Abduyoliyl ibn Amr
Abduyoliyl ibn Amr | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | Pamg‘ambar bilan kelishuv uchun Saqiyf qabilasi yuborgan hay’at boshlig‘i |
Abduyoliyl ibn Amr (arabcha: عبد ياليل بن عمرو – Abduyoliyl ibn Amr ibn Umayr as-Saqafiy) – pamgʻambar bilan kelishuv uchun Saqiyf qabilasi yuborgan hay’at boshligʻi.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Paygʻambar 620-yil Toifga qilgan safarlari chogʻida Saqiyf qabilasi tomonidan yuborilgan hay’at aʼzolari va ularning boshligʻi Abduyoliyl ibn Amr bilan uchrashadilar. Rasululloh ularni Islom diniga daʼvat qiladilar, biroq boshqalar kabi Abduyoliyl ibn Amr ham bu taklifni rad etadi. Makka fathidan soʻng, mazkur qabiladan boʻlgan Urva ibn Mas’ud Madinaga hijrat qilib musulmon boʻlgan va hamshaharlarini Islomga daʼvat qilish uchun Toifga qaytgan. Toifliklar uning daʼvatiga qurol bilan qarshilik koʻrsatib uni oʻldiradilar. Biroq keyinchalik Saqiyf qabilasi vakillari musulmonlarga qarshilik koʻrsatishda yolgʻiz qolganlarini anglab, hijratning toʻqqizinchi yili Abduyoliyl ibn Amr boshchiligidagi hay’atni Madinaga yuborishga majbur boʻladilar. Hay’at paygʻambar tomonlaridan qabul qilinib, Masjid an-Nabaviyning yaqinida tiklangan chodirlarga joylashtiriladi. Shunday qilib, ularga musulmonlarning hayotlarini yaqindan kuzatish imkoniyati beriladi. Hay’at aʼzolari Islomni qabul qilmasdan turib biror-bir kelishuvga erishib boʻlmasligini tushunib yetganlaridan soʻng, musulmon boʻlish uchun baʼzi shartlarni oʻrtaga tashlaydilar. Paygʻambar ularning janglarda qatnashmaslik, ushr bermaslik va oʻzlaridan boʻlmagan rahbarlar tomonidan boshqarilmaslik shaklidagi istaklarini qabul qiladilar, faqat, namozdan ozod boʻlish istaklariga „Namozi boʻlmagan dinning hech qanday qiymati qolmaydi“ deb, ushbu shartni rad etadilar. Hay’at boshligʻi Abduyoliyl ibn Amr qabilasi aʼzolari Islom dini man qilgan zino, sharob va ribo kabi yomon odatlarni tark eta olmasligini aytadi. Boshqa aʼzolar ham Lot ismli butlariga yana uch yil sigʻinish uchun izn berilishini soʻraydilar. Bu shartlar ham Rasululloh tomonlaridan qabul qilinmaydi.
Nihoyat, Abduyoliyl ibn Amr va hay’atning boshqa aʼzolari Islomni qabul qiladilar. Ular Paygʻambarning Saqiyf qabilasiga xitoban yozgan maktublari bilan ortlariga qaytadilar. Biroq musulmon boʻlganlari va Paygʻambardan olgan buyruqlarini bir muddat toifliklardan sir tutadilar. Keyinchalik Islomni ularga tushuntiradilar va qabila aʼzolarining musulmon boʻlishlarini taʼminlaydilar. Foizni man qiluvchi oyatlardan biri (Baqara surasi, 278-oyat) Abduyoliyl ibn Amr va uning tarafdorlari haqida nozil boʻlgani rivoyat qilinadi[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ibn Hishom. As-Sӣra. – Qohira: 1955. I, 67, 261; II, 419; IV, 538, 539;
- Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. – Bayrut: 1968. I, 312-314; V, 506;
- Ibn al-Asir. Usd al-gʻāba. – Qohira: 1970-73. III, 512. Selman Başaran. „Abdüyâlîl b. Amr“. TDV İA. – İstanbul: 1988. I, 304-305.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |