Abdulmalik ibn Umayr
Abu Amr Abdulmalik ibn Umayr ibn Suvayd ibn Horisa al-Qurashiy al-Kufiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | taxminan milodiy 653-yil hijriy 33-yil) |
Vafoti | milodiy 755-yil (hijriy 136-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | hadis hofizi |
Abdulmalik ibn Umayr (arabcha: عبد الملك بن عمير — Abu Amr Abdulmalik ibn Umayr ibn Suvayd ibn Horisa al-Qurashiy al-Kufiy, taxminan 33/653 — 136/755,?) — hadis hofizi.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Al-Qibtiy laqabi bilan tanilgan hadis hofizi, Kufa ahlining hadislarni sanadi bilan biladigan roviylaridan biri Abdulmalik ibn Umayrning tavallud sanasi haqida aniq maʼlumotlar mavjud emas. Abdulmalik ibn Umayrning Usmon ibn Affon xalifaligi tugashidan uch yil avval tug‘ilgani, uzoq umr ko‘rib 103 yoshga kirgani va 136/755-yil vafot etgani haqidagi manbalarda keltirilgan maʼlumotlar asosida u 33/653-yillar atrofida tavallud topgan, deyish mumkin.
Hadislari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulmalik ibn Umayr Ali va Abu Muso al-Ash’ariy larni ko‘rgan. Kufada qozilik lavozimida faoliyat olib borgan. Hadis ilmida solih va siqa bo‘lgan.
Abdulmalik ibn Umayr Jundub al-Bajaliy, Jobir ibn Samura, Jabr ibn Atik, Amr ibn Hurays, Atiyya al-Quraziy, Noʻmon ibn Bashir, Ummu Atiyya, Jarir ibn Abdulloh al-Bajaliy, al-Husayn ibn Qobisa, Iyyod ibn Laqid, Ash’as ibn Qays, al-Husayn ibn Abu-l-Hurr, Zayd ibn Uqba, Rib’iy ibn Hirosh, Ibn Abu Laylo, Qaza’a ibn Yahyo, Amr ibn Maymun al-Avdiy, Muso ibn Talha, Abu Burda ibn Abu Muso, Abu-l-Ahvas al-Jushamiy va ko‘plab sahoba hamda tobeʼinlardan hadis rivoyat qilgan.
O‘z navbatida, Abdulmalik ibn Umayrdan ham ko‘pchilik roviylar hadis rivoyat qilganlar. Shahr ibn Havshab olimdan ilk hadis rivoyat qilganlardan bo‘lib, „Sahӣh Muslim“ asarida uning hadislaridan namunalar keltirilgan. Hofizdan, shuningdek, Sufyon as-Savriy, Mis’ar, Hushaym, Abu Avona, Isroil, Zoida, Hammod ibn Salama, Ubaydulloh ibn Amr ar-Raqqiy, Jarir ibn Abdulhamid, Sufyon ibn Uyayna, Ubayda ibn Hamid va ko‘pchilik ulamolar rivoyat qilganlar.
Taʼriflar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xabarlarda kelishicha, Abdulmalik ibn Umayrdan rivoyat qilingan ikki yuzga yaqin hadislar mavjud. An-Nasoiy aytadi: „U kishining rivoyatlari nuqsondan xoli“.
Imom al-Buxoriy: „Abdulmalik ibn Umayr fasohatli insonlardan edi“, degan.
Abu Bakr ibn Ayyoshdan Muhammad ibn Sufyon al-Kufiy rivoyat qiladi: "Abu Ishoqning: „Ilmni Abdulmalik ibn Umayrdan o‘rganinglar“, — deganini eshitdim".
Shu bilan birga, Abu Hotim Abdulmalik ibn Umayrning hadis borasida solih ekani, lekin hofiz darajasida emasligini, vafotidan oldinroq xotirasi pasayganini naql qilgan. Ahmad ibn Hanbal aytadi: „Abdulmalik ibn Umayrning hadislari muztarib. O‘z navbatida, rivoyatlari kam. Uning besh yuzta hadisi bilan tanishdim, anchagina xatolari bor ekan“.
Ishoq al-Kavsaj Imom Ahmadning „U kishi zaif“, deganini zikr qilgan.
Olimlar, shuningdek, Abdulmalik ibn Umayrning: „Allohga qasamki, men qaysi hadisni rivoyat qilsam, uning bir harfini ham tushirib qoldirmayman“, deganini rivoyat qilganlar.
Shamsuddin az-Zahabiy „Siyar aʼlām an-nubalā“ asarida sahih hadisni keltirib, bu hadisni taniqli roviylar Abdulmalik ibn Umayrdan rivoyat qilganlari va hadis imomlari uni o‘z asarlariga kiritganlarini zikr qilgan[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Az-Zahabiy. Mӣzān al-i’tidāl. — Bayrut: „Dor al-maʼrifa“, 1963. II, 660;
- Ibn Hajar. Tahzӣb at-tahzӣb. „Doira al-maʼorif an-nizomiyya“, 1910. VI, 411;
- Az-Zahabiy. Siyar. „Muassasa ar-risola“, 1985. V, 438;
- Imom Shamsiddin Zahabiy. Mashhur daholar siyrati. — T.: „Hilol-nashr“, 2017. 48.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |