Kontent qismiga oʻtish

Turgʻunpoʻlat Qirgʻizov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Turgʻunpoʻlat Qirgʻizov
Tavalludi 1899-yil
Vafoti 1938-yil
Fuqaroligi Oʻzbekiston
Taʼlimi Moskva Butunittifoq harbiy maktabi
Kasbi Harbiy
Faoliyat yillari 19191938-yillar

Turgʻunpoʻlat Qirgʻizov (1899-yil Namangan — 1938-yil) — qatagʻonga uchragan oʻzbek harbiy kadrlaridan biri. Oliy qishloq xoʻjaligi maktabi oʻqituvchisi.

Tarjimayi holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1899-yilda Namangan shahrida tugʻilgan. T.Qirgʻizov 1919—1920-yillarda Toshkent harbiy maktabida tahsil olgan. 1920-yil oxirida Turkiston fronti rahbari M.V.Frunze tomonidan XXSRga milliy harbiy qismlar tashkil etish uchun yuborilgan. U XXSRda milliy qismlar tashkil etish bilan birga, Junaidxon va qurolli qarshilik harakatining boshqa vakillariga qarshi kurashlarda faol ishtirok etgan. XXSRdagi harbiy faoliayti davomida T.Qirgʻizov Xiva garnizoni boshligʻi, Xorazmdagi oʻzbek va turkman otliq qismlarining qoʻmondoni, Xorazm harbiy kengashi aʼzosi va boshqa bir qator harbiy lavozimlarda faoliyat yuritgan. XXSR hukumati tomonidan T.Qirgʻizov XXSRning qizil ordeni, oltin qilich hamda toʻrt marta faxriy yorliq, tashakkurnomalar bilan taqdirlangan. bundan tashqari, SSSRning ikki harbiy ordeni bilan ham mukofotlangan. Turgʻunpoʻlat Qirgʻizov 1924-yilgacha turli harbiy lavozimlarda ishlagan. 1924-yil avgust oyidan Moskva shahridagi Butunittifoq harbiy maktabiga oʻqishga kiradi. Akademiyaning nazariya qismini 1927-yilning dekabrida tamomlaydi. Harbiy akademiyani tamomlab, Oʻzbekistonga qaytgach, Oʻrta Osiyo harbiy okrugidagi barcha jangovar harakatlarda harbiy rahbarlar qatorida ishtirok etadi[1].

Qamoqqa olinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Turgʻunpoʻlat Qirgʻizov 1937-yil 29-mayda OʻzSSR NKVD Davlat Xavfsizligi Boshqarmasi 4-boʻlimi tomonidan soovet hokimiyatiga qarshi targʻibot-tahviqot olib borganlikda ayblanib, qamoqqa olinadi[2]. Qamoqqa olingunga qadar u Oʻzbek Oliy qishloq xoʻjaligi maktabida harbiy taʼlimdan oʻqituvchilik qilgan. Tergov jarayonida uni bilgan, tanigan kishilardan Qirgʻizovga qarshi yolgʻon koʻrsatmalar olinadi. „Guvohlar“dan Qirgʻizov 1927—1928-yillarda Moskva shahridagi harbiy akademiyada oʻqiyotgan vaqtida Moskvada tahsil olayotgan oʻzbek yoshlaridan tashkil topgan aksilinqilobiy troitskiychi guruhga aʼzoligi toʻgʻrisida maʼlumot olingan. Ammo Qirgʻizovning oʻzi qamoqqa olingan kundan 1937-yilning 9-iyuligacha boʻlgan davrda „guvohlar“ning yolgʻon koʻrsatmalarini inkor etadi. 1937-yilning 9-16-iyul kunlari oʻtgan tergov jarayonida ham 1927—1928-yillarda Moskvada oʻqib yurgan vaqtidagi faoliyati haqida barcha ayblovlarni rad etgan. 1937-yil 29-sentyabrda Qirgʻizov Oʻrta Osiyo Harbiy okrugi harbiy prokurori Stepanov tomonidan soʻroq qilinadi.

Uzluksiz qiynoqlar tufayli holdan toygan Qirgʻizov soʻroq davomida „aybiga“ iqror boʻladi. Turgʻunpoʻlat Qirgʻizovning jinoiy ishi 1938-yilning 4-oktyabrida SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasining sessiyasida koʻrib chiqilib, Oʻzbekiston SSR Jinoyat Kodeksining 57-1, 64 va 67-moddalariga muvofiq aybdor deb topildi va otuvga hukm qilindi.

  1. Э. РАДЖАПОВ (2015-yil). „XX АСРНИНГ 30-ЙИЛЛАРИДА ЎЗБЕКИСТОН МИЛЛИЙ ҲАРБИЙ. ЭЛИТАСИНИНГ ҚАТАҒОН ЭТИЛИШИ ТАРИХИДАН: ТУРҒУНПЎЛАТ ҚИРҒИЗОВ ТАҚДИРИ“ (PDF). O'zbekiston tarixi. № 4-son. Qaraldi: 19-iyun 2023-yil.{{cite magazine}}: CS1 maint: date format ()
  2. Тарихнинг номаълум саҳифалари. Бешинчи китоб. Тошкент-2016: Ғафур Ғулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи — 53-bet. ISBN 978-9943-03-748-9.