Ubaydulla Omon
Ubaydulla Omon | |
---|---|
Tavalludi |
Ubaydulla Omonovich Baqoyev 31-oktyabr 1948-yil |
Fuqaroligi | SSSR → Oʻzbekiston |
Kasbi | aktyor, rejissyor |
Faoliyat yillari | 1962—hozirgacha |
Turmush oʻrtogʻi |
Matluba Farmonova Nilufar Sherova |
Mukofotlari |
|
Ubaydulla Omon (asl ismi sharifi: Ubaydulla Omonovich Baqoyev; baʼzan ismi Ubaydullo shaklida ham yoziladi; 1948-yil 31-oktyabr, Buxoro, Buxoro viloyati, OʻzSSR, SSSR) — oʻzbekistonlik taniqli aktyor va rejissyor. Oʻzbekiston xalq artisti (1991). El-yurt hurmati ordeni sohibi.
Toshkent davlat teatr va rassomlik sanʼati instituti (1971) va Moskvadagi Butunrossiya davlat kinematografiya institutini (1996) tugatgan. „Yosh gvardiya“ teatrida (hozirda Abror Hidoyatov nomidagi oʻzbek davlat drama teatrida rejissyor (1969–1972), bosh rejissyor (1980–1981), Buxoro teatrida bosh rejissyor (1972–1980; 1981–1994), „Foxira“ kinostudiyasida bosh rejissyor (1994–?) sifatida faoliyat yuritgan va koʻplab spektallarni sahnalashtirgan. Hozirda u Buxoro viloyati musiqali drama teatri rejissyori. Kinoaktyor sifatida oʻzbek va xorij, xususan, tojikistonlik, rossiyalik va amerikalik kinochilarning filmlarida koʻplab obrazlar yaratgan.
Har bir janrning sahna chizgilarini mohirona topa bilish, tomoshabinga inson dunyosi, uning ichki kechinmalari, qarashlarini yorqin boʻyoqlarda yetkazish Ubaydulla Omon ijodiga xos.
Tarjimayi holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ubaydulla Baqoyev 1948-yil[sharh 1][1] 31-oktyabrda Buxoro shahrining[1][2] Xoʻja Zayniddin mahallasida tavallud topgan[3]. Bolaligidan sanʼatga qiziqqan. Oʻzining aytishicha, 10 yoshida kino va sanʼat olamiga kirib kelgan[4]. Manbalarga koʻra, uning sahnadagi ilk qadamlari 1962-yil Buxorodagi Sadriddin Ayniy nomli viloyat teatrida ommaviy sahnalarda ijro etgan rollaridan boshlangan[1].
1971-yili A. N. Ostrovskiy nomidagi Toshkent davlat teatr va rassomlik sanʼati institutini tamomlagan[3][2]. Poytaxtdagi „Yosh gvardiya“ teatrida (hozirda Abror Hidoyatov nomidagi oʻzbek davlat drama teatri[3]) rejissyor sifatida qator spektakllar sahnalashtirgan. Ular orasida yozuvchi Shuhratning „Besh kunlik kuyov“ asari 700 marta sahnada koʻrsatilgan. 1972-yili Buxoro teatriga qaytib[5] 50 ga yaqin spektakllarni sahnalashtirgan[sharh 2][1].
Kinodagi birinchi roli 1969-yili rejissyor Anatoliy Qobulov tomonidan suratga olingan „Bahor yomgʻirlari“ filmidagi bosh qahramon Samigʻ obrazi boʻlgan. 2023-yilga qadar 80 dan ortiq oʻzbek va xorij kinolarida, xususan, tojikistonlik, rossiyalik va amerikalik kinochilarning filmlarida suratga tushib, qator obrazlar talqin etgan[1][4]. U koʻplab oʻzbek filmlarida ota obrazidagi rolarni ijro etgan[6].
1996-yili Moskvadagi S. A. Gerasimov nomidagi butunrossiya davlat kinematografiya institutini bitirgach, Sankt-Peterburgdagi G. A. Tovstonogov nomidagi katta dramatik teatri qoshidagi Georgiy Tovstonogov ijodiy laboratoriyasida toʻrt yil tahsil olgan[1].
Ubaydulla Omon faoliyati davomida Oʻzbekiston xalq artisti unvoniga sazovor boʻlgan[7] va El-yurt hurmati ordeni bilan taqdirlangan. Hozirda Buxoro viloyati musiqali drama teatri rejissyori boʻlib ishlayapti[8]. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida Ubaydulla Omonga quyidagicha taʼrif berilgan:[3]
Har bir janrning sahna chizgilarini mohirona topa bilish, tomoshabinga inson dunyosi, uning ichki kechinmalari, qarashlarini yorqin boʻyoqlarda yetkazish Ubaydulla Omon ijodiga xos.[3]
Oilasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ubaydulla Omonning birinchi rafiqasi Matluba Farmonova vrach boʻlib ishlagan[9]. Ular 1967-yildan boshlab birgalikda 51 yil turmush kechirgan[8]. Matluba Farmonova 74 yoshida 2018-yil 7-iyun kuni[10], Ramazon oyining 10-sanasida vafot etgan[9]. Ubaydull Omon shundan soʻng 73 yoshida 2021-yil 22-martda Nilufar Sherova ismli 44 yoshli qizga uylangan. Taniqli aktyor va rejissyor Nilufar Sherovaning ilk turmushi hisoblanadi. Nilufar Sherova Buxoro shahar Xalq ta’limi bo‘limi ingliz tili metodisti va shahardagi 32-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻqituvchisi boʻlib ishlaydi[8]. Oʻzbekiston xalq artistining birinchi nikohidan Nargiza va Nigina ismli 2 nafar qizlari bor[9].
Izohlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 „Oʻzbekiston xalq artisti Ubaydulla Omon tavallud topgan kun“. Taqvim.uz. 2023-yil 27-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 27-iyul 2023-yil.
- ↑ 2,0 2,1 „Oʻzbekiston xalq artisti Ubaydullo Omon 72 yoshga toʻldi“. Uzreport.news (31-oktyabr 2020-yil). Qaraldi: 27-iyul 2023-yil.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 "Ubaydulla Omon" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ 4,0 4,1 „Buxoro viloyat FVB da Ubaydulla Omon va Azim Latipov bilan uchrashuv oʻtkazildi“. Buxoroisharif.uz (9-yanvar 2023-yil). Qaraldi: 27-iyul 2023-yil.
- ↑ „Ubaydulla Omon kinodagi ilk roli, oilaviy baxt sirlari va kliplardagi ishtiroki haqida (Eksklyuziv)“. Darakchi.uz (3-iyul 2017-yil). Qaraldi: 27-iyul 2023-yil.
- ↑ „O‘zbek kinosi: nega barcha filmlarda ota-ona bir xil?“. Kun.uz (21-oktyabr 2015-yil). Qaraldi: 27-iyul 2023-yil.
- ↑ „Ubaydulla Omon umuman telefon ishlatmasligi sababini ma’lum qildi (video)“. Daryo.uz (18-avgust 2020-yil). Qaraldi: 27-iyul 2023-yil.
- ↑ 8,0 8,1 8,2 „Oʻzbekiston xalq artisti Ubaydulla Omon 73 yoshida yana uylandi“. Daryo.uz (23-mart 2021-yil). Qaraldi: 27-iyul 2023-yil.
- ↑ 9,0 9,1 9,2 „73 yoshli Ubaydulla Omon o‘zidan salkam 30 yosh kichik ayolga uylanganiga farzandlari qanday munosabat bildirgani haqida so‘zlab berdi (video)“. Daryo.uz (8-aprel 2021-yil). Qaraldi: 27-iyul 2023-yil.
- ↑ „Aktyor Ubaydulla Omonning rafiqasi olamdan oʻtdi“. Daryo.uz (7-iyun 2018-yil). Qaraldi: 27-iyul 2023-yil.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |