Kontent qismiga oʻtish

Sud ajrimi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sud ajrimi (OʻzRda) - jinoyat ishini koʻrish paytida 1-instansiya sudi chiqaradigan hukmdan boshqa sud qarori. Sud ajrimi chiqarish tartibi hal qilinayotgan masalaning harakteriga bogʻliq. Ishni qoʻshimcha tergov oʻtkazish uchun prokurorga yuborish, yangi ayblov boʻyicha yoxud yangi shaxsga nisbatan ish qoʻzgʻatish, ishni tugatish yoki toʻxtatish, ehtiyot chorasini tanlash, oʻzgartirish yoki bekor qilish, rad etish toʻgʻrisidagi ajrimlar, shuningdek, xususiy ajrimlar sud tomonidan alohida xonada (maslahatxonada) chiqariladi. Bu ajrimlar alohida xujjatlar tarzida rasmiylashtiriladi va sud tomonidan imzolanadi. Boshqa barcha ajrimlar sudning xohishi bilan yuqorida koʻrsatilgan tartibda yoki oʻz joyida chiqarilib bu ajrim sud majlisining bayonnomasiga yozib qoʻyiladi. Sud muhokamasi vaqtida sudning chiqargan har bir ajrimi darhol eʼlon qilinishi kerak.

Fuqarolik va xoʻjalik protsessida 1-instansiya sudi chiqargan Sud ajrimi ishni mazmunan hal qilmaydi, lekin uni oʻz vaqtida, toʻgʻri hal etish maqsadida qabul qilinadi. Sud ajrimi maslahatxonada, murakkab boʻlmagan masalalar boʻyicha esa, bevosita sud majlisi chogʻida kengashib, qabul qilinishi mumkin. Bunda chiqarilgan Sud ajrimi sud majlisi bayonnomasiga kiritiladi va darhol eʼlon qilinadi.

Davlat organlari, korxona, muassasa, tashkilot, jamoat birlashmalari yoki mansabdor shaxslarning ish yuzasidan aniqlangan qonunga xilof holatlarga eʼtiborlarini jalb qilish zarur boʻlsa, jinoyat sodir etilishiga olib kelgan sabab va sharoitlarni koʻrsatib, ularni bartaraf qilish choralarini koʻrish toʻgʻrisida sud xususiy ajrim chiqarishga haqlidir.

Sud ajrimini yuqori bosqich sudi (sud rayosatidan tashqari) yuqori instansiya sudlarining hukm, ajrim va qarorlarini apellyasiya, kassatsiya va nazorat tartibida koʻrib chiqib qabul etadi va sud zalida darhol eʼlon qiladi.