Troposfera
Troposfera (yun. tropos — burilish va sfera) — atmosferaning Yer yuzasi taʼsiri yaqqol seziladigan quyi, asosiy kismi. Bunda temperatura yuqoriga koʻtarilgan sari balandlik boʻyicha har 100 m da 0,65° ga pasayadi. Troposferaning balandligi qutbiy kengliklarda 8–10 km, oʻrtacha kengliklarda 10–12 km, ekvatorda 16– 18 km gacha yetadi. Unda atmosfera havo massasining beshdan toʻrt qismidan koʻprogʻi joylashgan. Suv bugʻining asosiy qismi Troposferaga toʻgʻri keladi. Shu sababli, bulutlar ham, asosan, shu yerda xreil boʻladi. Troposfera qatlamida turbulent va konveksiya jarayonlari ancha rivojlangan. Bu qatlamda troposfera vertikal gradiyenti quruq va nam adiabatik gradiyentlari orasida oʻzgaradi. Shunga qaramay, troposferaning yerga yaqin qismida, shuningdek, erkin atmosferada temperatura inversiyasi ham uchrab turadi. Troposferada bulutlarning asosiy turlari vujudga keladi. Xalq xoʻjaligi faoliyatiga taʼsir etuvchi yogʻin, tuman, momaqaldiroq, yer ustidagi qor boʻroni — izgʻirin va boshqalar troposferada sodir boʻladi. Troposferaning quyi qatlamlari uchun havoning kuchli changlanishi xosdir. Troposferada havo massalari uyushadi, frontlar tashkil topadi. Siklon va antitsiklonlar rivojlanadi. Troposfera strotosferadan troposfera qatlami bilan ajraladi (qarang: Atmosfera).
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |