Kontent qismiga oʻtish

Shuhrat Qayumov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Shuhrat Qayumov
Tavalludi
Vafoti 22-sentyabr 2020-yil(2020-09-22)
(51 yoshda)
Toshkent
Faoliyat yillari 1989–2020-yillar
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Turmush oʻrtogʻi Umida Qayumova
Mukofotlari „Madaniyat va sanʼat fidokori“ koʻkrak nishoni

Shuhrat Qayumov (1969-yil 5-mart, Oʻsh, Qirgʻiziston – 2020-yil 22-sentyabr, Toshkent) — taniqli suxandon, qoʻshiqchi hamda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi. Shuhrat Qayumov uzoq yillar mobaynida „Assalom Oʻzbekiston“ va „Ohangrabo“ kabi koʻrsatuvlarni tayyorlab, unda boshlovchilik qilgan. Xonanda sifatida „Gʻanimatim onajon“, „Siz oʻshamu?“, „Aytsam tilim, aytmasam dilim“ kabi mashhur qoʻshiqlarni kuylagan. U, shuningdek, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, „Madaniyat va sanʼat fidokori“ koʻkrak nishoni sohibi hamdir[1][2].

Hayoti va faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shuhrat Qayumov 1969-yil 5-mart kuni Qirgʻizistonning Oʻsh shahrida tugʻilgan[3]. Oʻsh shahridagi maktabni tamomlagach, oʻqish maqsadida Toshkentga kelgan. 1991-yil Mannon Uygʻur nomidagi Oʻzbekiston davlat sanʼat institutining dramma teatrligi va kino aktyorligi fakultetini tamomlagan. Shuhrat Qayumov oʻz faoliyatini 1989-yil Navroʻz milliy etnografik teatrida boshlagan. 1990-yildan „Oʻzbekiston“ telekanalidagi uzoq yillik suxandonlik faoliyati boshlandi. Qayumovning xonandalik faoliyati 1993-yilda boshlangan boʻlib, shu yili ustozlarining tavsiyasi bilan „Anor“ nomli televezion qoʻshiqlar koʻrik-tanlovida ishtirok etdi. 19951997-yillarda boʻlib oʻtgan boshqa tanlovlarda ham ishtirok etib, sovrindorlar qatoridan oʻrin egallagan. Qoʻshiqchilik faoliyati davomida Qayumov 20 yaqin albom chiqardi. Sanʼat va madaniyat sohasida koʻrsatgan uzoq yillik xizmatlari uchun 2004-yili Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist unvonini olgan. Sogʻligʻi yomonlashuvidan avval „40 mumtoz tarona“ nomli albom ustida ishlagan. Ammo, ahvoli ogʻirlashgani tufayli bu ishni yakuniga yetkaza olmagan. Xonanda albom uchun qoʻshiqlarni 30 ga yaqin studiyada kuylagan[4].

Shuhrat Qayumov 2020-yil 22-sentyabr kuni vafot etdi. Dastlab xonandaning vafot etish sababi hech qaysi manbada oshkor qilinmadi[5]. Xonanda Mohira Asadova oʻz Facebook sahifasi orqali Shuhrat Qayumovning oʻlimiga nima sabab boʻlganini quyidagicha ochiqlagan[6]:

Bundan ikki yilcha avval Shuhrat Qayumov bilan bir syomka davomida ancha suhbatlashib qolganimizda u kishi koʻp vaqtdan beri betobligi va bu betobligining sababi esa viloyatlarning birida oʻtkazgan toʻy marosimida ochiq va sershamol boʻlgan yerda terlab turib, qoʻshiq aytgani va shu tadbirdan soʻng ikki tomonlama pnevmoniya boʻlgani, bu kasallikning davomi esa saraton kasalligiga ulanib ketgani va bu kasallikka davo izlab Moskva shahriga borib kelgani haqida tushkun bir kayfiyatda soʻzlab berib, meni gʻamgin qilgan edi. Ming afsuski, bu bedavo dard bugun safimizdan yana bir doʻstimizni olib ketdi…

  1. uz, Daryo „Taniqli suxandon va xonanda Shuhrat Qayumov 51 yoshida olamdan o‘tdi“ (uz-latn). Daryo.uz (2020-yil 22-sentyabr). Qaraldi: 2023-yil 13-dekabr.
  2. „Shuhrat Qayumov vafot etdi“ (uz-Latn). Газета.uz (2020-yil 22-sentyabr). Qaraldi: 2023-yil 13-dekabr.
  3. „O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shuhrat Qayumov olamdan o‘tdi - Zamin.uz“ (uz). O‘zbekiston, dunyo yangiliklari, so‘nggi xabarlar – Zamin.uz. Qaraldi: 2023-yil 13-dekabr.
  4. uz, Kun „«Ibodat uchun jonini fido qilardi» – Shuhrat Qayumov yaqinlari xotirasida“ (uz). Kun.uz. Qaraldi: 2023-yil 13-dekabr.
  5. O‘zbekiston, Sputnik „O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shuhrat Qayumov vafot etdi“ (uz). Sputnik O‘zbekiston (22-sentyabr). Qaraldi: 2023-yil 13-dekabr.
  6. uz, Daryo „Aziza Niyozmetova, Hoshim Arslonov, Jamshid Zokirov va saratondan vafot etgan boshqa o‘zbekistonlik san’atkorlar (foto)“ (uz-latn). Daryo.uz (2022-yil 8-oktyabr). Qaraldi: 2023-yil 13-dekabr.