Til osti nervi
Til osti nervi (nervus hypoglossus) – 12-juft bosh miya nervi boʻlib, adashgan nerv tomonidan innervatsiya qilinadigan tanglay-til mushagi (musculus palatoglossus)dan tashqari tilning barcha tashqi va ichki mushaklarini innervatsiya qiladi. Til osti nervi faqat motor yaʼni harakatlantiruvchi funksiyaga ega boʻlgan nerv[1]. Nerv uzunchoq miyadagi til osti nervi yadrosidan bir qancha mayda ildizchalar shaklida chiqadi va ensa suyagidagi til osti nervi kanalidan oʻtib, boʻyin orqali pastga tushadi va til mushaklarini innervatsiya qilgach til ostidan yana yuqoriga koʻtariladi. Nerv nutq va yutish jarayonlari uchun zarur boʻlgan til harakatlarini boshqarishda ishtirok etadi, shu jumladan tilni tashqariga chiqarib, uni har tomonga harakatlantiradi.
Til osti nervi yoki uni boshqaradigan boshqa nerv yoʻllarining shikastlanishi tilning harakat qilish qobiliyatiga va uning koʻrinishiga taʼsir qilishi mumkin, bunda shikastlanishning eng koʻp manbalari travma, jarrohlik amaliyotidagi jarohatlar va motor neyron kasalligidir. Nervning birinchi qayd etilgan tavsifi miloddan avvalgi III asrda Gerofilos tomonidan yozilgan. Gipoglossus nomi bu nerv til ostidan yoʻnalganligi uchun hypo (yunoncha: „ostida“) va glossa (yunoncha: „til“) soʻzlaridan kelib chiqqan.
Tuzilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Til osti nervi uzunchoq miyaning oldingi yon egati (sulcus anterolateralis)dan bir qancha mayda ildizchalar shaklida paydo boʻladi[2]. Nerv subaraxnoidal boʻshliqdan oʻtib, ensa suyagidagi til osti nervi kanali (canalis hypoglossalis) yonidagi dura materni teshib kalla suyagidan chiqadi. Til osti nervi ensa suyagidagi oʻz nomidagi kanaldan chiqqandan soʻng qattiq pardani innervatsiya qiluvchi meningeal tarmoqni chiqaradi va C1 yaʼni orqa miya birinchi boʻyin segmentining oldingi shoxidan tarmoq oladi. Keyin u adashgan nerv va qoʻshimcha nervning orqa miya boʻlimiga yaqinlashadi, adashgan nerv orqasidan pastga qarab yoʻnalib, boʻyin fassiyalarining uyqu qinida joylashgan ichki uyqu arteriyasi va ichki boʻyinturuq venasi orasidan oʻtadi[3]. Pastki jagʻ burchagi darajasida joylashgan nuqtada til osti nervi 2 qorinchali mushakning orqa qorni orqasidan chiqadi[3]. Keyin u ensa arteriyasi shoxini aylanib oʻtib, oldinga pastki jagʻ osti sohasiga boradi[3]. Til osti nervi tilosti-til mushagining lateral tomonidan oldinga, bigizsimon-tilosti mushagi va til nervining medial tomonidan yoʻnaladi[4]. U engak-til mushagiga davom etadi va tilning uchigacha boradi. Bu yoʻnalishda oʻtayotganda innervatsiyalanadigan tilning ichki va tashqi muskullariga shoxlarni beradi va oʻzi yonidan oʻtadigan bir qancha muskullarni (tilosti-til, engak-til va bigizsimon-til) nerv bilan taʼminlaydi[4].
-
Til osti nervi uzunchoq miyaning olivalaridan(13) bir nechta ildizlar(12) sifatida chiqishi.
-
Til osti nervining ensa suyagidagi til osti nervi kanali (canalis hypoglossus) orqali kalla suyagidan chiqishi.
-
Kalla suyagidan chiqqandan soʻng til osti nervi adashgan nervni aylanib oʻtib, 2 qorinchali muskulning orqa qorni ostidan oʻtadi.
-
Til osti nervi oʻzi innervatsiya qiladigan tilosti-til mushagi ostidan oʻtib, engak-til mushagiga davom etadi va til uchiga yetadi. Bu yerda nerv tilning xususiy mushaklarini qon bilan ta'minlovchi bir qancha tarmoqlarga boʻlinadi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Dale Purves. Neuroscience. Sinauer Associates, 2012 — 726-bet. ISBN 978-0-87893-695-3.
- ↑ Anthony H. Barnett. Diabetes: Best Practice & Research Compendium. Elsevier Health Sciences, 2006 — 30-bet. ISBN 978-0-323-04401-1.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 Gray's Anatomy 2008, s. 460.
- ↑ 4,0 4,1 Gray's Anatomy 2008, s. 506-7.