Kontent qismiga oʻtish

Saylov komissiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Saylov komissiyasi (OʻzRda) -mamlakat prezidenti va vakillik organlariga oʻtkaziladigan saylovlarni tashkil etuvchi maxsus kollegial organ. Saylov komissiyalari tizimi, ularni tashkil etish tartibi va vakolatlari, odatda, saylovlar toʻgʻrisidagi qonunlar bilan belgilanadi. Mas, "Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida"gi konunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tashkil etish va uni oʻtkazish quyidagi saylov komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi: Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Saylov komissiyasi; Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug Saylov komissiyasi; Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi uchastka saylov komissiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylov utkazuvchi saylov komissiyalari tizimi quyidagicha: Markaziy Saylov komissiyasi; okrug saylov komissiyalari; uchastka saylov komissiyalari. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining yuqori palatasi — Senatga saylov oʻtkazish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi va har bir viloyatda Markaziy Saylov komissiyasi tomonidan bittadan faqat okrug Saylov komissiyasi tuziladi.

Xalq deputatlari, viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish uchun xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov oʻtkazuvchi viloyat Saylov komissiyasi; xalq deputatlari tuman Kengashiga saylov oʻtkazuvchi tuman Saylov komissiyasi; xalq deputatlari shahar Kengashiga saylov utkazuvchi shahar Saylov komissiyasi; shuningdek, shahar va tuman xalq deputatlari Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug va uchastka saylov komissiyalari tuziladi.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga saylovlar vaqtida fuqarolar yigʻinlariga amaliy yordam koʻrsatish vaqtida saylovni tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, tuman va shahar komissiyalari, shaharcha, mavze, qishloq, ovul, mahalla ishchi guruxlari tuziladi.

Oʻzbekistonda Markaziy Saylov komissiyasi doimiy ishlovchi organ. Boshqa komissiyalar faqat saylov oʻtkazish uchun tuziladi va saylov tugagach, faoliyati toʻxtaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini utkazuvchi saylov komissiyalari va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi saylov komissiyalari tuzilishi va tarkibi jihatdan bir xil boʻlishi taʼminlanadi. Birinchi holatda okrug Saylov komissiyasi saylov tayinlangandan keyin Markaziy Saylov komissiyasi tomonidan 20 kundan kechiktirmay rais, uning urinbosari, kotib va kamida 6—8 nafar aʼzodan tuziladi. Ikkinchi holatda esa okrug Saylov komissiyasi Markaziy Saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida 70 kun qolganda rais, rais oʻrinbosari, kotib va yana kamida 6 nafar aʼzodan iborat tarkibda tuziladi.

Okrug Saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent sh. Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi va Markaziy Saylov komissiyasiga tasdiklash uchun tavsiya etiladi. Uchastka Saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi va tegishli okrug Saylov komissiyasiga tasdiklash uchun tavsiya etiladi. Saylov komissiyasi aʼzolari jamoatchilikning obroʻli vakillari orasidan tayinlanadi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil