Kontent qismiga oʻtish

Schotlar rejasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Schyotlar rejasi

Schyotlar rejasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Schyotlar rejasi - buxgalteriya hisobi ob'ektlari va maqsadlariga qarab ularning soni, guruhlanishi va raqamli belgilanishini ta'minlaydigan buxgalteriya hisoblari tizimi. Schyotlar rejasi sintetik (birinchi tartibli schyotlar) va tegishli analitik hisoblarni (subhisob yoki ikkinchi tartibli schyotlar) o‘z ichiga oladi. Schyotlar rejasini tuzish buxgalteriya hisobi ko'rsatkichlarining joriy hisobot ko'rsatkichlari bilan muvofiqligini ta'minlaydi.

Buxgalteriya hisobining schyotlarida o‘zgarishlarni ko‘rsatish uchun ikki yoqlama yozish usuli qo‘llaniladi. Ya'ni har qanday operasiya ikki marta aks ettiriladi – bitta schyotning debetida va o‘zaro bog‘langan ikkinchi schyotning kreditida. Har bir schyot o‘z nomi, raqami va maqsadiga ega.

Tartibga solish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

O‘zbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobining schyotlar rejasi 21-son BHMS bilan tartibga solingan. Tashkilotlar uning asosida o‘z buxgalteriya hisobining ishchi schyotlar rejasini tasdiqlaydilar. Ularning aksariyati, ayniqsa kichik tashkilotlarga BHMSda belgilangan barcha schyotlardan foydalanishning hojati yo‘q. Buxgalter ma'lum bir korxonaga zarur bo‘lgan, barcha schyotlar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan aktual ishchi rejani ishlab chiqadi.

Buxgalteriya hisobi schyotlaridan qanday foydalanish kerak? Buning uchun 21-son BHMS ga 2-ilova da tasdiqlangan, buxgalteriya hisobi schyotlarida buxgalteriya operasiyalarini aks ettirish tartibini tartibga soluvchi maxsus Yo‘riqnoma mavjud. Yo‘riqnomada har bir schyotning batafsil tavsifi, undan foydalanish bo‘yiicha tavsiya, rejadan foydalanish qulayligini ta'minlaydigan, operasiyaning mohiyatiga qarab qo‘llaniladigan standart buxgalteriya yozuvlari mavjud. Bundan tashqari, chetdagi o‘ng ustunda schyotlar qaysi guruhga tegishli ekanini tushunishga yordam beruvchi shartli belgilar mavjud:

  • Aktiv
  • Kontr-aktiv
  • Passiv
  • Kontr-passiv
  • Tranzit
  • Balansdan tashqari

Ishchi reja mazmuni quyidagilarga bog‘liq:

  1. sanoatning o‘ziga xos xususiyatlari;
  2. korxona faoliyatining ko‘lami va yo‘nalishi;
  3. tashkiliy-huquqiy shakli; alohida hisob yuritish zaruriyati;
  4. buxgalteriya hisobotlarini shakllantirishga qo‘yilgan talablar.

Korxona buxgalteriya hisobi tizimi tahlilini mustaqil belgilaydi. Asosiysi, tahlil ko‘rsatkichlari sintetik schyotlar qoldiqlari va aylanmalar bilan mos kelishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi byudjet hisobining standarti (2-sonli BHМS) «Yagona schyotlar rejasi» O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq byudjet hisobini normativ tartibga solish tizimining elementi hisoblanadi. Mazkur Standart g‘aznachilik xizmati bo‘linmalari (bundan buyon matnda g‘aznachilik bo‘linmalari deb yuritiladi), iqtisodiyot va moliya organlari, davlat va boshqa maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlar, barcha byudjet tashkilotlariga tatbiq etiladi. Ushbu Standartda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llanadi:

aktiv schyot (A) — bu aktivlarni aks ettirishga mo‘ljallangan schyot bo‘lib, unda iqtisodiy resurslarning qoldig‘i va ko‘payishi schyotning debetida, kamayishi esa kreditida aks ettiriladi;

analitik schyot — byudjet hisobi ob'ektlari haqidagi batafsil hisob axborotini shakllantiruvchi schyot. Byudjet tashkilotlari yagona schyotlar rejasiga qo‘shimcha analitik schyotlardan foydalanishi mumkin;

balansdan tashqari schyotlar (BTC) — bu byudjet tashkilotiga qarashli bo‘lmagan, lekin uning vaqtinchalik tasarrufida bo‘lgan, aktivlarning mavjudligi va harakati, shartli huquq va majburiyatlar haqidagi axborotlarni umumlashtirishga mo‘ljallangan schyotlar. Bu schyotlar boshqa schyotlar bilan o‘zaro bog‘lanmaydi va byudjet tashkilotining hisobotlarida aks ettirilmaydi;

daromadlar bo‘yicha debitorlik — byudjet tizimi byudjetlarining va boshqa byudjetdan tashqari jamg‘armalariga daromadlarni hisoblanishi asosida yuzaga keladigan debitorlik;

ichki hisob-kitob markazlari — o‘zida g‘aznachilik bo‘linmalarining tegishli filiallari mablag‘larini hisobini yurituvchi, g‘aznachilik bo‘linmalarining bir filialini ichida hamda filiallari o‘rtasida to‘lovlarni amalga oshirilishini ta'minlovchi axborot tizimi;

kassa metodi — buxgalteriya hisobida barcha operasiyalar, daromadlar, xarajatlar va boshqa hodisalar, ular uchun pul va uning ekvivalentlari qabul qilinganida yoki to‘langanida qayd etiladigan buxgalteriya hisobi metodi;

kontr-aktiv schyot (KA) — aktiv schyotning salьdosidan chegiriladigan moliyaviy hisobotda aktivning sof qiymatini aks ettiruvchi schyot;

kontr-passiv schyot (KP) — passiv schyotning salьdosidan chegiriladigan moliyaviy hisobotda majburiyat yoki sarmoyaning sof qiymatini aks ettiruvchi schyot;

passiv schyot (P) — bu majburiyat va sarmoyani aks ettirishga mo‘ljallangan schyot bo‘lib, unda majburiyat va sarmoyaning qoldig‘i va ko‘payishi schyotning krediti bo‘yicha, kamayishi esa debetida aks ettiriladi;

sintetik schyot — byudjet hisobi ob'ektlari haqidagi ma'lumotlarni muayyan iqtisodiy belgilari bo‘yicha umumlashtirilgan axborotni shakllantiruvchi schyot;

tranzit schyotlar (T) — bu hisobot yili davrida foydalaniladigan, lekin hisobot davri oxirida qoldiqqa ega bo‘lmaydigan vaqtinchalik hisobga oluvchi hamda moliyaviy natijalarni aks ettiruvchi schyotlar;

tranzit hisobvaraq — pul mablag‘larini vaqtinchalik hisobga oluvchi hisobvaraq;

xarajatlar — byudjet tizimi byudjetlarining va boshqa byudjetdan tashqari jamg‘armalarining pul mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan xarajatlar;

xarajatlar bo‘yicha majburiyatlar — byudjet tizimi byudjetlarining va boshqa byudjetdan tashqari jamg‘armalarining mablag‘lari hisobidan xarajatlarning hisoblanishi asosida yuzaga keladigan majburiyatlar;

hisob-kitoblar markazi — o‘zida yagona g‘azna hisobvarag‘ini hamda ichki hisob-kitob markazlarini qamrab olgan, yagona g‘azna hisobvarag‘iga mablag‘larni kirim qilinishini, xarajatlarini amalga oshirilishini va qaytarilishini hamda ichki hisob-kitob markazlari orqali g‘aznachilik bo‘linmalarining bir filialini ichida hamda filiallari o‘rtasida to‘lovlarni amalga oshirilishini ta'minlovchi axborot tizimi;

hisoblangan daromadlar — byudjet tizimi byudjetlariga yoki boshqa byudjetdan tashqari jamg‘armalarga o‘tkazib berilishi hisobga olingan daromadlar;

hisoblangan xarajatlar — byudjet tizimi byudjetlari va boshqa byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘laridan g‘aznachilik bo‘linmalarida hisobga olingan moliyaviy majburiyatlar;

hisoblangan haqiqiy xarajatlar — byudjet tashkilotlari tomonidan byudjet yoki byudjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha hisoblangan xarajatlar;

hisoblash metodi — buxgalteriya hisobida sodir bo‘lgan barcha operasiyalar va boshqa hodisalar, ular sodir bo‘lgan paytda qayd etiladigan (pul mablag‘lari va uning ekvivalenti kelib tushgan yoki to‘lanishidan oldin) buxgalteriya hisobi metodi.

G‘aznachilik bo‘linmalari, davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlar O‘zbekiston Respublikasining byudjet tizimi byudjetlarining va boshqa byudjetdan tashqari jamg‘armalarining hamda byudjet tashkilotlari moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining byudjet hisobini mazkur Standartning 1-ilovasida keltirilgan yagona schyotlar rejasiga muvofiq yuritadi. Byudjet tashkilotlari mazkur Standartda keltirilgan Byudjet tashkilotlarining byudjet hisobida yagona schyotlar rejasini qo‘llash tartibiga muvofiq byudjet hisobini tashkil etadi. Byudjet tizimi byudjetlarining va boshqa byudjetdan tashqari jamg‘armalarning byudjet hisobida yagona schyotlar rejasini qo‘llash mazkur bob hamda ushbu Standartning 2-ilovasidagi na'munaviy o‘tkazmalar asosida amalga oshiriladi.

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI Buxgalteriya hisobi milliy standartini (21-son) tasdiqlash to‘g‘risida "XO‘JALIK SUBYEKTLARNING MOLIYA-XO‘JALIK FAOLIYATI BO‘YICHA HISOBLAR REJASI VA ISHLAR BO‘YICHA QO‘LLANMALAR" 23.10.2002
O‘zbekistonda buxgalteri hisobining schyotlar rejasi
Hisoblar rejasidan foydalanish bo'yicha ko'rsatmalar