Suv resurslari
Suv resurslari – foydalanish uchun yaroqli boʻlgan yer usti, yer osti suvlari va tuproqdagi nam zaxiralari. Sr. asriy (yer usti qatlamlari, Qutb va baland togʻ muzliklari, yirik koʻllar va shu kabida toʻplangan chuchuk suvlar) va qayta tiklanadigan (daryo oqimlari, yer osti suvlarining oʻzgaruvchan va dinamik zaxiralari, koʻllar hajmining bir qismi va boshqalar) turlarga boʻlinadi. Suv resurslari deganda suv obʼyektlari – daryo, koʻl, dengizlar ham tushuniladi, chunki ulardan kema qatnovi, gidroenergetika, baliq xoʻjaligi, dam olish, turizm va boshqa maqsadlarda foydalaniladi. Gidrosferadagi turgʻun suv zaxiralarning faqat 2,5% gina chuchuk suv (uning faqat salkam 1% dan kishilar foydalana oladilar), 70% muzliklar, qolgani tuproq nami shaklida. Daryolar, oqar koʻllar va koʻpchilik yer osti suvlari ham chuchuk. Yerning Dunyo okeani, yer osti suvlari, muzliklar, tuproqdagi nam, daryo(oʻzan) suvlari, atmosfera bugʻlari— gidrosferada, ayrim hisob kitoblarga koʻra, 1454 327,2 ming km³ turgʻun suv resurslari bor. Nazariy jihatdan suv resurslari bitmas tuganmas, chunki bu resurslardan oqilona foydalanilganda suv resurslari aylanib yangilanib turadi. Lekin koʻpgina mamlakatlarda suv resurslaridan qishloq xoʻjaligi., sanoat, kommunal xoʻjaligi va boshqa maqsadlarda foydalanishning ortishi hamda turli omillar taʼsirida, birinchi navbatda ishlatiladigan iflos suvlarni tozalamay daryo va koʻllarga oqizilishidan suv manbalarining ifloslanishi natijasida 20-asr oxiriga kelib insoniyat oldida suv takchilligi muammosi paydo boʻldi. BMT tomonidan kelajakda insoniyatni chuchuk suv bilan taʼminlash muammolariga bagʻishlangan Suv resurslari boʻyicha 3jahon forumi oʻtkazildi (2003, Yaponiya, Kioto), 2003-yil Xalqaro chuchuk suv yili deb eʼlon qilindi. Oʻrta Osiyoda Sr., asosan, daryo oqimlari va yer osti suvlarining dinamik zaxiralari (tiklanadigan resurslar), shuningdek, togʻlardagi muzliklar va koʻllarning asriy suv zaxiralaridan tashkil topadi. Daryo oqimlari togʻlarda mavsumiy qor qatlamlari, muzliklar va krrliklarning erishi, shuningdek, yogʻinlar natijasida hosil boʻladi. Togʻlardagi yer osti suvlari yukrridagi sanab oʻtilgan suv olish manbalari hisobiga vujudga keladi. Togʻoldi va sugʻorma mintaqalarda yer osti suvlari, asosan, yer usti suvlari hisobiga toʻyinadi. Daryo va yer osti suvlarining suv resurslari oʻzaro bir-biriga bogʻliq. Yer osti suvlaridan juda katta miqdorda foydalanish daryo oqimini kamaytirib yuboradi. Oʻrta Osiyoning sugʻorma dehqonchilik mintaqalarida daryo suvlarining yillik resurslari 114 km³ ni, jumladan, Amudaryoda (Zarafshon va Qashqadaryo bilan birga) – 74,7 km³, Sirdaryoda – 39 km³, Tajan va Murgʻobda – 2,4 km³ ni tashkil etadi. Suv resurslari hududiy jihatdan notekis joylashgan boʻlib, togʻlarda hosil boʻlsada, keng tarmoqli sugʻorish kanallari yordamida, asosan, tekisliklarda foydalaniladi.
Suv resurslarining hududiy jihatdan notekisligi suv isteʼmolidagi tanqislikni vujudga keltiradi. Uni bartaraf etish uchun oqimning bir qismi mintaqadan boshqasiga qayta taqsimlanadi. Oqimni qayta taqsimlash Amudaryo (Qoraqum, AmuBuxoro, Katta Hisor, Qarshi kanallari va boshqalar) va Sirdaryo (Katta Fargʻona, Katta Andijon, Katta Namangan, Janubiy Mirzachoʻl kanallari va boshqalar) havzalarida juda katta hajmda amalga oshirilgan (qarang Daryolarni havzalararo oqizish, Davlat suv fondoʻ).
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Irrigatsiya Oʻzbekistana: v 4x, t.d. 1 – 4, T., 19751981; Lvovich M. I., Mirovoʻe vodnie resursoʻ i ix buduheye, M., 1974; Bahritdinov B. A., Oʻrta Osiyoning daryo va zovur suvlari gidroximiyasi, T., 1983.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |