Urugʻkurtak
Urugʻkurtak (ovulum), urugʻkurtak — yuksak oʻsimliklar urugʻchi gulida, odatda, urugʻlanishdan soʻng tuguncha ichida hosil boʻladigan boʻrtma. U meva barg — platsenta, urugʻpoyadagi maxsus oʻsimtada bitta yoki bir nechtadan joylashgan; sharsimon yoki tuxumsimon shaklda boʻladi. U ning markaziy qismi bir qavat yoki bir necha qavat qobiqqa oʻralgan yadro (nutsellus)dan iborat. Bu qobikdar oʻsib, bitta umumiy qobiqqa aylanishi mumkin. U ning mikropilyar va xalazal qismlari boʻladi. Mikropilyar qism U ning uchidagi qobiqlar tutashib ketmasdan chang naylari oʻtadigan urugʻ yoʻli yoki chang yoʻli (mikropile) hosil qiladi. Tuxumhujayra urugʻlangandan keyin urugʻkurtakdan urugʻ hosil boʻladi. Oʻsimliklarning tarixiy rivojlanishi jarayonida U dastlab urugʻli qirqquloqlarda paydo boʻlgan. Yopiqurugʻlilar urugʻkurtagi eng yuksak darajada tuzilgan boʻlib, tuguncha ichida joylashgan; tashqi noqulay sharoitdan himoyalangan. Tuxumhujayra urugʻlangandan keyin qobiklari urugʻ poʻstlogʻiga aylanadi. Tugunchada bittadan bir necha mingtagacha U hosil boʻladi. U platsentaga nisbatan toʻgʻri (atrop), teskari (anatrop), egik (kompilatrop) boʻladi. Ularning oʻtkinchi shakllari ham bor. U tugunchada har xil holatda (markaziy qismida, tuguncha devorida va tubida) joylashadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |