Shayboniynoma (Muhammad Solih)
Shayboniynoma — oʻzbek xoni Muhammad Shayboniy tarixi toʻgʻrisida tarixiy-jangnoma doston. Oʻzbek tarixchisi va shoiri, Muxammad Solihning asari. Turkiy tilda (chigʻatoy yoki eski oʻzbek tilida) yozilgan.
Asar 1506-yilda yozib tugallangan.. Doston Muhammad Shayboniyning temuriylarga qarshi olib borgan harbiy yurishlari tasviriga bagʻishlangan. Shayboniynoma 8902 misradan iborat boʻlib, 76 bobdan tashkil topgan. 16 bob dostonning muqaddimasi, shundan 1—3-boblar hamd va naʼtlardir. 4-bob soʻz taʼrifiga, 5—14-boblar Shayboniyxonning tavsif va taʼrifiga bagʻishlangan; 15-bob esa „Kitob nazmining sababi“ bayonidadir. 16-bob Mullo Abdurahim haqida. Asarning syujeti — asosiy qismi 17-bobdan boshlanadi. Keyingi boblarda 1499—1500; 1505—1506-yillarda roʻy bergan tarixiy voqealar xronologik izchillikda bayon etilgan[1].Bu qonli kurashlarning shohidi va ishtirokchisi bo'lgan Muhammad Solih o'z ko'zi bilan ko'rgan,o'zi qatnashgan voqealarini bayon qiladi.[2]
Dostonda Shayboniyxonning 1499-1500-yillarda Turkistondan Samarqandga qo'shin tortib kelishi,Samarqandni bosib olish uchun qilingan ilk urinishlarning barbod bo'lishi va chekinishi,Buxoro viloyatining hokimi Boqi Tarxon va uning qo'shini Dabbusiy qo'rg'onida(hozirgi Ziyovuddin yaqinida) qamal qilib,Buxoroni bosib olishi,Qorako'l,Qarshi,G'uzor va boshqa hududlarda aholi qo'zg'olonlarining qattiqqo'llik bilan bostirilishi,Samarqandni 6 oy qamal qilinishi,Boburning Samarqandni tashlab chiqishga majbur bo'lishi,Shayboniyxonning Samarqandni,keyinroq Andijon,Toshkent,Hisor,Badaxshon va boshqa viloyatlarni zabt etishi birma-bir bayon etiladi.Doston 1504-1506-yillarda Shayboniyxonning Xorazmga yurishi,uni egallab olib,g'alaba bilan Buxoroga qaytishi tasviri bilan tugaydi.
"Shayboniynoma"ning 1510-1511-yillarda Qosim ismli kotib tomonidan ko'chirilgan eng eski qo'lyozma nusxasi Venada saqlanadi.Nastaliq uslubida yozilgan bu nusxa 218 varaqni tashkil etib,unda jang va ziyofat manzaralarini tasvirlovchi 9 ta miniatyura ham keltiriladi.Aynan shu qo'lyozma asosida G.Vamberi 1885-yilda Venada dostonning asl tekstini va uning nemis tiliga o'girilgan tarjimasini chop ettirgan edi.1904-yili esa shu qo'lyozma asosida rus turkshunosi P.M.Melioranskiy Peterburgda "Shayboniynoma"ning asl matnini nashr ettirib,Vamberi nashridagi kamchiliklarni tuzatadi va o'sha nusxadagi 2 ta mimiatyurani ham kitobga kiritadi.Asar 1961-yili O'zbekiston Fanlar akademiyasi nashriyoti tomonidan to'la nashrdan chiqariladi.Muhammad Solih va uning ijodi A.Ibrohimov tomonidan tadqiq etilib,kandidatlik dissertatsiyasi yozilgan
Dostonda XVI asrning boshlaridagi Markaziy Osiyo xalqlarining turmush tarzi, kasb-kori, harbiy hunariga doir qiziqarli maʼlumotlar ham mavjud. Dostonda Sulton Mahmud, Temur Sulton, Bobur, Husayn Boyqaro, Boqi Tarxon, Sulton Ali, Badiuzzamon singari oʻnlab tarixiy siymolar ham tasvirlangan.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oʻzbek adabiyoti tarixi [5j.li], 1j., 1977.
- Muhammad Solih. „Shayboniynoma“, Toshkent, 1961
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |