Shota Rustaveli
Shota Rustaveli (12-asr) — gruzin shoiri. Yangi gruzin tili asoschisi. Biografiyasiga oid maʼlumotlar „Yoʻlbars terisini yopingan paxlavon” dostoni (1712) muqaddimasida uchraydi. Shoir Gruziyada Tamara (1184—1213) va uning eri David Soslani xukmronligi davrida davlat xazinachisi boʻlgan. „Yoʻlbars terisini yopingan paxlavon” dostoni jahon adabiyoti durdonalaridan biri. Unda ijtimoiy, axloqiy masalalar adibning yuksak ideallari bilan qoʻshib talqin qilingan. Asarda qahramonlik, chin insoniy muhabbat, oliyhimmatlik, poklik ulugʻlangan, zulmkorlik qoralangan. Turli xalq vakillari — Avtandil (arab), Tariel (hind) obrazlari orqali xalqlar doʻstligi madh etilgan. Neston — Darijon misolida esa ayollarga xos ajoyib insoniy fazilatlar umumlashtirilgan. Asar qahramonlari baxt va adolat tantanasi uchun kurashuvchi kishilar boʻlib, ularda 12-asrda Gruziyada yashagan ilgʻor kishilarning eng yaxshi fazilatlari mujassamlashgan. Shoir qoʻrqoq va ikkiyuzlamachi shoxlarni qoralagan. Ammo insonparvar podsho boshchiligidagi yagona, birlashgan, kuchli davlat tuzilishini orzu qilgan.
Shota Rustaveli jahon adabiyotida birinchi boʻlib, savdogarlar hayotining real kartinasini chizgan va uni ideallashtirilgan saroy ritsarlari hayotiga qarama-qarshi qoʻygan. Shaxs erkinligi, fikr va tuygʻular erkinligi madh etilgan. Umumbashariy gʻoyalarni birinchi oʻringa qoʻyib, qahramonlar psixologiyasi, voqealar mohiyatini chuqur ocha bilgan. Qadimiy milliy madaniyatni, folklorning eng yaxshi anʼanalarini oʻzlashtirib, gruzin sheʼriyatini yuqori pogʻonaga koʻtargan. Shota Rustavelining poetik nutqi majoziyligi, hikmatlarga boyligi bilan ajralib turadi. Asari jahon xalqlari tillariga, jumladan, oʻzbek tiliga tarjima qilingan (Mirtemir, Shayxzoda hamkorlikda, 1959). Toshkentning markaziy koʻchalaridan biriga Shota Rustaveli nomi berilgan.[1]
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Baramidze A., Shota Rustaveli, M, 1966.
- Inogʻomov R., Gruzin adabiyotining quyoshi, T., 1966.
- Yoʻlbars terisini yopingan paxlavon, T., 1959.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |