Kontent qismiga oʻtish

Yassi chuvalchanglar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yassi chuvalchanglar — tuban chuvalchanglar tipi. Gavdasi 2 tomonlama simmetriyali, choʻziq, koʻpincha orqaqorin yoʻnalishida yassilashgan. Uzunligi 0,2 mm dan 18 m gacha. Erkin yashovchi turlarining gavda qoplogʻichi — kiprikli epiteliy, parazitlariniki — ichkariga botib kirgan yadrosiz qavat — tegumentdan iborat. Parazit turlari tanasining oldingi, baʼzan keyingi tomonida soʻrgʻichlar, soʻrgʻichli disk, klapanlar va irmoklardan iborat yopishuv organlari boʻladi. Ogʻzi tanasining qorin yoki oldingi tomonida. Halqumi rivojlangan, ichagi toʻgʻri (shoxlanmagan, 2—3 yoki koʻp marta) shoxlangan, baʼzi erkin yashovchi turlarida rivojlangan; tasmasimon chuvalchanglarda ikkilamchi tarzda yoʻq boʻlib ketgan. Ichakning keyingi boʻlimi va anal teshigi boʻlmaydi. Tuban ichaksiz kiprikli chuvalchanglar ozigʻi hazm qilish parenximasida hazm boʻladi; tasmasimon chuvalchanglarda va ayrim boshqa guruhlarda oziq butun tana yuzasi orqali shimiladi. Ayirish organi — protonefridiy. Qon aylanish va nafas olish sistemasi yoʻq. Teri orqali nafis oladi. Nerv sistemasi bosh gangliylar, halqumni aylanib oʻtadigan halqa komissuralar va bir juft boʻylama nerv poyalari hamda ularni tutashtirib turadigan nerv tolalaridan iborat. Yassi chuvalchanglarga erkin yashovchi ksenoturbidlar va kiprikli chuvalchanglar, parazit yashovchi aspidagastreylar, trematodalar, monogeniylar, girokotilidlar, amfilinidlar va sestodalar sinflari hamda 12000 tur kiradi. Yassi chuvalchanglar germafrodit, jinsiy sistemasi juda murakkab, baʼzi turlari ayrim jinsli. Koʻpchiligining hayot sikli juda murakkab. Yassi chuvalchanglar orasida odam va hayvonlar uchun xavfli parazitlar ham koʻp uchraydi.