Venetsiya
Venetsiya — Italiyaning shimolidagi shahar, Adriatika dengizining Venetsiya qoʻltigʻida. Venetsiya viloyati va Venetsiya provinsiyasining maʼmuriy markazi. Venetsiya 2 qismdan iborat: tarixiy markaz (aholisi 100 ming kishi atrofida) 150 kanal bilan ajralib turgan 118 orolda joylashgan va materikdagi sanoatlashgan port qismi. Venetsiyaning orollardagi qismi — muzey shahar, dengiz kurorti, xalqaro turizm markazi. Aholisi 450 mingdan ziyod kishi (1990-yillar oxirlari). Venetsiyadagi kanallar (rio) ustiga 400 dan ortiq koʻprik qurilgan. Kanallardan eng muhimi Katta kanalning uzunligi 3,8 km boʻlib, shaharni butunicha kesib oʻtgan. Materikka eng yaqin orol temir yoʻl (1846 i. dan) va avtomobil yoʻlli (1932-yildan) koʻprik orqali tutashgan. Yirik port (yuk ortib-tushirish yiliga 30 mln. tonna). Havo yoʻllari tuguni. Lido orolida xalqaro aeroport bor.
Mil. av. V asrdan boshlab Venetsiyada aholi yashagan. IX-X asrlarda Gʻarbiy Yevropa bilan Sharq oʻrtasidagi savdoda vositachilik rolini oʻynagan. 4-salib yurishi natijasida (1202—1204) Venetsiya Oʻrta dengiz imperiyasiga aylanadi (Istanbulning bir qismi, Marmar dengizidagi bir necha gavan, Evbey, Krit va b. orollarni egalladi). XV asr boshlariga kelib, Venetsiya oʻzga viloyatlarni bosib olish siyosatini yuritdi. Istanbulning turklar tasarrufiga oʻtishi (1453) hamda Buyuk geografik kashfiyotlardan soʻng savdo yoʻlining Oʻrta dengizdan Atlantika okeaniga koʻchishi Venetsiya mavqeiga katta zarar yetkazdi. XVII-XVIII asrlarda Venetsiya chuqur tushkunlikka yuz tutdi. 1797-yil Venetsiyani Fransiya qoʻshinlari ishgʻol qildi va Kampoformiy sulhiga muvofiq u Avstriyaga berildi. 1848—1849 yillardagi inqilob tufayli Venetsiya mustaqil respublika boʻldi. 1866-yil Venetsiya yana Italiya tarkibiga kirdi. XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Venetsiya yirik sanoat markaziga aylandi. Venetsiya 1943-yil nemis qoʻshinlari tomonidan okkupatsiya kilindi. 1945-yil aprel qoʻzgʻoloni natijasida ozod qilindi. Venetsiyaga sanoat xom ashyolari (metall, neft, koʻmir, paxta tolasi va b.) chetdan keltiriladi. Venetsiyada odatdagi shahar transporti yoʻq, yoʻlovchilar qayiqlar va motorli kemalarda tashiladi. Venetsiya Italiyaning iqtisodiy jihatdan ancha taraqqiy qilgan markazlaridan. Yirik sanoat korxonalari Venetsiyaning materikdagi chekka qismlarida. Kemasozlik, rangli metallurgiya (alyuminiy, rux), neftni qayta ishlash, kimyo, toʻqimachilik, mashinasozlik, oziq-ovqat, oyna, poligrafiya sanoati tarmoqlari rivojlangan. Qurol-aslaha, neft-kimyo, koks-kimyo, alyuminiy prokatlari va chinni zavodlari, temir yoʻl ustaxonalari bor. Shuningdek, qadimdan anʼana boʻlib kelayotgan badiiy buyumlar, nafis toʻrlar va boshqa hunarmandchilik buyumlari ham ishlab chiqariladi. Venetsiyaga turistlar koʻp keladi. Lido orolida mashhur xalqaro dengiz kurorti joylashgan. Sanʼat akademiyasi, savdo, tibbiyot va Adriatika dengizini oʻrganish instituti, universitet bor. Kuzgi kuchli shamollar taʼsirida dengiz suvi sathining koʻtarilishidan Venetsiyada shahar maydonlari va koʻchalarini suv bosadi. Venetsiya asrlar davomida tobora suv ostiga choʻkayapti. Undagi moddiy va madaniy yodgorliklarni saqlab qolish uchun choralar izlanmoqda.
Venetsiyada (XIII asrda) Italiyadagi asosiy rassomlik maktablaridan biri vujudga keldi va oʻziga xos tarzda rivoj topdi (qarang Venetsiya maktabi). Venetsiyada Akademiya galereyasi, arxeologiya muzeyi, shisha buyumlari muzeyi (Murano orolidada) bor. Meʼmoriy yodgorliklardan San-Marko cherkovi (IX-XV asrlar), San-Marko qadimiy kutubxonasi (XVI asr), saroylar (XV asr, XV asr oxiri), cherkov va monastirlar (XV-XVI asrlar) va boshqalar saqlangan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |