Vikipediya:Turkumlarni nomlash
Bu sahifa oʻzbekcha Vikipediya qoidalarining bir qismidir. Unga barcha ishtirokchilar amal qilishi lozim. Bu sahifaga oʻzgarishlar kiritishdan avval boshqa foydalanuvchilar bilan maslahatlashish tavsiya etiladi. |
Ushbu sahifada turkumlarni nomlash boʻyicha anʼanalar jamlangan. Agar biror turkumni nomlash boʻyicha yangi anʼana taklif qilishni yoki mavjud anʼanani oʻzgartirishni istasangiz, munozara sahifasida yozing.
Nomlash anʼanalari
[manbasini tahrirlash]Biror turkumni nomlashda uning nomini toʻgʻri tanlash alohida ehtiyotkorlikni talab qiladi. Noanʼanaviy nomlangan turkumga kiritilgan sahifalarni boshqa turkum nomiga koʻchirib oʻtish (qarang: {{Turkum yoʻnaltirishi}}) qoʻshimcha qiyinchilik tugʻdiradi – har bir maqola va ostturkum tahrir qilinishi kerak boʻladi. Shuningdek, oʻta uzun yoki oʻta qisqa nomlardan qochishga intiling. Turkumlar uchun qisqa, aniq nomlar afzal koʻriladi, garchi baʼzida aniqlik yoki koʻp maʼnolilik holatlarida oydinlik kiritsh uchun bu tamoyilni chetlab oʻtishga ehtiyoj tugʻilishi mumkin boʻlsa-da.
Umumiy anʼanalar
[manbasini tahrirlash]- Mavzu turkumlari nomlari odatda birlik sonda boʻlishi hamda Vikipediya maqolasi nomiga mos kelishi kerak. Misollar: „Qonun“, „Fransiya“, „Hillary Clinton“.
- Toʻplam turkumlarining nomlari koʻplik sonda yozilishi kerak. Misollar: „Yozuvchilar“, „Polshadagi qishloqlar“.
- Eʼtibor bering, koʻp hollarda mavzu turkumi va toʻplam turkumi oʻxshash nomlarga ega boʻlib, bunda mavzu turkumi birlik va toʻplam turkumi koʻplik sonda yoziladi. Masalan, „Opera“ – mavzu turkumi (yaʼni, mavzuga oid barcha maqolalarni oʻz ichiga oladi), „Operalar“ esa toʻplam turkumidir (yaʼni, muayyan operalar haqidagi maqolalarni oʻz ichiga oladi). Maqolalarni turkumlashda toʻgʻri turkum tanlanganiga alohida eʼtibor qaratish kerak.
- Turkum strukturasini turkum nomida koʻrsatmang. Masalan: „Monarxlar“ deb nomlaymiz, „Shaxsiyatlar – Monarxlar“ emas. Ostturkumlarni yaratishda ham ushbu qoidaga amal qilamiz.
- Muayyan turkum boshqa turkumlar bilan qanday bogʻliq ekanligidan qatʼi nazar, alohida olganda ham tushunarli boʻlgan tarzda nomlash kerak. Misol: „Jugʻrofiy atamalar boʻyicha chala maqolalar“, „Atamalar“ emas.