Tadrij
Tadrij (arab. — bosqichmabosqich ilgarilash, yuksalish) — mumtoz sheʼriyatdagi badiiy usullardan biri; sheʼrda, asosan, gʻazallarda muayyan obraz (yoki tushuncha)ni oʻxshatishlar vositasi bilan darajamadaraja rivojlantirib borishdan iborat. T. koʻpincha musalsal (zanjir hosil qiluvchi, silsilali) va voqeaband (syujetli) gʻazallarga xos boʻlib, bunda kitobxon koʻz oʻngida bir obraz, tushuncha yoki holatning oʻxshatishlar silsilasi orqali ifodalangan mukammal badiiy tasviri namoyon boʻladi. Masalan, Navoiyning:Yordin ayru koʻngul mulke durur sultoni yoʻq,Mulkkim sultoni yoʻq, jisme durur kim, joni yoʻq.bayti bilan boshlanadigan gʻazalida yordan ajralgan koʻngilning holati haqida soʻz boradi. 1-misrada yordan ajralgan "koʻngil" "sultonsiz mamlakat"ga oʻxshatilsa, 2-misrada "sultonsiz mamlakat" "jonsiz jism"ga oʻxshatiladi va h. Oʻxshatishlar gʻazalning oxirigacha darajama-daraja rivojlantirib boriladi va mukammal kompozitsiyani vujudga keltiradi: yordan ajralgan koʻngil — sultonsiz mamlakat — jonsiz jism — gulu rayhonsiz kora tufrogʻ — mahi tobonsiz qorongʻu kecha...
Navoiydan boshqa mumtoz shoirlar ijodida ham T. asosida yaratilgan voqeaband va musalsal gʻazallar uchraydi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |