Siroj Hakim
20-asr boshlarida Oʻrta Osiyo yerlarida, jumladan, Buxoroda ham jadidchilik harakati avj oldi. Uning asosiy maqsadi mamlakat maktab va taʼlimini isloh qilish, yangi matbuot va adabiyotlarni tarqatish, siyosiy va madaniy madaniyatni shakllantirishdan va asosiysi xalqni uyg`otishdan iborat edi. Jadidchilik harakatining mashhur namoyandalaridan biri, “Yosh Buxoroliklar” harakati a`zosi, o‘z davrining eng ko‘zga ko‘ringan, bilimdon kishilaridan biri atoqli savdogar, sayyoh va doktor Mirzo Siroj Hakim edi.
Mirzo Siroj 1877-yil 23-oktabrda Buxoroning Ismoilxo‘ja mahallasida sarrof va savdogar oilasida tug‘ilgan. Uning otasi hoji Abdurrauf Mirzoxurd juda boy va Buxoroda taniqli shaxs edi. U yolg‘iz o‘g‘lining ta’lim olishini, faoliyatini davom ettirishini orzu qilardi. Shu bois u besh yoshidanoq o‘g‘lini ilm-fanga, san’atga yo‘naltirishga alohida e’tibor bergan. Yosh Sirojiddin maktab va madrasa ilmlarini o‘rgangach, ustozlari qo‘lida axloq, tarix, adabiyot, arifmetika, geografiya, matematika, fors, turk, arab, rus, fransuz tillarini puxta o‘rgandi. Shu bilan birga, u she’riyatga mehr qo‘ydi, uning forsi she’rlari Buxoro adabiy doirasi tomonidan yaxshi kutib olindi. U voyaga yetkach dastlabki faoliyatini otasining kichik bir sarroflik do`konida boshlab keyinchalik o`zi mustaqil ravishda paxta savdosi bilan shug`ullangan.
U ish yuzasidan Marg‘ilon, Andijon, Jizzax, Toshkent, Chimkent, Jambul kabi shaharlarga ko‘p sayohat qiladi, mahalliy turmush tarzi bilan tanishadi. Mirzo Siroj Sadriddin Ayniy va Munzim tavsiyasi bilan Sadri Ziyo xonadonida o‘z davrining mashhur kitobi – Ahmad Donishning “Navodir-ul-vakoe”si bilan tanishadi. Qori Rahmatullohi Vozehning “Savoneh-ul-masolik va farosix-ul-mamolik”(“Yo`llarning qulayliklari va mamlkatlarning masofalari”) (1887) asarini o‘qish va turli xil savdogar va sayohatchilardan Rossiya imperiyasi, Usmonlilar davlati, Eron, Hindiston, Afg`oniston va ayniqsa Yevropa mamlakatlari ko`p ma`lumotlarni eshitishi yosh Sirodjidin qalbida sayohat orzusini uyg‘otadi. Mirzo Siroj 1902-1909-yillarda Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida, xususan, Avstriya, Vengriya, Bolgariya, Serbiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Rossiya, Polsha va Eron kabi Sharq mamlakatlarida savdo qilgan. Afg'oniston, Turkiya, Arabiston, Hindiston va boshqalarga sayohat qilgan. Mirzo Siroj 1902-yil 5-iyunda Buxoroda uchrashgan Avstriya shahzodasining taklifini bajarish bahonasida Yevropaga olti oylik safarga otlanadi. Turkman cho‘li orqali Krasnovodskka, u yerdan Kaspiy dengizi bo‘ylab Bokuga, u yerdan Tiflis va Batumiga boradi. Qora dengiz orqali Turkiyaga kelib, Samsun va Istanbul shaharlarini aylanib chiqadi. U yerdan Sofiya, Budapesht, Vena, Berlin, Parij, London, Bern, Marseille, Milan, Varshava, Moskvaga boradi va Ryazandan temir yoʻl orqali Buxoroga qaytadi.
Mirzo Sirojning ikkinchi safari 1903 yilning mart oyida bo‘lgan. Bu safar u Eronning bir qator shaharlari, jumladan Mashhad, Nishopur, Sabzavorga sayohat qilib, 1905-yil 16-iyunda vataniga qaytib keladi. Bu safar davomida u Sabzavor shahrida sakkiz oy qoladi. Keyin Hirot, Kobul va Mozori Sharifdan o`tadi. Sabzavor shahri haqida shunday deydi: “Sabzavor Xurosonning qudratli va obod shaharlaridan biridir. Shahar havosi juda yoqimli. Xurosonning boshqa shaharlariga nisbatan toza va ozoda. Sabzavorda bug‘doy, arpa, paxta ko‘p. Paxta va jun savdosi ham yuqori. Ko'plab mahalliy va xorijiy korxonalar mavjud. Sabzavordagi savdogarlarning aksariyati g‘arbliklar. Tabrizda ham yirik bizneslari bor. Ular g‘alla, yog‘ va shakar, choy va boshqalarni sotadilar, paxta va jun sotib oladilar. Sabzavor paxtasi Xurosonning boshqa shaharlaridan afzaldir”. Eronning boshqa bir shahri Mashhadda Mirzo Siroj biznes bilan shug‘ullanishini aytadi: “Mashhadda ko'proq sayr qildim, oxiri zerikib ham ketdim va bir ish bilan shug'ullanishim kerakligini angladim. O'zimdagi pul, Qo'qondagi tijorat mollari va Xitoy bankining biletlari va boshqalarini keltirib, bu yerda arzon bo'lgan paxta va terilarni sotib oldim. Olgan narsalarimni Sabzavor, Nishopur va boshqa hududdan kelgan tijoratchilarga berdim, shu bahona Nishopurga ham borib sayr qildim”.
Mirzo Siroj 1905-yil iyulidan 1909-yil oxirigacha davom etgan uchinchi safari chogʻida Eron, Afgʻoniston va Hindistonning qator shaharlarida boʻladi. Eronda 1905-1911 yillardagi inqilobning bevosita guvohi bo‘lgan. 1903 yilda Erondagi mashhur Tehron tibbiyot kolleji (hozirda Tehron tibbiyot universiteti)ga o'qishga kiradi. Uni tamomlab, kollejda o'qituvchilik va Mozandaron kasalxonalarining birida vrachlik faoliyatini olib boradi. Tez orada, Eronda “Doktor Mirxon” nomi bilan mashhur bo'ladi. Ko'p vaqt o'tmay, uning dovrug'ini eshitgan Afg'oniston amiri Habibullaxon Mirzo Sirojiddinni ishga taklif etadi, u yerda "Doktor Sobir" nomi bilan faoliyat yuritib shuhrat qozonadi.
Mirzo Siroj 1909-yil dekabr oyida vataniga qaytgach, Buxoroda yevropacha kasalxona ochadi va odamlarni yangicha davolashga kirishadi. Turli mamlakatlarga sayohat qilish, rivojlangan davlatlarning taraqqiyotini ko‘rish, matbuoti bilan tanishish, boshqa xalqlar maorifchilarining asarlarini o‘qigan Mirzo Sirojiddining qalbida o`z yurtini tanazzuldan qutqarish va xalqni ma`rifatli qilish orzusini uyg`otadi. Shuning uchun u “Yosh Buxoroliklar” harakatining faol ishtirokchisi bo`ladi.
Mirzo Sirojiddin uzoq yillik safarlari davomida ko'rganlari va xotiralarini “Tuhafi ahli Buxoro” (“Buxoro ahlining tuhfalari”) nomli asarida sodda va ravon tilda hikoya qilib qoldirgan. 1910-yilda muallif asarni qo'lyozma nusxasini yozib tugatgan va 1912 yilda esa Kogon bosmaxonasida toshbosma nusxasi nashr etilgan. Asarning qo'lyozma nusxasi fors tilida yevropa qog'ozida yozilgan. Jami bo'lib, 193 sahifani o'z ichiga oladi, uning o'lchami 13x20, yaxshi holatda, kirish va xotimasi bilan to'liq saqlangan.
Mirzo Siroj nafaqat ajoyib shoir va yozuvchi, balki mohir publitsist va jurnalist ham edi.[1] U birinchi tojik tilidagi gazeta «Buxoro sharif»ning asoschilaridan biri bo‘lib, uning sahifalarida ijtimoiy xarakterdagi she’r va maqolalari bilan chiqqan. Bu gazeta 1912-yilda Buxorolik yana bir ma`rifatparvar Mirzo Muhyiddin bilan birgalikda Kogon(Yangi Buxoro)da chop etilgan. Mirjalol Yusufzoda muharrirligi ostida 1912-yilning 14-iyuliga qadar haftada bir marta, keyinchalik esa haftada to'rt marta nashr etiladi. 1912-yilning iyulidan “Buxoroi Sharif”ga ilova tarzida eski o'zbek (turkiy) tilida “Turon” gazetasi nashr qilina boshlandi. “Turon” dastlab ilova tarzida haftada ikki marta chop etilgan, o'sha yilning sentyabridan esa mustaqil nashr sifatida faoliyat yurita boshlagan. Har ikki gazeta 2600 (“Buxoroi Sharif” — 800, “Turon” — 1800) nusxada nashr etilgan. “Buxoroi sharif” gazetasi oradan bir yil o'tib, 153-sonidan so'ng yopib qo'yiladi. Mirzo Sirojiddin “Buxoroi Sharif”ning ilk sonlaridan boshlab “Hakim Buxoriy” taxallusi bilan maqolalar e'lon qilib boradi. Masalan, “Ro'znomaning ba'zi foydalari” maqolasida gazetalar xalq dunyoqarashini o'zgartirishi, kitob mutolaasi, qanday yashashni o'rganish, dunyo yangiliklari va xalqlari ahvolidan xabardor bo'lish uchun eng muhim vosita ekanini ochib ¬ beradi. Mirzo Sirojiddinning masnaviy usulida yozgan “Yod bod” (“Yodda bo'lsin”) nomli she'ri 1913-yilda “Oyna” jurnalining 2-sonida chop etiladi. She’r va maqolalari Eronning “Navbahor” va “Tus”, Turkistonning “Samarqand” gazetasi va “Oyna” jurnalida ham chop etilgan
Muallif o'z chiqishlarida tarixiy tafakkurni shakllantirish masalasiga alohida e'tibor qaratadi. Allomalar yurti bo'lgan Markaziy Osiyoda ilm nufuzi pasayib ketgani, aholini savodli qilishdagi kamchiliklar va ta'lim tizimidagi muammolarni jiddiy tanqid qiladi. Buyuk ajdodlarimizga munosib avlod bo'lish uchun tarixdan to'g'ri saboq chiqarishimiz, ilm-fanni rivojlantirish, kitob o'qish lozimligini bayon etgan. Shuningdek, “Hifz-us-sihhat” sarlavhasi ostida tibbiyot va salomatlikka oid 30 dan ortiq qimmatli maqolalar e’lon qilgan.
Mirzo Siroj “Buxoroi Sharif” nashri orqali bir qancha jadid arboblari, jumladan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurrauf Fitrat, Abdulqodir Muhyiddinov bilan yaqindan tanishdi.
Mirzo Siroj 1913-yilda to‘rtinchi marta sayohat qiladi, lekin yo‘lda uning kasalligi kuchayib, 1913-yil 21-dekabrda Eronning Rasht shahridan Buxoroga qaytib keladi va bir yosh o'g'il bir qizcha otasi unda 1914-yil yanvar oyi o‘rtalarida sil kasalligi tufayli vafot etadi. “Oyina” jurnali bosh muharriri Mahmudxoʻja Behbudiy Mirzo Siroj vafotidan soʻng oʻzining majallasida “Ziyo'i alim” ("Achchiq yo'qotish") degan maqolani chop etib ta'ziya bildiradi. Shuningdek, Mirzo Siroj vafoti munosabati bilan “Oyna” jurnalining 14-sonida Sadriddin Ayniyning qayg`uli marsiyasi chop etiladi.
Xulosa qilib aytganda, XX asr boshlarida Buxoro amirligida yashab ijod qilgan Mirzo Sirojiddinning ma'rifatparvarlik qarashlari va uning “Tuhafi ahli Buxoro” asari komil inson tarbiyasida muhim o'rin egallaydi.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Qori Rahmatulloh Buxoriy [Vozeh], Tuhfat ul ahbob fi tazkirat ul ahbob, Buxoro, 2001; Nizomiddinov I., Sayyohlarning yozganlari, Toshkent, 1960.
- Мирзо Сирожиддини Хаким. Туҳафи аҳли Бухоро. – Душанбе: «Ирфон», 1984.
- Inoyatov.S. Matbuotchi, tabib va jahongashta sayyoh// Buxoronoma. 50 son.- Buxoro, 2020.
- D.Jamolova. Ahmad Donishning vorisi// Tafakkur. 2 son-Toshkent, 2018, 86-87 betlar
- Ziyo'i alim// Oyna. 12 son.- Samarqand, 1914, 291-292 betlar.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |