Kontent qismiga oʻtish

Abdulloh Abdulloh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Doktor Abdulloh Abdulloh
pushtucha: داکتر عبدالله
Afgʻoniston Bosh vaziri
Mansab davri
29-sentyabr 2014-yil
Prezident Ashraf Gʻani
Oʻtmishdoshi Abdulrahim Gʻofurzay
Afgʻoniston tashqi ishlar vaziri
Mansab davri
22-dekabr 2001-yil – 20-aprel 2005-yil
Prezident Hamid Karzay
Oʻtmishdoshi Abdulrahim Gʻofurzay
Vorisi Rangin Dadfar Spanta
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 5-sentyabr 1960-yil (1960-09-05) (64 yosh)
Kobul
Siyosiy partiyasi Afgʻoniston milliy koalitsiyasi lideri
Dini Islom

Abdulloh Abdulloh (dariycha: عبدالله عبدالله tugʻ: 1960-yil 5-sentyabr, Kobul, Afgʻoniston) – afgʻon siyosatchisi, Afgʻoniston tashqi ishlar vaziri (2001-2006). 2014-yil 29-sentyabrdan 2020-yil 11-martgacha – Afgʻoniston Islom Respublikasi hukumati rahbari[uz][1][2]. 2001—2005-yillarda Tashqi ishlar vaziri[3].

1960-yilning 5-sentyabrida Kobulda pushtun-tojik oilasida tugʻilgan. Onasi Panjshir vodiysidan, otasi Qandahordan boʻlib, Muhammad Zohirshoh davrida yuqori davlat lavozimlarida faoliyat yuritgan, xususan, Meshrano jirgʻa aʼzosi boʻlgan.

1983-yilda Kobul universitetining tibbiyot fakultetini tamomlagan. Shu bois u „doktor“ taxallusini olgan. Maʼlum muddat Peshovar (Pokiston)da afgʻon qochoqlariga xizmat koʻrsatuvchi kasalxonada ishlagan va afgʻon mujohidlariga qoʻshilgan. Mujohidlarning mashhur dala qoʻmondoni Ahmadshoh Masʼudning maslahatchisi va yaqin yordamchisi boʻlgan. „Afgʻoniston islom jamiyati“ nazoratidagi mamlakatning shimoli-sharqiy hududlarida sogʻliqni saqlash ishlariga rahbarlik qilgan.

1992—2001-yillarda Burxoniddin Rabboniy hukumatida Mudofaa vazirligining rasmiy vakili, Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari va vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2001—2005-yillarda Karzay maʼmuriyatida Tashqi ishlar vaziri boʻlgan. 2006—2009-yillarda Ahmadshoh Masʼud nomidagi xayriya jamgʻarmasiga rahbarlik qilgan. 2014—2020-yillarda „Milliy birlik hukumati“da ijro etuvchi hokimiyatning boshligʻi boʻlgan.

U deyarli barcha prezidentlik saylovlarida (2009, 2014 va 2019) oʻz nomzodini qoʻygan. Uning tarafdorlari 2019-yildagi saylov natijalarini tan olmadi va Abdulloh Abdullohni gʻolib deb eʼlon qildi. Natijada 2020-yil 9-mart kuni Kobulda ham Abdulloh Abdulloh, ham Ashraf Gʻanining inauguratsiyasi, yaʼni prezidentlik lavozimiga oʻtirish marosimi boʻlib oʻtdi. Uzoq tortishuvlar, afgʻon va xalqaro vositachilarning aralashuvi bilan ikki tomon „Oʻzaro hamkorlik va hokimiyat vakolatlarini taqsimlash boʻyicha kelishuv“ga erishdi. Abdulloh Abdulloh „Tolibon“ harakati bilan muzokaralarni olib borishga masʼul hisoblangan „Milliy yarashuv oliy kengashi“ raisi etib tayinlandi.

Dariy, pushtu, arab, ingliz va fransuz tillarida soʻzlashadi. Oilali, toʻrt farzandi bor. Sheʼriyat ixlosmandi[4].

2021-yil 26-avgust kuni Afgʻonistonda hokimiyatni qoʻlga olgan Tolibon harakati Abdulloh Abdulloh va mamlakatning sobiq prezidenti Hamid Karzayni uy qamogʻiga oldi[5].

  1. „CEO renews electoral reform vow“. Pajhwok Afghan News (27-oktyabr 2014). — „Chief Executive Officer (CEO) Dr. Abdullah Abdullah on Monday said the national unity government remained committed to reforming the electoral bodies.“. 21-sentyabr 2018-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 28-oktabr 2014.
  2. Craig, Tim. „Ghani named winner of Afghan election, will share power with rival in new government“. Washington Post (21-sentyabr 2014). Qaraldi: 23-sentyabr 2014.
  3. Cross, Tony. „Abdullah Abdullah“. Radio France Internationale (12-avgust 2009). 2013-yil 6-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 23-oktabr 2013-yil.
  4. И. И. Бобокулов.. Афғонистон луғат-маълумотнома. Toshkent: «COMPLEX PRINT» нашриёти, 2021. 
  5. „Экс-глава Афганистана Карзай взят под домашний арест «Талибаном»“. 2021-yil 27-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 27-avgust.