Spartak
Spartak (miloddan avvalgi 71-yil) — Qadimgi Rimda koʻtarilgan qullarning yirik qoʻzgʻoloni rahbari. Frakiyalik shohlar xonadoniga mansub boʻlgan. Rimliklarga asir tushib, qul qilib sotib yuborilgan va Kapuyadagi gladiatorlar maktabiga olingan. Bir guruh gladiatorlar (taxminan 70 kishi) bilan Vezuviyga ko'chgan. Tez orada uning lashkari qochoq qullar va ozod ijaradorlar hisobiga koʻpayib 10 ming kishiga yetgan. Spartakka qarshi yuborilgan rimliklar otryadlari (dastlab 3 ming, soʻngra 10 ming kishi) tormor qilingan. Qoʻzgʻolon Italiyaning janubiy viloyatlariga tez tarqalgan. Spartak oʻz armiyasini (taxminan 70 ming kishi) Apuliya va Lukaniya tomon boshlagan. Spartak armiyasi Rim harbiy tartibotiga asosan tashkil etilgan. U qattiq harbiy intizom oʻrnatgan. 72-yilda Rim senati Spartakka qarshi 2 armiya yuborgan, biroq Spartak qoʻshini ularni boʻlib yuborib, tormor keltirgan. Spartak armiyasi Adriatika dengizi sohili boʻylab butun Italiyani va Sizalpin Galliyasi (hozirgi Shimoliy Italiya)ni bosib oʻtgan va Mutina yaqinidagi jangda Rim prokonsuli Kassiy qoʻshinini yenggan. Spartakning rejasi, aftidan, qullarni Italiyadan olib chiqib ketish boʻlgan. Biroq Kassiy ustidan qozonilgan gʻalabadan soʻng u qoʻshinni janubiy tomon qaytargan. Rimda qoʻzgʻolonchilarga qarshi kurashish uchun 6 ta yangi legion tashkil etiladi, qoʻmondon etib yirik siyosiy arbob Krass tayinlanadi. Krass armiyasi qoʻzgʻolonchilar bilan jangga kirishmay, ularni taʼqib etgan. Spartak Sitsiliyaga oʻtib olish uchun kemalar yetkazib berish haqida kilikiyalik qaroqchilar bilan kelishgan. Lekin qaroqchilar Spartakni aldashgan: Spartak armiyasi eson-omon Messina boʻgʻoziga yetib kelganda, u ortidagi Italiyadan ajralib qolgan (Krass dengizdan dengizgacha uzunligi 55 km, kengligi va chuqurligi 4,5 m xandaq qazishni, uni devor bilan mustahkamlashni buyurgan). Spartakchilar bu istehkomni yorib oʻtganlar, shturm chogʻida qoʻzgʻolonchilarning taxminan 2/3 qismi halok boʻlgan. Spartak armiyani tezda toʻldirib uning sonini 70 ming kishiga yetkazgan, soʻngra Brundiziya tomon yoʻl olgan, maqsadi Gretsiyaga oʻtib olish edi. Rim senati Spartakka qarshi Pompey Gney va Mark Lukull boshchiligida qoʻshin yuborgan. Rim armiyalarini oʻzaro qoʻshilib harakat qilishlaridan xavfsiragan Spartak Krase bilan Apuliya va Lukaniya chegarasida hal qiluvchi jang qilishga majbur boʻlgan (71 y. bahori). Spartak armiyasi (taxminan 60 ming kishi) tormor keltirilgan, Spartak jangda halok boʻlgan. Taxminan 6 ming qoʻzgʻolonchi Rimdan Kapuyaga boradigan yoʻl boʻylab oʻrnatilgan dorlarga chormixlab qoʻyilgan. Qoʻzgʻolon tarqoq holda yana bir necha yil davom etgan. Spartak qoʻzgʻoloni Rimda hokimiyatni imperatorlik boshqaruvi shakli oʻrnatilishini tezlashtirgan. Chunki quldorlar qulchilik tuzumini saqlab qolish uchun kuchli davlat hokimiyati zarurligini anglaganlar.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |