Yangi global tektonika
Yangi global tektonika — Yer litosferasini harakatdagi blokplitalar sistemasidan iborat deb qarovchi eng yangi geologik gipoteza. „Yangi global tektonika“ning asosiy prinsiplari shotland geologi A.Xolms tomonidan belgilanib, unda O.Ampfererning Yer poʻsti ostidagi oqim gipotezasi, J.Jolining radiogen gipotezasi va A.Vegenerning materiklarning suzib yurishi toʻgʻrisidagi gipotezalarini birlashtirdi. „Yangi global tektonika“ga muvofiq, litosfera kam yopishqoqpikka ega boʻlgan astenosfera ustida bir qancha plitalarga boʻlingan. Plitalarning chegarasi eng yuqori tektonik, seysmik va vulkanli faol zonalardir. Ushbu chegaralar boʻylab plitalarning bir-biriga nisbatan qarama-qarshi tomonga siljishi, biri ikkinchisining ustiga yoki ostiga siljishi yoki gorizontal siljishi sodir boʻladi. Okean oʻrtaliq tizmalarining rift zonalarida plitalar bir-biridan ajraladi va oraliq joy astenosferadan koʻtarilib chiqqan bazaltli magma bilan toʻladi. Chuqur suv osti novlarida bir plita ikkinchi plitaning ostiga surilib kirib, mantiya tomonidan yutib yuboriladi. Yirik plitalar qatoriga Tinch okean, Yevrosiyo, Shimoliy Amerika, Janubiy Amerika, Afrika, Hindiston, Avstraliya, Antarktida plitalari kiradi. Astenosfera boʻylab harakatdagi litosfera plitalari oʻzining qattiqligi va yaxlitliligiga ega. Astenosferadagi konveksion oqimlar plitalarni oʻrtaliq tizmalardan chetga tomon surib olib ketadi, orollar yoyi va materiklar chekkalari boʻylab esa okean osti Yer poʻsti plitalari, materiklar Yer poʻsti ostiga kirib boradi. Yangi dalillarga tayangan Yangi industrial mamlakatlar konsepsiyasi keng ommalashdi. Ayni vaqtda konveksiya mexanizmi, okean osti Yer poʻstining kontinentlar ostiga kirib borishi masalasida jiddiy eʼtirozlar ham mavjud. Plitalar oʻzaro toʻqnashgan joylarda burmali inshootlar paydo boʻladi.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |