Kontent qismiga oʻtish

Xoldor Yoqubov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Xoldor Yoqubov
Tavalludi 15-sentyabr 1931-yil (1931-09-15) (93 yosh)
Turkiston tumani, Chimkent viloyati, Qozogʻiston SSR
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Ish joylari Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti
Taʼlimi Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti
Ilmiy darajasi texnika fanlari nomzodi
Mukofotlari

Xoldor Egamberdieyevich Yoqubov (1931-yil 15-sentybar, Turkiston tumani, Chimkent viloyati, Qozogʻiston SSR — 2008-yil 29-dekabr, Toshkent, Oʻzbekiston) — oʻzbekistonlik olim, O‘zbekistonga xizmat ko‘rsatgan irrigator, texnika fanlari nomzodi.

Xoldor Yoqubov 1931-yil 15-sentyabrda Turkiston tumanidagi Qarnoq qishlogʻida tugʻilgan[1]. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning ukasi. 1953-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari institutini tugatgan. 1955—1958-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining suv muammolari va gidrotexnika instituti aspiranturasida tahsil oladi, soʻngra suv muammolari va gidrotexnika institutida kichik ilmiy xodim (1958—1960), katta ilmiy xodim (1960—1966) sifatida faoliyat olib bordi. 1964-yilda professor N. M. Reshetkina rahbarligida „Методы строительства и расчет конструктивных элементов водоприемной части скважин вертикального дренажа“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiladi. 1969—1974-yillarda O‘rta Osiyo irrigatsiya ilmiy-tadqiqot instituti muhandislik melioratsiyasi boʻlimi, melioratsiya jarayonlarini matematik modellashtirish va filtratsiya boʻlimi mudiri boʻlib ishlagan. 1974—1990-yillarda institut direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, 1990—1995-yillarda O‘rta Osiyo irrigatsiya ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy ishlab-chiqarish birlashmasi bosh direktorining oʻrinbosari boʻlgan[1]. 1995—2008-yillarda Markaziy Osiyo davlatlararo suv xoʻjaligi muvofiqlashtirish komissiyasining ilmiy-axborot markazida yetakchi ilmiy xodim boʻlib ishlagan. 2008-yildan umrining oxirigacha Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti qoshidagi irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutida „Yerlarni meliorativ holatini yaxshilash va samaradorligini baholash texnologiyalari“ laboratoriyasida yetakchi ilmiy xodim boʻlib ishlagan[1]. 2008-yil 29-dekabrda vafot etgan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

Ilmiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Olim tik quduq va ochiq zovur tizimlarining ekspluatatsion ishonchliligi boʻyicha chuqur tadqiqotlar olib bordilar, turli tabiiy va iqtisodiy sharoitlarda ularning elementlarini ishdan chiqish qonuniyatlarini oʻrgangan[1]. Zovur-zahkash tizimi samaradorligi pasayishining meliorativ holat va hosildorlikka taʼsiri oʻrganilgan. Ushbu tizimlarning ishonchliligini oʻrganish asosida taʼmirlash-tiklash ishlarining vaqti va hajmini hisoblash usullari, yangicha tiklash texnologiyalari va sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash choralari ishlab chiqildi. Olim tomonidan olib borilgan tadqiqotlar yangi yerlarni keng oʻzlashtirish, yirik irrigatsiya massivlarida ilgʻor turdagi sugʻorish-zovur tizimlari va ekspluatatsiya texnologiyalarini yaratish davrida Oʻrta Osiyo hududi jahon irrigatsiya va drenaj mutaxassislari hamjamiyati uchun oʻziga xos tajriba bazasi boʻlib xizmat qildi. Olim har xil turdagi zovurlarni (yotiq va tik quduq) va ularning parametrlarini (chuqur va sayoz) drenajlash paytida faol suv va tuz almashinuvi zonasidan tuz miqdorini olib chiqish haqidagi tortishuvlarning asossizligini isbotlagan[1].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Oʻzbekistonning taniqli olimlari ensiklopediyasi, 2-tom (oʻzbekcha), Toshkent: Science and Innovation, 2023 — 383-bet.