Sarbadorlar
Sarbadorlar — 14 asrda moʻgʻullar va boylar zulmiga qarshi Eron va Movarounnaxr xalq qoʻzgʻoloni qatnashchilari.
Qoʻzgʻolonga keng xalq ommasi — ziroatchi, hunarmand, ziyoli, mayda yer egalari, kambagʻallar ishtirok etishgan. 1337-yil Sabzavor vaziri (hokimi)ning jiyani Boshtin qishlogʻiga kelib, aholidan sharob va parichehralar talab qildi. Shu kechasi uni qoʻlga olib oʻldirdilar. Tong otgach, Boshtin qishlogʻi chekkasida dor tikdilar. Marhumning salla va taqya (doʻppi)sini dorga ilib, toshboʻron qildilar, oʻqqa tutdilar. Bu zolimlarning boshi dorda boʻlgʻusi, deganlari edi. Qasoskorlar oʻzlarini sarbadorlar deb atadilar; shu yerda 700 kishi qasamyod qildi. Xon yuborgan qoʻshinlarni yengib S. Sabzavorni egallab, bu yerda oʻz davlatlarini tuzdilar. S. davlati 50 yilcha hukm surdi.
S. hukmdorlari: Abdurazzoq (1337—38), Xoja Masʼud ibn Fazlulloh Boshtiniy (1338—44), Ogʻamuhammad Temur (1344—46), Kolu Isfandiyor (1346—47), Xoja Shamsiddin ibn Fazlulloh (1347—49), Xoja Ali Shamsiddin Chashmiy (1349— 55), Amir Yahyo Kurrobiy (135558), Xoja Zahiriddin Kurrobiy (1358— 59), Paxlavon Haydar qassob (1359— 60), Amirzoda Lutfulloh ibn Xoja Masʼud (1360—61), Pahlavon Hasan Domgʻoniy (1361—65), Xoja Najmiddin Ali Muayyad (1365—86).
Samarqandda (1365—66) va Kermonda (1373—74) S. qoʻzgʻolonlari boʻlib oʻtgan (yana qarang Sarbadorlar qoʻzgʻoloni). [1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |