Tovar
Tovar (rus.) — 1) ishlab chiqarish, iqtisodiy faoliyatning moddiy buyum shaklidagi har qanday mahsulot; 2) sotuvchilar va xaridorlar oʻrtasida oldi-sotdi, bozor munosabatlari obʼyekti. T. bozorda sotish, ayirboshlash uchun va shu orqali boshqalarning ehtiyojlarini qondirish uchun ishlab chiqariladigan mehnat mahsulotidir. T. faqat moddiy shaklga ega boʻlmay, u turli xizmatlar, maʼnaviy neʼmatlar va boshqa koʻrinishlarda ham boʻlishi mumkin. T. shaklini olgan mahsulot ikki yoqlama xususiyatga ega boʻlishi, yaʼni bir tomondan, u faqat sotish uchun ishlab chiqarilgan, ikkinchidan, kishilarning biror bir ehtiyojini qondira olishi kerak. Iqtisodiyotda T.ning bu ikki yoqlama xususiyati — isteʼmol qiymati, uning mehnat mahsuli ekanligi qiymat tarzida oʻrganiladi.
T.larning isteʼmol qiymati ularning boshqa tovarlar bilan almashtirish imkonini beradi. Shuning uchun tovar ishlab chiqaruvchilarni tovarning almashuv qiymati qiziqtiradi. Tovarlarni sotishdagi ularning narx koʻrsatkichi almashuv qiymatini koʻrsatadi. T.ning almashuv qiymati — biror turdagi isteʼmol qiymatning boshqa turdagi isteʼmol qiymatga ayirbosh qilinadigan miqdoriy nisbatdir. Tovarlarning almashuv qiymatiga qarashlarda turlicha taʼlimotlar mavjud boʻlib, ulardan biri "qiymatning mexnat nazariyasi" deb nom olgan. Bu nazariya asoschilari A.Smit, D. Rikardo, U.Petti va boshqa fikricha, tovarlarning tabiiy xususiyatlaridan birortasi — ogʻirligi, shakli, hajmi kabilar almashuv qiymatiga asos boʻla olmaydi, uning asosini tovarga sarflangan mexnat, almashishning zarur shartini esa ayirboshlanadigan tovarning har xil isteʼmol qiymatlari (xususiyatlari) tashkil etadi. Lekin har xil tovarlarning isteʼmol qiymati sifat jihatidan turlicha boʻlishi mumkin. Bu qarash tarafdorlarining fikricha, tovarlarni miqdor va sifat jihatlardan solishtirish, yaʼni barobarlashtirish asosi faqat unga sarflangan mehnat boʻlishi mumkin. T.da mujassamlashgan ijtimoiy mehnat uning qiymatini tashkil qiladi.
Avstriya iqtisodiyot maktabi namoyandalari fikricha, ayirboshlash mutanosib tovarlarning isteʼmol uchun qay darajada foydaliligi, yaʼni nafliligi (qarang Naflshshk) bilan belgilanadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida T.da gavdalangan mexnat va uning nafliligi T. qiymatini vujudga keltiradi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Tovar ishlab chiqarishning yuzaga kelishi hamda rivojlanishining sabablari. Kishilik jamiyatining rivojlanishida ijtimoiy xo’jalikni tashkil etishning ikkita umumiy iqtisodiy shakli ajralib turadi . Umumiy iqtisodiy shakllarning tarixan birinchisi natural ishlab chiqarish hisoblanadi. Ijtimoiy xo’jalikning bu shaklida yaratilgan maxsulotlar ishlab chiqaruvchining o’z ehtiyojlarini qondirish uchun , xo’jalik ichki ehtiyojlari uchun mo’jallangan .Tovar ishlab chiqarish natural xoʼjalikning rivojlanishi, mahsulotlar turi va miqdorining oʼsishi natijasida paydo boʼldi.Tovar ishlab chiqarish, yaʼni tovar xoʼjaligida kishilar oʼrtasidagi iqtisodiy munosabatlar buyum orqali, ular mehnati mahsulini oldi-sotdi qilish orqali namoyon boʼladi. Tovar ishlab chiqarishning natural ishlab chiqarishdan farqi shundaki, bunda tovar yoki xizmat oʼzining isteʼmoli uchun emas, balki bozorga sotish uchun yaratiladi.Tovar ishlab chiqarish ishlab chiqaruvchilar bilan isteʼmolchilar oʼrtasidagi munosabatlarning, mehnatni oʼlchash va uni jamiyatning jami mehnati tarkibiga kiritishning oʼziga xos usulidir. Natural xoʼjalikni siqib chiqarish va tovar ayirboshlashning rivojlanish jarayoni mehnat taqsimotining chuqurlashuvi, ishlab chiqarishning ixtisoslashuvi, xususiy mulkning vujudga kelishi va rivojlanishi asosida individual xoʼjaliklarning tovar ayirboshlashga, oldi-sotdiga oʼtish yoʼli bilan boradi. Аyrim turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashuv, ularni turli xil ishlab chiqaruvchilar oʼrtasida ayirboshlashni zarur qilib qoʼyadi. Ixtisoslashuv esa mehnat unumdorligining oshishiga olib keladi, demak tovar ayirboshlash faqat zarurgina emas, balki foydali boʼlib boradi.