The Lovers
The Lovers | |
---|---|
Fransuzcha: Les Amants | |
Rassom | René Magritte |
Yil | 1928 |
Material | Kanvaga moyboʻyoq bilan ishlangan |
Oqim | Syurrealizm |
Oʻlchami | 54 sm × 73.4 sm (3,600 in × 4,920 in) |
Joylashuvi | Zamonaviy sanʼat muzeyi |
Roʻyxatga kiritilgan raqami | 530.1998 |
Veb-sayti | renemagritte.org |
The Lovers (fransuzcha: Les Amants) – belgiyalik rassom Rene Magritte tomonidan 1928-yilda Parijda chizilgan syurrealistik rasm.
The Lovers toʻrtta bir xil shunday rasmlardan iborat seriyadagi birinchi rasm boʻlib, unda ikki kishi oʻzlarining kimligini yashirgan oq mato bilan oʻralgan holda ehtiros bilan oʻpishayotganini koʻrish mumkin. Oʻrtadagi mato oshiqlarning oʻpish kabi ehtirosli harakatini umidsizlikka aylantirib, ularning birga boʻlolmasligini ifodalaydi. Hozirda rasm Richard S. Zeisler kolleksiyasining bir qismi sifatida Nyu-Yorkdagi Zamonaviy sanʼat muzeyida namoyish qilinadi[1].
Seriya
[tahrir | manbasini tahrirlash]The Lovers xuddi oʻsha yili Magritte tomonidan chizilgan toʻrtta shunga oʻxshash rasmlardan biri hisoblanadi. Seriya Avstraliya milliy galereyasida saqlanuvchi The Lovers II, The Lovers III va The Lovers IV rasmlarini oʻz ichiga oladi[2]. Bu rasmlar vahimali va sirli manzaralar hamda yuzlari oq mato bilan qoplangan juftliklar bilan boshqa rasmlardan ajralib turadi. Ushbu effektlarning kombinatsiyasi Magrittening keyinroq, 1938-yildagi maʼruzasi paytida bergan ushbu davrdagi asarlari tahliliga juda mos keladi[3]. Uning soʻzlariga koʻra, oʻsha paytdan boshlab uning asarlari „voqelikdan olingan obyektlarni tartibga solish orqali yuzaga kelgan haddan tashqari miqdordagi poetik taʼsirni muntazam ravishda izlash natijasi“ni ifoda etgan, – „bu obyektlar tabiiy almashinuv jarayoni orqali oʻzlashtirilgan real dunyoga haddan tashqari poetik maʼno beradi“[4].
Rasm maʼnosining talqin qilinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Rassom asarida bunday uslubdan foydalanishining bir necha talqini bor edi, lekin koʻp odamlar yuzlarni mato bilan yopish Magrittening bolalikdagi bir xotirasidan kelib chiqqan deb daʼvo qilishadi. U 14 yoshida onasining jasadini yuziga nam tungi koʻylagi bilan oʻralgan holda Sambre daryosidan olib chiqishlariga guvoh boʻlgan. Baʼzilar, onasining oʻz joniga qasd qilishidan kelib chiqqan jarohati Magritteni bir qator asarlarida oʻz subyektlarining yuzlarini yashirishga ilhomlantirgan deb taxmin qilishadi, ammo bu haqiqat ekanligiga hech qanday dalil yoʻq[1].
Bir qator olimlarning fikriga koʻra, mato ortiga yashirilgan figuralarning ramziy maʼnosi Magrittening 1911-yilda yozuvchilar Marcel Allain va Pierre Souvestre tomonidan yaratilgan mashhur yovuz qahramon Fantomasga boʻlgan hayratidan kelib chiqqan[5].
Boshqalar buni insonlar oʻz hayot yoʻlida bir umr hamroh boʻluvchi insonlarining kimligini toʻliq bilishining imkoni yoʻqligi tasviri sifatida talqin qilishadi, chunki hamma ham kelajakda nima kutishini bilmaydi[1].
Rassom uning rasmlari biror maʼnoga ega ekanligini inkor etib, shunday deydi: „Mening rasmlarim hech narsani yashirmaydigan koʻrinadigan tasvirlardan iborat. Ular sirlilik tuygʻusini uygʻotadi va haqiqatan ham kimdir mening rasmlarimdan birini koʻrganda oʻziga oddiy savol beradi: „Bu nimani anglatadi?“. Bu hech narsani anglatmaydi, chunki sir ham hech narsani anglatmaydi, uni anglab boʻlmaydi“. Uning turli talqinlarni rad etishi boshqalarning bu haqidagi fikrlarini shubha ostiga qoʻyadi va rasmning maʼnosi u tasvirlangan pardali yuzlar kabi noaniq ekanligini bildiradi[5].
Biroq, Magritte rasmining talqinlarini yoqtirmasdi, u: „Rassom emas, balki rasm orqali oʻz fikrini bildiradigan odamman“, – deb aytar edi[2].
Taʼsiri
[tahrir | manbasini tahrirlash]The Lovers tarix davomida boshqa sanʼat asarlarining ham yaratilishida katta taʼsirga ega sanʼat asari boʻlgan. Moda dizayneri David Delfin bu sanʼat asarini oʻzining eng munozarali kolleksiyalaridan biri uchun ilhom beruvchi sifatida tanladi, unda boshlari qalpoq bilan oʻralgan va boʻyniga slipknotlar oʻralgan modellar aks ettirilgan[6]. Ispaniyalik kinorejissyor Pedro Almodovar ham oʻz filmlarida Magritte ijodiga hurmatini izhor qilgan[7]. Los abrazos rotos filmida Penelope Cruz oʻynagan bosh qahramon erini choyshab ostida oʻpib, rasmga oʻxshash tasvirni yaratadi[8].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 „René Magritte. The Lovers. Paris 1928“. www.moma.org. Qaraldi: 2024-yil 10-fevral.
- ↑ 2,0 2,1 „Les Amants [The lovers“]. artsearch.nga.gov.au. Qaraldi: 2024-yil 10-fevral.
- ↑ „René Magritte (1898-1967)“. invaluable.com. Qaraldi: 2024-yil 10-fevral.
- ↑ Torczyner, Harry. Magritte, ideas and images. New York: Harry N. Abrams, Inc., 1977 — 215–6-bet. ISBN 0810913003.
- ↑ 5,0 5,1 „Surreal Love: Unveiling René Magritte's The Lovers“. www.moma.org. Qaraldi: 2024-yil 8-iyul.
- ↑ Riaño. „David Delfín, cosido a la irreverencia del arte“ (es). www.elespanol.com (2017-yil 4-iyun). Qaraldi: 2024-yil 12-fevral.
- ↑ Ray. „Unpacking the Modern Art in Pedro Almodóvar's Films“. anothermag.com (2019-yil 15-avgust). Qaraldi: 2024-yil 12-fevral.
- ↑ Salas González, Carlos (2014). „The surrealistic painting in Almodóvar's cinema“. Área Abierta. Revista de comunicación audiovisual y publicitaria. 14-jild, № 2. 73–82-bet. Qaraldi: 12 February 2024.