Ziddiyat
Ziddiyat (mantiqda) – muhokama yuritishda, matnda va nazariyada biri ikkinchisini inkor etadigan 2 mulohazaning mavjudligi (qarang Ziddiyat sonuni); (dialektikada) – predmet va hodisalarga obyektiv ravishda xos boʻlgan bir butunning qaramaqarshi (musbat va manfiy, tugʻilayotgan va oʻlib borayotgan, yangi va eski) tomonlari, belgilari, yoʻnalishlari oʻrtasidagi muhim munosabatlar. Shu munosabatlar kurashi tabiat, jamiyat va tafakkur taraqqiyotining manbaini, harakatga keltiruvchi kuchini va ichki mazmunini tashkil etadi. Taraqqiyot ziddiyatlarning paydo boʻlishi, rivojlanishi va bartaraf qilinishi jarayonidan iborat. Ziddiyatlar har xil boʻlib, ular narsa va hodisalarning harakati va rivojlanishida turlicha rol oʻynaydi. Ziddiyatlar ichki va tashqi, asosiy va asosiy boʻlmagan, antagonistik va antagonistik boʻlmagan ziddiyatlarga boʻlinadi. Ichki ziddiyat – narsa va hodisalardagi ichki jarayonlarning ifodasi, „oʻzoʻzidan harakatlanish“ ning manbai, rivojlanishning asosiy sababidir. Tashqi ziddiyat – narsa va hodisalar oʻrtasidagi munosabatlarning ifodasidir. Maye, tabiat bilan jamiyat, organizm bilan muhit oʻrtasidagi ziddiyat tashqi ziddiyatdir. Ichki va tashki ziddiyatlar rivojlanish jarayonida bir xil rol oʻynamaydi. Rivojlanishning mohiyati, asosan, ichki ziddiyatlarning hal qilinishi bilan belgilanadi. Ammo tashki ziddiyatlarni ham eʼtibordan chetda koldirish mumkin emas. Tashqi ziddiyatlar rivojlanishga bilvosita, yaʼni ichki ziddiyatlarni hal qilishga ijobiy yoki salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Narsa va hodisaning mohiyatini, holatini, kelib chiqish va rivojlanish qonuniyatlarini belgilovchi ziddiyatlar asosiy ziddiyatlar deb ataladi. Asosiy ziddiyat taraqqiyotda hal qiluvchi rol oʻynaydi va barcha boshqa ziddiyatlarga taʼsir koʻrsatadi. Asosiy boʻlmagan ziddiyatlar ham mavjud. Bosh ziddiyat deb rivojlanishning u yoki bu bosqichining mohiyatini belgilab beradigan asosiy ziddiyatga aytiladi. Narsa va hodisalar rivojlanishining muayyan bosqichidagi bosh ziddiyat asosiy ziddiyatning aniq koʻrinishi yoki ifodasidir. Antagonistik ziddiyatlar jamiyatdagi manfaatlari birbiriga tubdan zid boʻlgan kuchlar, ijtimoiy guruhlar va tabaqalar oʻrtasidagi ziddiyatlardir. Antagonistik boʻlmagan ziddiyatlar jamiyatdagi manfaatlari birbiriga moye keladigan yoki manfaatlarini oʻzaro kelishtirish mumkin boʻlgan ijtimoiy guruhlar va tabaqalar oʻrtasidagi ziddiyatlardir. Shoʻrolar davrida sotsialistik jamiyatda antagonistik ziddiyatlar yoʻq, unga faqat antagonistik boʻlmagan ziddiyatlar xos degan mafkuraviy fikr targʻib qilingan. Aslida bunday ziddiyatlar mavjud boʻlsada, shoʻrolar saltanati zoʻrlik bilan bu ziddiyatlarning namoyon boʻlishiga yoʻl qoʻymagan. Sobiq shoʻrolar davlatining baʼzi mintaqalarida sodir boʻlayotgan qonli toʻqnashuvlar, fuqarolar urushi oʻsha hal qilinmay qolgan ziddiyatlarning oqibatidir.
Jamiyatdagi ziddiyatlar turli shakl va usullar bilan bartaraf qilinadi. Ulardan baʼzilari eskining yemirilishi va yangining qaror topishi asosida hal qilib borilsa, boshqalari shu ziddiyatni tashkil qilgan qaramaqarshi tomonlarni oʻzaro kelishtirish, murosayu-madoraga keltirish, hamjihatlik va hamkorlikka erishish yoʻli bilan bartaraf etilishi mumkin. Keyingi vaqtda jamiyatdagi ziddiyatlarni hal qilishda qoʻllanilayotgan samarali usullardan biri konsensus (oʻzaro kelishuv) dir. Ilgari ziddiyatlarni hal qilishning bu usuliga yetarli eʼtibor berilmagan. Yangicha tafakkurning qaror topishi bilan jamiyatdagi ziddiyatlarni xal qilishda Gegel qayd qilib oʻtgan konsensus usulidan foydalanish maqsadga muvofiq boʻlib chiqdi. Uzoq yillar davomida birbiriga qaramaqarshi boʻlib kelgan davlatlar, jamiyatdagi qaramaqarshi tomonlar, kuchlar, ijtimoiy guruhlar, harakatlar va partiyalar oʻrtasidagi ziddiyatlarni jamiyatning umumiy manfaatlaridan kelib chiqib hal qilishda konsensus usuli juda qoʻl kelmoqda. Ziddiyatlarni bartaraf etishdagi bu usul jahon xalqlarining milliy totuvlikka, oʻzaro hamkorlikka va birdamlikka, barqarorlikka erishishida muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda. Yuqorida tilga olingan ziddiyatning turlarini birbiridan farq qilish zarur, lekin ular oʻrtasida mutlaq chegara yoʻq. Voqelikda ular oʻzaro chirmashib ketadi, birbiriga oʻtadi va taraqqiyotda xilmaxil roʻl oʻynaydi. Shuning uchun, ziddiyatlarning har biriga aniq yondashish, ziddiyat namoyon boʻladigan sharoitni, muhitni, vaziyatni, u oʻynaydigan rolni toʻgʻri hisobga olish lozim.
Abdulla Aktov[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |