Yunon-fors urushlari
'Yunon-fors urushlari' (mil. av. 490—449 yillar, tanaffuslar bilan) – yunon shahar-davlatlarining Ahamoniylar davlati bosqinchilik siyosatiga qarshi olib borgan urushi. Forslar Kichik Osiyoning markaziy tumanlarini bosib olgach, Oʻrta dengizning sharqiy sohillarini va unga yaqin orollarni boʻysundirishga harakat qila boshlaganlar (mil. av. VIasr). Forslar mil. av. 492 yil Bolqondagi yunonlarga qarshi sarkarda Mardoniy boshchiligida 1-yurish uyushtirganlar, lekin Afon burniga yaqin joyda koʻtarilgan kuchli dengiz boʻronidan halokatga uchrab, Frakiyani bosib olish bilan chegaralanib, orqaga qaytganlar. Forslarning 2-yurishi Datis va Artafern boshchiligida mil. av. 490-yil boshlangan. Hal qiluvchi jang Attikadagi Marafon yaqinida boʻlib, afinaliklar Miltiad boshchiligida forslar ustidan gʻalaba qozonganlar (qarang Marafon jangi). Bu xushxabarni Marafondan Afinaga (orasi 42 km 195 m) yetkazgan jarchiga bagʻishlab 1896-yildan beri marafon yugurishlari oʻtkazilib kelinadi. Forslarning 3-yurishi podshoh Kserks boshchiligida mil. av. 480-yilda boʻlgan. Mil. av. 480-yil iyunda fors qoʻshinlari Sparta podshosi Leonid boshchiligidagi yunonlar himoya qilib turgan Fermopil togʻ yoʻli orqali bostirib kirganlar. Ushbu jang „uch yuz spartaliklar jasorati“ nomida tarixga muhrlangan. Forslar Attikani va Afinani egallagan. Aynan shu jangda forslar gʻalaba qozongan, qolgan barcha janglarda yunonlar gʻalaba qozongan. Salamin o. yonida mil. av. 480-yil 28-sentyabrda fors floti, mil. av. 479-yil Plateya shahrida Mardoniy boshliq quruqlikdagi armiya magʻlubiyatga uchragan. Shundan soʻng yunonlar Egey dengizi va Kichik Osiyoda forslarga qarshi urush olib borgan. Kiprdagi Salamin shahri yaqinida mil. av. 449-yilda yunonlar dengizda yirik gʻalabaga erishgan (qarang Salamin jangi). Kalliy bitimiga asosan, forslar Egey dengiziga hukmronlik qilishdan voz kechib, Gellespont, Bosfor hamda Kichik Osiyodagi shahardavlatlarning mustaqilligini tan olganlar.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |