Kontent qismiga oʻtish

Vestibulyar apparat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Vestibulyar apparat (lot. vestibulum — daxliz, yoʻlak) — umurtqali hayvonlar va odam ichki qulogʻining bir qismi; bosh bilan tananing fazodagi vaziyati oʻzgarishini va gavdaning qay tomonga harakatlanayotganligini sezadigan aʼzo. V.a. vestibulyar analizatorining periferik reseptorlaridir. Bu reseptorlar ichki quloq dahlizining sakkulus va utrikulus deb ataladigan parda xaltachalarida (otolit apparat) hamda yarim doira kanallarining kengaygan uchlarida (ampulyar apparat) joylashgan. Xaltachalar va yarim doyra kanallar toʻqima suyuqligi (endolimfa) bilan toʻla boʻladi. Muvozanat reseptorlaridan statik (gavdaning holati bilan bogʻlangan) va dinamik (tezlanish bilan bogʻlangan) signallar keladi. Bu signallar sezuvchan tolalar mexanik taʼsirlanganda roʻy beradi. Gavda holati oʻzgarganda sezuvchan tolalarga otolit tomondan taʼsir etayotgan kuch yoʻnalishi ham oʻzgaradi. Shuning uchun V.a. qattiq taʼsirlanganda (mas., dengiz kasalligida) koʻngil behuzur boʻlib, bosh aylanadi, rang oʻchadi, yurak urishi, nafas olish tezligi oʻzgaradi. Kuchli vestibulyar taʼsirot hadeb takrorlanaverganda unga nisbatan boʻladigan reaksiya kuchsizlanadi. Shuning uchun dengizchilar, uchuvchilar va kosmonavtlarni jismoniy chiniqtirishda vestibulyar mashq qoʻllanadi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil