Kontent qismiga oʻtish

Trikotaj sanoati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Trikotaj sanoati — toʻqimachilik sanoati tarmogi. Trikotaj sanoati korxonalarida trikotaj polotnolar, jumladan, texnik polotnolar, paypok, buyumlari, ichki va ustki trikotaj kiyimlar, qoʻlqoplar, bosh kiyimlar, sharflar hamda sanoat va tibbiyotda qoʻllaniladigan mahsulotlar ishlab chiqariladi. Trikotaj buyumlari ishlab chiqarish.da paxta, jun va kimyoviy tolalardan tayyorlangan iplardan keng koʻlamda foydalaniladi. Trikotaj sanoati 18-asr oxiri va 19-asr boshlarida Buyuk Britaniya va Fransiyada, 19-asr oxirlarida Rossiyada vujudga keldi.

Trikotajdan tayyorlangan kiyimlar salmogʻi muntazam ortib bormoqda. Bu trikotaj buyumlarining xizmat vazifasining yuqoriligi va iqtisodiy tejamligi bilan bogʻliq. Kimyoviy tolalar, ayniqsa, sintetik iplar ishlab chiqarish.ning muntazam oʻsib borishi, trikotaj ishlab chiqarish. texnikasinig tez rivojlanishi Trikotaj sanoatining taraqkiyotiga katta yordam berdi.

Trikotaj ishlab chiqarish. texnikasi va texnologiyasi taraqqiyotining asosiy yoʻnalishlari polotno va paypoq ishlab chiqarish. uchun avtomatlashtirilgan uzluksiz liniyalar yaratishdan, uskunalarni yanada unumliroklari bilan almashtirish orqali ishlab chiqarish. jarayonlarini jadallashtirishdan, organik eritgichlar qoʻllab polotnolarga uzluksiz ishlov berish; turli xildagi buyumlar ishlab chiqarish. boʻyicha korxonalarni ixtisoslashtirib borishdan iboratdir.

Trikotaj sanoati Oʻzbekistonda 30—40-yillarda shakllandi. 1939-yilda Oʻrta Osiyoda eng yirik hisoblangan Qoʻqon paypoqfabrikasi (1943-yildan kombinat) ishga tushirildi. 1945-yilda Toshkent tikuvchilik fabrikasi negizida trikotaj fabrikasi tashkil etildi. Unda 1960-yilda 4572 ming dona ichki va 1597 ming dona ustki trikotaj kiyimlari ishlab chiqariddi. Bundan tashqari, respublikada Toshkent ustki trikotaj kiyimlar fabrikasi (1960), Samarqand (1950), Buxoro (1961), Andijon (1968) trikotaj fabrikalari qurilib, mahsulotlar ishlab chiqara boshladi. Tarmoqdagi eng yirik korxona — Toshkentda 1941-yilda ishga tushirilgan "Malika" trikotaj ishlab chiqarish. birlashmasida erkaklar, ayollar va bolalarning 200 xildan ortiq ustki va ichki trikotaj kiyimlari ishlab chikarildi.

80—90-yillar boshida trikotaj korxonalari yangi uskunalar bilan jihozlandi, yangi korxonalar qurildi. "Malika", Buxoro, Samarqand, Qoʻqon paypoqtoʻquv kombinati tubdan rekonstruksiya qilindi, Oltinkoʻl trikotaj matolar fabrikasi, Qorasuv va Jizzax paypoq fabrikalari ishga tushirildi. Xoʻjaobod (1985), Shahrixon (1986), Chortoq (1986), Shahrisabz (1993)da trikotajtikuvchilik fabrikalari quriddi. Respublika Trikotaj sanoatida 1500 dan ortiq nomda mahsulot ishlab chikariladi. (2004).

Asosiy yirik trikotaj korxonalari Andijon (Shahrixon "Nafis", "Oltinkoʻl", "Qorasuv paypoq fabrikasi" aksiyadorlik jamiyatlari), Fargʻona (Qoʻqon "Ulugʻbek", "Uchkoʻprik" tikuvchiliktrikotaj birlashmasi aksiyadorlik jamiyatlari), Samarqand ("Bofanda" aksiyadorlik jamiyati), Jizzax ("Zilolateks" aksiyadorlik jamiyati), Qashqadaryo (Shahrisabz "Sado" aksiyadorlik jamiyati, "Kashteks" qoʻshma korxonasi), Xorazm ("Gurlan") viloyatlari va Toshkent shahrida ("Malika" aksiyadorlik jamiyati) joylashgan. Oʻzbekiston Respublikasi Trikotaj sanoatida 2003-yilda 28649 (2000-yilda 38887, 2002-yilda 32858) ming dona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarildi.[1]

  1. Musayev, Nuriddin. "Trikotaj sanoati" OʻzME. T-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil