Kontent qismiga oʻtish

Xilvatiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xilvatiy (taxallusi; asl ismi Mulla Yoʻldosh Toʻraboy oʻgʻli) (1858— hozirgi Namangan viloyati Uychi tumani Jiydakapa qishlogʻi — 1921) — shoir. Namangandagi Azizxoʻja madrasasida mudarris va bosh mudarris boʻlgan. Oʻzbek va fors tillarida ijod qilgan. Sheʼrlarida Bedil, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy anʼanalarini davom ettirgan, ularga nazira, tatabbuʼ va muxammaslar bogʻlagan. X.dan bizgacha 2 ta dastxat (shoir oʻzi yozgan) devoni saqlanib qolgan. 1devonga jami 6886 bayt oʻzbek tilida va 53 ta — 770 bayt fors tilidagi sheʼrlar kiritilgan. 2devoniga esa 4540 bayt oʻzbek va fors tilida yozilgan sheʼrlari jamlangan. Devondagi sheʼrlar orasida boshqa oʻzbek va fors shoirlari sheʼrlari ham uchraydi (239 bayt). Xilvatiy asarlarining asosiy kismini ishqmuhabbat mavzuidagi lirik sheʼrlar tashkil etadi. Uning ijodida sarguzashtiy sheʼrlar alohida urin tutadi. X. hayotlik chogʻida uning 3 ta — "Mavludi sharifi turkiy", "Sayr uljibol min sayr irrijol" ("Erkaklar sayridan boʻlmish togʻ sayri"), "Chirogʻi maktab" sheʼriy risolasi chop etilgan va ular xalq orasida mashhur boʻlgan. "Sayri jibol" (1328) masnaviy usulida yozilgan boʻlib, asarda Pochcha ota havosi, manzaralari, oʻsimlik dunyosi va suvlari haqida xikoya qilingan. "Charogʻi maktab" — axloqiy, diniytarbiyaviy sheʼriy asar. Bu asar aqoidlar (eʼtiqodlilar) haqida yozilgan va boshlangʻich maktab bolalariga moʻljallangan. Unda Allohning sifatlari, uning yaratuvchiligi, mutlaqligi, Qurʼonda zikr kilingan 25 paygʻambar nomlari, oxirgi paygʻambar Muhammad (sav) sifatlari: meʼroj voqeasi va boshqa sheʼriy tarzda bayon etilgan. X. ustozi Langariy domlaning iltimosiga koʻra, "Mavludi sharif"ni turkiyda yozgan. Bu mumtoz adabiyotda paygʻambar mavludlari haqida oʻzbek tilida yaratilgan birinchi sheʼriy rivoyat (doston)dir. Mazkur asar 1908, 1911, 1912, 1916-yillari Gʻulom Hasan Orifxonov bosmaxonasida bir necha bor chop etilgan. Asar 2000 yil "Namangan" nashriyotida (tuzatilgan matni) A. Qurbonov va I. Abdullayev tomonidan qayta nashr etilgan. X.ning uzi tartib bergan "Devoni Xilvatiy" qoʻlyozmasi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida, ikkinchisi esa X. jiyanining oʻgʻli Abdulla Yoʻldoshev qoʻlida saqdanadi.

Abduqayum Pardayev.