Shukuriy Fargʻoniy
Shukuriy Fargʻoniy (asl nomi Abdushukur ibn Ortuqbek) (XVIII asr oxiri, Fargʻona — XIX asr 2- yarmi, ?) — shoir.
Yoshligida Samarqandga kelib qolgan. Egarsozlik va naqqoshlikda ham nom chiqargan. Oʻsha davrda Samarqandda qurilgan koʻpgina binolarda Shukuriy Fargʻoniy naqshlari mavjud. Amir Nasrulloh taklifi bilan Buxoroda ham naqqoshlik qilgan.
Shukuriy Fargʻoniy mumtoz sheʼriyatning gʻazal, masnaviy, qasida, taʼrix va boshqalar janrlarida ijod etgan. Aksariyat masnaviylari hasbi hol va ijtimoiy-didaktik xarakterga ega. Taʼrixlarida davrning muhim voqealari (yirik binolar qurilishi, amirning yurishlari va atoqli kishilarning vafot qilgan vaqti) qayd etilgan. Lirikasida ishqiy kechinmalar tasviri, turmushdan shikoyat motivlari muhim oʻrin tutadi. Shoirning „Fargʻona chekar“, „Judoyi Fargʻona“, „Rozi dilim eshitgil“ kabi sheʼrlarida tugʻilgan yurtiga hurmat, uni sogʻinish va qoʻmsash tuygʻulari ifodalangan. Shukuriy Fargʻoniy devonining qoʻlyozma nusxalari Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Sankt-Peterburg boʻlimi (inv. № 1581) va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida (inv. № 5021) saqlanadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |