Kontent qismiga oʻtish

Kamalak (tashkilot)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
("Kamalak" bolalar tashkilotidan yoʻnaltirildi)
"Kamalak" bolalar tashkiloti
Turi Jamoat tashkiloti
Maqomi Negizida Oʻzbekiston bolalar tashkiloti tuzilgan
Ishga tushgan sanasi 23-may, 2001-yil (23 yil avval) (2001-05-23)
Joylashuvi Toshkent shahri, Navoiy shoh koʻchasi, 11-uy
Hududiy xizmati Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Raisi Madina Baratova
Aʼzolari 3 600 000 nafar
Til(lar)i oʻzbek

"Kamalak" bolalar tashkiloti oʻn yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan oʻquvchilarni ixtiyoriylik, oshkoralik, huquq va majburiyatlar tengligi tamoyili asosida iqtidori va isteʼdodini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni amalga oshiradigan hamda birlashtiradigan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi tashkilotdir.

Tashkilot faoliyatining asosiy maqsadi – bolalarni milliy gʻoya asosida Vatanning sodiq farzandlari va komil inson etib tarbiyalash, ularning huquq-manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish, isteʼdod va qobiliyatlarini namoyon qilishlari hamda rivojlantirishlari uchun shart-sharoitlar yaratib berishdan iboratdir[1].

Tashkilot oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, „Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya“ , Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Ustavi hamda tashkilotning nizomi asosida amalga oshiradi. Tashkilot Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar, Toshkent shaharlarda oʻzining tuzilmalariga egadir.

Tashkilotning bosh shiori: "Vatan, doʻstlik va baxtli bolalik uchun[2]!

Xalqaro hamkorlik

[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Kamalak“ bolalar tashkilotining faol aʼzolari 26-5-iyun kunlari Qirgʻiziston Respublikasida boʻlgan „Hamdoʻstlik bolalari“ xalqaro madaniy-maʼrifiy forumida qatnashishgan[3]. Hamda tashkilotning faol aʼzolari Belorussiyada joylashgan „Zubryonok“ bolalar oromgohiga tashrif buyurishgan[4]. „Kamalak“ning „Tengdosh tengdoshga“ tamoyili asosida amalga oshirilgan loyihasi xalqaro maydonda amalga oshiriladigan boʻldi.

„Kamalak“ bolalar tashkilotining har yili „Vatan, doʻstlik va baxtli bolalik uchun“ shiori ostidagi anʼanaviy anjumani tashkil qilinadi. Ilk anjuman 2001-yilning oktyabr oyida Toshkent viloyatida joylashgan „Semrugʻ“ oromgohida tashkil etilgan. Anjuman doirasida „Yil sardori“ koʻrik tanlovi, „Eng namunali hududiy sardorlar kengashi“ va „Kamalak bilimdonlari“ kabi tanlovlarning Respublika bosqichlari boʻlib oʻtadi[5][6].

Bolalar ligasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bolalar futbolini rivojlantirish, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishmaqsadida „Bolalar ligasi“ sport musobaqasi oʻtkaziladi[7].

Bolalar paradi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tashkilot anjumani doirasida „Bolalar paradi“ loyihasi tashkil qilinadi. XXII anjumanda Shahrisabz shahridagi Amir Temur haykali poyiga gul qoʻyildi. Bolalar paradida 300 nafar sardorlar ishtirok etishdi[8].

Aʼlo taʼtil

[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Kamalak“ bolalar tashkiloti tomonidan Sardorlar va iqtidorli bolalar ishtirokida „Aʼlo taʼtil“ bolalar oromgohi oʻtkaziladi. Loyihada ishtirokchilar uchun sport musobaqalari, madaniy tadbirlar, malakali mutaxassislar tomonidan seminar-treninglar tashkil etiladi. Ushbu loyiha Boʻstonliq tumanidagi „Yoshlar“ oromgohida har yili tashkil qilinadi[9].

Respublika Sardorlar forumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Respublika Sardorlar forumi Sardorlar Kengashi aʼzolari faoliyatini tizimli tashkil etish, ular orasida ekologik madaniyatni shakllantirish, tabiatni asrab-avaylashga qaratilgan ishlarni rivojlantirish maqsadida oʻtkaziladi. II Respublika Sardorlar forumi Buxoro shahrida tashkillashtirilgan. Forum davomida „Kamalak“ bolalar tashkilotining VIII Rayosat yigʻilishi, respublika Sardorlar saylovi, „Munozara“ intellektual oʻyini, „Kamalakda mehmonda“ hamda „Ekopatrul“ loyihalari, „Toza hudud“ va „Daraxtlarni havas bilan ekamiz“ aksiyalari tashkil etildi[10].

Eng namunali Sardorlar Kengashi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va uning qoshidagi „Kamalak“ bolalar tashkiloti hamda Sardorlar Kengashining faoliyati samaradorligini oshirish, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, tuman (shahar), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Sardorlar Kengashi aʼzolarining oʻzaro doʻstlashishi va tajriba almashishi natijasida ularning ijtimoiy faolligini oshirish, Sardorlar Kengashi aʼzolarining faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularda yoshlar bilan ishlash koʻnikmalari, ijodiy va intellektual qobiliyatini rivojlantirish, Sardorlar Kengashi aʼzolarida yetakchilik va tashabbuskorlik qobiliyatlari, erishgan yutuqlari va ilgʻor tajribalarini ommalashtirish maqsadida har yili „Eng namunali Sardorlar Kengashi“ koʻrik-tanlovi tashkillashtiriladi[11].

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining „Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining faol aʼzolariga oliy taʼlim muassasalariga kirishda imtiyoz berish toʻgʻrisida“ 914-sonli qarori qabul qilingan[12]. Ushbu imtiyozdan „Kamalak“ bolalar tashkilotining faol sardorlari ham foydalanishlari mumkin.

Murojaat tizimi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

"Kamalak" bolalar tashkilotiga aʼzolik, loyihalarda qatnashish va boshqa masalalar yuzasidan havolalar boʻlimi orqali murojaat qilishingiz mumkin.

Faoliyatining tugatilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2024-yil aprel oyida „Kamalak“ bolalar tashkiloti negizida „Oʻzbekiston bolalar tashkiloti“ Adliya vazirligidan roʻyxatdan oʻtkazildi.

  1. Komiljonov, Muhammadjon. „21 yillik "Kamalak"“. "Yoshlar ovozi" gazetasi (11.14.2022). Qaraldi: 3-mart 2023-yil.
  2. Muhammadiyev, A. „"Vatan, do'stlik va baxtli bolalik uchun!"“. "Vatan, do'stlik va baxtlik bolalik uchun". "Xalq so'zi" gazetasining rasmiy sayti. 2023-yil 5-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 3-mart 2023-yil.
  3. „“Children of Commonwealth” Forum Paves Way for Future Cooperation”“. “Children of Commonwealth” Forum Paves Way for Future Cooperation”. IACIS (2022-yil 7-aprel). Qaraldi: 3-mart 2023-yil.
  4. „Oʻzbekistonlik maktab oʻquvchilari Belarusga sayohat qilishdi“. SputnikNews (2022-yil 6-sentyabr). Qaraldi: 3-mart 2023-yil.
  5. „"Kamalak" bolalar tashkilotining 21-an'anaviy anjumani“. "Kamalak" bolalar tashkilotining 21-an'anaviy anjumani. Yoshlar ishlari agentligi (05.25.2022). 2023-yil 16-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 3-mart 2023-yil.
  6. Shohida, Damanova. „"Kamalak" bolalar tashkilotining anjumani“. O'zbekiston milliy axborot agentligi (2021-yil 1-avgust).
  7. Madiyeva, Risolat. „“Bolalar ligasi”da Andijon jamoasi chempion bo‘ldi“. "Yangi O'zbekiston" gazetasi (2022-yil 9-iyun). Qaraldi: 12-mart 2023-yil.
  8. „Bolalar paradi“. “Daryo” internet-nashri (2023-yil 24-may). Qaraldi: 24-may 2023-yil.
  9. „"A’lo ta’til" loyihasi a'lo darajada o‘tmoqda!“. Yoshlar ishlari agentligi portali (2022-yil 28-mart). 2023-yil 12-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 12-mart 2023-yil.
  10. Komilov, Zarif. „Buxoroda 2-Respublika Sardorlar forumi boshlandi.“. O'zbeliston Milliy axborot agentligi (2022-yil 16-noyabr). Qaraldi: 12-mart 2023-yil.
  11. „“ENG NAMUNALI MAKTAB SARDORLAR KENGASHI” ANIQLANDI“. Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi (2022-yil 22-iyun). Qaraldi: 12-mart 2023-yil.
  12. „O‘ZBEKISTON YOSHLAR ITTIFOQINING FAOL A’ZOLARIGA OLIY TA’LIM MUASSASALARIGA KIRISHDA IMTIYOZLAR BERISH TO‘G‘RISIDA“. Lex.uz (11.14.2017). Qaraldi: 3-mart 2023-yil.