Kontent qismiga oʻtish

Abdurahmon Oftobachi madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Nasriddinbek masjid va madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Fargʻona vodiysi
Shahar Andijon
Maktab yoʻnalishi sunniy
Madrasa turi Yirik
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Abdurahmon Oftobachi
Asosiy sana:
1873-yil
Maqomi saqlanib qolmagan
Hujralar soni 24 hujra, 2 darsxona
Qurilish materiali Pishgan g'isht

Abdurahmon Oftobachi madrasasi — Andijon shahrida qurilgan madrasa. Musulmonqul mingboshining oʻgli Abdurahmon Oftobachi buyrugʻiga koʻra qurilgan.

Madrasa Andijon shahri Avushka mahallasida joylashgan, 1873-yilda qurilgan. Abdurahmon Oftobachi madrasasi 2 ta darsxona, 24 ta hujra hamda alohida masjiddan iborat boʻlgan. 1887-yilda madrasada 83 nafar talaba oʻqigan. 7 nafar mudarris talabalarga taʼlim bergan. Abdurahmon Oftobachi Musulmonqul mingboshining oʻgʻli, Xudoyorxon saroyida oftobachi lavozimida xizmat qilgan davrida xon uning xizmati evaziga Andijon viloyatining Oltinkoʻl qishlogʻidan 12 ming tanob yer bergan. Bu yerlar Oftobachichek yerlari deb atalib, Ulugʻnor arigʻidan sugʻorilgan. Bu yerlarni Abdurahmonbek oʻzi qurdirgan madrasaga vaqf mulki sifatida tortiq etgan. Vaqfnoma hujjatiga Qoʻqon xoni Xudoyorxonning muhri bosilgan. Oftobachichek vaqf yerlari madrasaga har yili 20 ming soʻmdan koʻproq daromad keltirgan[1]. Mutavalli vaqf yerlaridan tushgan daromaddan har yili madrasani taʼmirlashga ulush ajratgan. Bundan tashqari, mudarris, muazzin, imom va boshqa xizmatchilarga, moyana, talabalarga nafaqa berilgan.

Abdurahmon Oftobachi otasi Musulmonqul singari mingboshi ham boʻlgan[2]. U Chor Rossiyasi bosqini davrida Qoʻqon xonligi qoʻshinlariga qoʻmondonlik ham qilgan. 1875 — 1876-yillarda xonlikka bostirib kirgan chor hukumatiga qarshi bir nechta janglarda ishtirok etgan (qarang Mahram jangi). Bu kurashlarda yengilgan va rus qoʻshinlariga taslim boʻlgan. Abdurahmon oftobachi keyinchalik Rossiyaga surgun qilingan[3]. Abdurahmon Oftobachi Andijonda qurdirgan madrasada vaqf mulki, mulkdan keladigan daromad doimiy boʻlgan. Vaqf daromadi ham boshqa masjid, madrasalarnikidan koʻp boʻlgan. Madrasa xodimlari, talabalari moddiy tomondan qiynalmasdan yashagan. Shuning uchun madrasada oʻquv-tarbiya ishlari ham yaxshi boʻlgan. Madrasaning Chor Rossiyasi davridagi taqdiri nomaʼlum.

  1. Ibrohimjon Alimov. Qo'qon xonligi madrasa va maktablari tarixi. Toshkent "Fan" nashriyoti, 2017-yil — 154-bet. ISBN 978-9943-19-405-2. 
  2. Shodmon Vohid „QO’QON XONLIGIDAGI UNVON VA MANSABLAR“. kh-davron.uz. Qaraldi: 26-iyun 2023-yil.
  3. Kokandskaya ekspeditsiya 1875—76 gg. // Voennaya ensiklopediya: [v 18 t.], 1911—1915.