Kontent qismiga oʻtish

Tuqsoba

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tuqsoba, toʻqsabo (eski oʻzbekcha — oʻz tugʻiga ega boʻlgan) — harbiy qism sarkardasi, tuqsaboshi. 1) 16—19-asrlarda Buxoro amirligida eshikoqo boshi, chigʻatoy begi singari mansablardan keyingi, miroxurdan oldingi rutba hisoblanib, uning egasi amir saroyiga otda kirish, lekin hukmdor qabulida oʻtirish huquqiga ega boʻlmagan shaxsni anglatgan. Bu mansabdor idishlarga ovqat suzish, kosalarga ichimlik, qatiq, muzdek suv va hokazo quyish, ularni xizmatkorlar orqali mashvarat yoki kengash ahliga yetkazishga masʼul hisoblangan. U, shuningdek, Harqonrud tumanini va u yerda suv taqsimotini boshqargan; 2) Amir tomonidan katta qalʼa va qoʻrgʻonlardagi harbiy garnizonni boshqarish uchun tayinlangan harbiy mansabdor. Qoʻqon va Xiva xonligida T., asosan, bir polkdan tashkil topgan harbiy qism qoʻmondoni. Rutba jihatdan chor hukumati armiyasining polkovnik unvoniga teng kelgan.