Viskozimetr
Viskozimetr (lot. viscosus — qovushoq va ...metr) — suyuqlik va gazlarning qovushoqligini aniqlaydigan asbob (qarang Qovushoqlik). Kapillyar, rotatsion, sharchali, ultratovush V.lari keng tarqalgan. Kapillyar V.ning ishi ingichka dumaloq naycha (kapillyar)dan maʼlum hajmli (miqdorli) suyuqlik yoki gazni oʻtkazib koʻrishga asoslangan. Rotatsion V.da sinaladigan qovushoq modda ikki oʻqdosh jism (silindrlar, konuslar, sferik jismlar) orasidagi tirqishga solinadi. Jismlardan biri (rotor) aylanadi, ikkinchisi qoʻzgʻalmay turadi. Qovushoqlik burovchi momentga (burchak tezligi maʼlum) yoki burchak tezligiga (burovchi moment maʼlum) qarab aniqlanadi. Sharchali V.da qovushoqlik sinalayotgan modda ichida sharning harakatlanish tezligiga qarab aniqlanadi. Ultratovush V.ning ishi magnitostriksion materialdan yasalgan va sinalayotgan modda ichiga solingan plastinka tebranishlarining modda ichida soʻnish tezligini oʻlchashga asoslangan. Bu V.lar qovushoqlikni dinamik (Pas.) va kinematik (m2/s) qovushoqlik birliklarida ifodalashga imkon beradi. Suyuqliklarning qovushoqligini shartli birliklarda oʻlchashga imkon beradigan V. ham bor. Bunday V. darajalarga boʻlingan naychali idishdan iborat. Bunday V.da qovushoqlik muayyan vaqg mobaynida naychadan oqib oʻtgan suyuqlik hajmiga qarab aniqlanadi. Bunda qovushoqlik sekund (s)da va Engler gradusidya oʻlchanadi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |