ilmni birinchi boʻlib tasnif qilib, uni boblarga ajratib, tartibga soldi va kitob shakliga keltirdi. I. A.ning ilmi kalom, fiqx, hadis, sarf ilmlariga oid bir necha kitoblari mavjud: "Kitob as-salot" ("Namoz ahkomlari kitobi"), "Kitob almanosik" ("Haj kitobi"), "Kitob ash-shurut" ("Shartnomalar haqida kitob"), "Kitob alfaroiz" ("Meros ilmi haqida kitob"), "Kitob al-olim val-mutaallim" ("Us toz va shogird haqida kitob"), "Kitob al-fiqx al-akbar" ("Katta fiqh kitobi"), "Kitobi al-vasiya" ("Vasiyatnoma kitobi") va b. I.A.ning bulardan tashqari hadis sohasida ham asarlari mavjuddir.

I. A. faqihlarning ustozi. Oʻrta asr faqihi Abul Muayyad Muhammad ibn Mahmud Xorazmiy I. A. musnadlarini jam qilib, kitob shakliga keltirgan, u 1326 hijriy (mil. 1907/08) yilda Misrda chop etilgan.

I. A.dan taʼlim olgan shogirdlar zamonasining yetuk peshvolari boʻlib yetishgan. Ana shunday shogirdlardan biri Abu Yusuf boʻlib, Horun ar-Rashid davrida qozilik vazifasida ishlagan. Ikkinchi shogirdi imom Muhammad ibn Hasan oʻz navbatida ustozidan olgan barcha ilmini imom Shofiʼiyga oʻrgatgan. Hadislarni saralashga mohir boʻlgan, har bir masalani dalillay oladigan Zufar ibn Xuzayl ham I. A.ning koʻzga koʻringan ashoblaridandir. Yana bir shogirdi Hasan ibn ZiyodI. A.ning "Adab al-kadi" ("Qozining odobi"), "Annafaqot" ("Nafaqalar"), "Faroiz" ("Meros ilmi") kabi kitoblarini yozib tugatdi. I. A.ning oʻgʻli Hammod va nabirasi Ismoil ham sharʼiy ilmlar borasida yetuk allomalar edi, ular turli shaharlarda qozilik mansabida ishlashgan. Hurosonda birinchi boʻlib hadisni yozib olgan Abdulloh ibn Muborak ham I. A.dan taʼlim olgan.

Dunyoning koʻpgina joylarida, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlarida musulmonlar I. A. mazhabi qoidalari asosida ibodat qilib kelmoqdalar.

  • Samarqandiy Vasliy, Imomi Aʼzam tarixi, T., 1995;
  • Qodirov 3., Imomi Aʼzam, T., 1999.[1]
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil