Suyakli baliqlar
Suyakli baliqlar (Osteichthyes) — umurtqali hayvonlar sinfi. Quyi devon davridan maʼlum. Uzunligi 0,7—1,1 sm dan 5—7 m gacha, baʼzan undan koʻproq; vazni 1,5 t gacha. Ichki skeleti birmuncha suyaklangan, baʼzi turlarida togʻaydan iborat. Tangachalari ganoid, kosmoid yoki suyakdan tuzilgan. Dum boʻlaklarini togʻay yoki suyak nurlar ushlab turadi. Jabralari toʻsiq bilan boʻlinmagan, jabra teshiklari jabra qopqoqlari bilan yopilgan. Ayrim turlarining suzgich pufagi ikkilamchi tarzda yoʻqolib ketgan. Urugʻlanishi, odatda, tashqi; ayrim turlari tirik tugʻadi. Osmoregulyasiya jabralar va teri orqali ortiqcha suvning chiqarilishi orqali amalga oshadi. Dengiz Suyakli baliqlarda bu jarayon buyrak va jabralar orqali amalga oshadi. Osmoregulyasiya jarayonining keng diapozonga ega boʻlishi tufayli Suyakli baliqlar har xil shoʻrlangan suvlarda yashay oladi. Oʻtkinchi baliqlar dengizdan chuchuk suvga, chuchuk suvdan dengizga oʻtishi mumkin.
Suyakli baliqlar parrak suzgichli va nur suzgichli kenja sinflarga boʻlinadigan 33 turkum 420 oila va 20000 ga yaqin turni oʻz ichiga oladi. Oʻzbekiston suv havzalarida Suyakli baliqlar ning 8 turkum, 14 oilaga mansub 48 turi tarqalgan. Suyakli baliqlar ning 18 turi, jumladan 3 ta Oʻrta Osiyo endemik turi Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |