Xudoydodi madrasasi
Madrasa | |
Xudoydodi madrasasi
Xudoydodi madrasasi | |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Hudud | Qashqadaryo viloyati |
Shahar | Qarshi |
Maktab yoʻnalishi | sunniy |
Meʼmoriy uslub | Markaziy Osiyo meʼmorchiligi |
Maqomi | saqlanib qolmagan |
Xudoydodi madrasasi — Qarshi madrasasi. Madrasa shahar qoʻrgʻoni tashqarisidagi Xudoydodi mavzesida joylashgan boʻlgan. Masjid atrofiga qurilgan hujralardan iborat boʻlgan. Bitta hujjatda uning faoliyatiga doir ayrim maʼlumotlar saqlanib qolgan[1]. Nasaf qozisi Mir Maslahiddin sudur oliy hukmdorga arznomasida shunday deydi: „Bandaparvar sohibim, janobi oliy hazrat sayyidim va sultonim, muborak boshingizga jonim ming bora sadqa boʻlsin. Pok va mukarram zotli oliy hukmdorimga jonim nisoru fido boʻlsin. Xudoydodi mavzesi masjidi hujralari mudarrisi mulla Abdumoʻmin xoja oliy hazrat sayyid sohibimning xusravona marhamati va mehribonligi ila oliy madrasalardan birida dars oʻtish uchun sarafroz etildi. Ushbu duogoʻyingiz mulla Abdumoʻmin xojaning mazkur mavzeda oʻtayotgan dars oʻrni boʻsh qoldi. Hujralarda taʼlim olayotgan talabalarning vaqti bekor oʻtmoqda. Mulla Muhammad Amin nomli taʼlim olishni tugallagan kishi bu dugoʻyingiz huzuriga kelib, janobi oliy hazrat sayyidimni duo qildi va niyatini bayon etdi. Duogoʻy gʻulomingiz uning ilmini aniqlash va imtihon qilish maqsadida ushbu viloyatning besh olti nafar olimlarini toʻpladim. Avvalo, oliy hukmdorimizni beadad duo qildik. Mulla Muhammad Aminga „Hidoya“yi sharifning „Salot“ kitobi- dagi „Imomat“ bobidan oʻqishga yigirma qator berdik. U nahv hamda sarf qonun qoidalariga amal qilgan holda oʻqidi va dars oʻtishni uddalaydi. Bu fahmi ojiz gʻulomingiz va boshqa duogoʻylaringiz uni mazkur mulla Abdumoʻmin xojaning oʻrniga dars oʻtishga munosib deb biladi“. Arznomadan maʼlum boʻlishicha, Xudoydodi madrasasi yaʼni, hujralari vaqfsiz edi. Shu sabadan mudarrislarning maoshi koʻrsatilmagan[2].