Xoxlov elchiligi
Xoxlov elchiligi - rus podshosi M.F.Romanov (1613—45) Buxoro xoni Imomqulixon huzuriga boyar Ivan Danilovich Xoxlov boshchiligida yuborgan diplomatik missiya (1620 —22). Imomqulixon tomonidan yuborilgan Odambiy rahbarligidagi elchilik (1619—20) ka javoban joʻnatilgan. I.D.Xoxlovga avvalo Buxoro xonini Rossiya bilan savdo va doʻstona aloqalar oʻrnatishga koʻndirish, Buxorodagi rus asirlarini ozod etish, Buxoro xonligining Turkiya, Eron, Gruziya, Xiva xonligi bilan aloqalari qanday ekanligi, Buxoroning harbiy qudrati haqida maxfiy maʼlumotlar toʻplash va boshqa vazifalar yuklatilgan. Elchilar Qozondan 1620-yil 21 iyunda Buxoro va Xiva elchilari Odambiy va Rahimqul hamrohligida yoʻlga chiqqanlar. Ular Astraxon — Kaspiy dengizi — Toʻpqaragʻan pristani — Urganch — Xiva — Xonqa — Qizilqum — Xayrobod — Buxoro yoʻnalishi bilan manzilga yetib kelishgan. Elchilarni Imomqulixon yaxshi kutib olgan. Saroydagi 23 rus askari ozod qilingan, qolgan asirlar esa turli sabablarga koʻra ozod etilmagan. I.D.Xoxlovning hisobotida xonlikning ichki va xalqaro ahvoli, Buxoro xonligidagi ijtimoiyiqtisodiy (soliqlar, shahar, qishloqlardagi ahvol), siyosiy vaziyat, shuningdek, etnografik xarakterdagi maʼlumotlar toʻplangan.
Ad.Axmedov B.A., Istorikogeograficheskaya literatura Sredney Azii XVI—XVIII vv. Pismennie pamyatniki, T., 1985; Gulyamov X.T., Iz istorii diplomaticheskix otnosheniy Rossii s Buxarskim xanstvom v XVIII v., T., 1992.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |