Shokirjon Rahimiy
Rahimiy Shokirjon (1898, Toshkent — 1938.4.10) — maʼrifatparvar. Otasi qoʻlida xatsavodini chiqargach, madrasada, usuli jadid maktabi va kechki rustuzem maktabida oʻqigan (1903— 09). "Rahimiya" maktabida oʻqituvchilik qilgan (1909—19). R. "Turon" teatr toʻdasi faoliyatida qatnashish bilan birga Xalq universiteti (1918), "Ishtirokiyun" gaz. (1919) va "Nashri maorif" jamiyatining tashkil etilishi (1923)da tashabbuskor boʻlgan. 1912-yildan boshlab usuli jadid maktablari va turli oʻquv yurtlari uchun oʻquv qoʻllanmalarini nashr etgan. Oʻzbek tilidagi birinchi alifbe darsligi — "Sovgʻa" (1919), shuningdek, "Ona tili" (1918, Fitrat va Q. Ramazon bilan hamkorlikda), "Kattalarga oʻqish", "Alifbe darsligi" (1922), "Kattalar yoʻldoshi" (1924), "Kattalar alifbesi" (1927), "Savod" (1930), "Oʻzbek tili. Ish kitobi" (1932) singari darslik va oʻquv qoʻllanmalar muallifi. "Sadoi Turkiston" gazetada adabiy xodim (1914—15), Eski shahar (1918—23) va Toshkent viloyat xalq maorif boʻlimlarida mudir (1924), ayni paytda lbosqich maktablari, taʼlim va tarbiya bilim yurtlarida oʻqituvchi va mudir (191822). R. 1924-yilda Moskvada oʻzbek yoshlari uchun tashkil etilgar Buxoro Maorif uyi va ishchilar fakultetiga mudir etib yuborilgan. 1930—31 yillarda "milliy ittihodchilar" ustidan boʻlib oʻtgan suddan keyin Toshkentga qaytib, maorif tizimidagi muassasalarda ishlagan. 1937-yil 5 avgustda "xalqdushmani" sifatida qamoqka olinib, koʻp oʻtmay, 1938-yil 10-aprelda otib tashlangan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |